Vayronalar orasidagi limanliklar, istilo ostidagi Kreminna hayoti. Urush suratlari
Ukrainada urushning 333-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukrainalik razvedkachi va RF bilan muzokaralar ishtirokchisi Denis Kireyev Ukraina xavfsizlik xizmati avtomobilida o‘ldirilgan, bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov ma’lum qildi. Uning aytishicha, Kireyev ikkiyoqlama agent bo‘lishi mumkin emasdi, uning vazifasi Rossiya bilan 2022 yil martidagi muzokaralarda jarayonni cho‘zish va bu orqali Ukraina qurolli kuchlari uchun vaqtdan yutishga imkon berish bo‘lgan.
- Ukrainalik jurnalistlar o‘z mamlakati mudofaa vazirligini harbiy xizmatchilar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini bozor narxidan ikki-uch barobar qimmatga xarid qilishda gumonladi. Vazirlik bu boradagi surishtiruv «chalg‘ituvchi fikr» ekanini bildirib, bu borada Ukraina xavfsizlik xizmatiga murojaat qilishga va’da berdi. Davlat auditorlik xizmati tuzilgan harbiy shartnomalarni tekshirishga kirishdi.
- Polsha hukumati nemis tanklarisiz ham «kichik koalitsiya» Ukrainaga tanklar yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi.
- Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson Ukrainaga keldi. U Bucha va Borodyankada bo‘ldi, shuningdek Kiyevda Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.
- Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berilishi fonida G‘arb davlatlariga «global falokat» va «yakson etish» bilan tahdid qildi.
Dniproda xotirlash marosimi
Limandagi hayot
Ukraina qurolli kuchlari oktyabr oyi boshida Donetsk oblastining Liman shahrini qaytarib olgandi. Bu kuz o‘rtalaridagi qarshi hujum natijasi bo‘lgandi — bungacha Rossiya armiyasi to‘rt oy davomida ushbu shaharni okkupatsiya qilib turgandi. RF mudofaa vazirligi o‘shanda Liman boy berilishini qo‘shinlarni «nisbatan qulayroq pozitsiyalarga olib o‘tish» zarurati bilan izohlagandi. Shahar hamon otishmalardan jabr chekmoqda, aholi yerto‘lalarda yashashga majbur bo‘lmoqda.
Istilo ostidagi Kreminna
Aprel oyi o‘rtalariga kelib Luhansk oblastidagi Kreminna shahrida ko‘cha janglari yakunlangan va rossiyalik harbiylar shaharni o‘z nazoratiga olgandi. Kreminna Luhanskdan taxminan 125 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan, Lisichanskdan esa 33 km masofada. Kreminna Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi maqsadlaridan biri: hozirga qadar ukrainlar rossiyaliklarning ushbu hududdagi pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gaydayga ko‘ra, rossiyaliklar shaharga qo‘shimcha kuchlar keltirgan. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti tahlilchilari hisoblashicha, yaqin vaqtlar ichida Rossiya qo‘shini Luhansk oblastida yirik yurish boshlashi mumkin.