O‘zbekiston | 18:31 / 23.01.2023
27064
3 daqiqa o‘qiladi

Sifatsiz benzin sotgan va narxni asossiz oshirgan shoxobchalarga cheklovlar o‘rnatildi

109 ta AYoQSh qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan, ularga benzin xarid qilish cheklandi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston bo‘yicha 109 ta tadbirkorlik sub’yektiga tegishli xususiy AYoQSh bir qator qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan — narxni asossiz ravishda oshirish, kamomadga yo‘l qo‘yish, sifatsiz mahsulot tarqatish, kam quyish va boshqa holatlar, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Ularning soni Andijon viloyatida 4 ta, Buxoro viloyatida 8 ta, Jizzax viloyatida 4 ta, Qashqadaryo viloyatida 19 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta, Namangan viloyatida 4 ta, Samarqand viloyatida 26 ta, Surxondaryo viloyatida 1 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Toshkent shahrida 7 ta, Farg‘ona viloyatida 22 ta hamda Xorazm viloyatida 4 tani tashkil qiladi.

Misol uchun, Andijon viloyati, Izboskan tumanida joylashgan «Ravon oil texservis» korxonasiga qarashli shoxobchada Ai-92 rusumli benzinning sifati buzilganligi, Ai-80 rusumli benzin narxi oshirib sotilayotgani (7 000 so‘m) aniqlangan.

Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan «Buyuk kurgon» korxonasiga qarashli shoxobchada Ai-92 rusumli benzinning sifati buzilgani, Xo‘jaobod tumanida joylashgan «vodiy trans oil» korxonasiga qarashli shoxobchada Ai-80 rusumli benzin narxi oshirib sotilayotgani (7 000 so‘m) va Ai-92 rusumli benzin sifati buzilgani aniqlangan.

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida joylashgan Shirin xususiy korxonasiga qarashli shoxobchada Ai-92 (5 001 litr) rusumli benzin sifatsiz ekani, Tuproqqal’a tumanidagi «Avtogaz Muqaddas» korxonasiga qarashli shoxobchada Ai-80 rusumli benzinni kam quyish holati aniqlangan.

Namangan viloyati, Uychi tumanidagi «Davr plyus» va Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Furqatjon oil» korxonasiga qarashli shoxobchada Ai-92 rusumli benzin sifatsiz ekani aniqlangan.

«Mazkur tadbirkorlik sub’yektlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar birja savdolari orqali Ai-80 rusumli benzin xarid qilishga cheklovlar o‘rnatildi va nazoratga olindi. Qonun buzilish holatlariga huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan huquqiy baho berilmoqda», deyiladi xabarda.

Energetika vazirligining ta’kidlashicha, benzin yetarli miqdorda birja savdolariga chiqarilmoqda. Xususan, oy boshidan har kuni o‘rtacha 7137 tonna benzin birja savdolari orqali sotuvga qo‘yilgan. Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli barcha avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) Ai-80 markali benzinning 1 litri 5700 so‘mdan sotilmoqda.

Mavzuga oid