Jamiyat | 16:20 / 24.01.2023
29775
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida chaqiruv asosida kelgan tibbiyot xodimi kaltaklandi

Bemor ayolning o‘g‘li erkak xodimlar kelganidan jahli chiqib, feldsherni urgan. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida chaqiruv asosida kelgan tibbiyot xodimiga xonadon egasi tomonidan jarohat yetkazildi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 23 yanvar kuni soat 16:30 larda Toshkent tumani TTYoB erkak xodimlari (shifokor va feldsher) xizmat vaqtida kelib tushgan chaqiruvga asosan, tuman «Qorabo‘riq» MFYga yetib borgan.

Xonadonda yiqilib tushib, jarohat olgan bemor ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan vaqtda, ayolning o‘g‘li (1999 yilda tug‘ilgan O‘.A.) kirib kelib, nega ayol hamshira kelmadi, deb janjal qilgan.

Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari xizmat vazifasini bajargan va zaruratga ko‘ra bemorni shifoxonaga olib borgan.

Shu vaqtda bemorning o‘g‘li kelib, tushuntirishlarga qaramay, janjalni davom ettirgan va feldsher — 1993 yilda tug‘ilgan U.U.ni urib, tan jarohati yetkazgan. Uning olgan tan jarohatlari bo‘yicha tibbiy ekspertiza tayinlangan.

O‘.A. IIB xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent tumani IIB tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid