Jahon | 14:27 / 24.01.2023
11179
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada harbiylar ta’minotidagi ehtimoliy talon-torojliklar o‘rganilyapti

Ukraina milliy aksilkorrupsiya byurosi va korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturasi Mudofaa vazirligi tomonidan harbiylar uchun 13 milliard grivnadan ortiq miqdorda oziq-ovqat sotib olishda yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan suiiste’mollik holatlarini tekshirmoqda.

Foto: Telegram / nab_ukraine

Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (UMKB) va mamlakatning Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuraturasi (KQP) jinoiy ish doirasida Mudofaa vazirligi tomonidan harbiylar uchun 13 milliard grivna (323,5 million yevro)dan ortiq miqdorda oziq-ovqat sotib olishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suiiste’mollik holatlarini tekshirmoqda. Bu haqda 23 yanvar, dushanba kuni UMKB Telegram'da ma’lum qildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, tergov «voqealar rivojiga ko‘ra» va «OAVda rezonansli ma’lumotlar» paydo bo‘lishidan avval boshlangan. Dastlabki huquqiy kvalifikatsiya - Ukraina Jinoyat kodeksining 191-moddasi 5-qismi («o‘zlashtirib olish, o‘zlashtirish yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘li bilan egallab olish, katta miqdorda yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilganda»).

UMKB «tergov siri» munosabati bilan hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

Ayni paytda, Mudofaa vazirligining xabar berishicha, 21 yanvar kuni uning rahbari Oleksiy Reznikov Ukraina Oliy radasi Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi raisi Aleksandr Zavitnevichga zudlik bilan qo‘mita yig‘ilishini o‘tkazishni so‘rab, shaxsan murojaat qilgan. Unda UMKB va Davlat tergov byurosi vakillari ishtirokida 2023 yil uchun harbiy xizmatchilarga oziq-ovqat xarid qilish tartibi, holatlari va natijalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot tinglanadi.

Mudofaa vazirligi, shuningdek, keng jamoatchilikka tarqatilgan xaridlar mazmuni haqidagi ma’lumotlar «qasddan manipulyatsiya belgilari bilan tarqatilgani va chalg‘ituvchi» ekanligini da’vo qilmoqda.

Idora «maxsus davrda mudofaa manfaatlariga zarar yetkazuvchi yolg‘on ma’lumotlarning ataylab tarqatilishi bo‘yicha tergov o‘tkazish uchun» Ukraina Xavfsizlik xizmatiga taqdim etishga materiallar tayyorlamoqda», deb xabar berildi.

Vazirlik «korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik» tamoyiliga amal qilishini va «ichki audit» o‘tkazishini ma’lum qildi. «Mudofaa vazirligi mansabdor shaxslari faoliyatida qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

21 yanvar, shanba kuni Ukrainaning «Zerkalo nedeli» nashri (zn.ua) Ukraina Qurolli kuchlaridagi manbaga tayangan holda «Mudofaa vazirligining 2023 yilda harbiy qismlar uchun ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi kelishuvi»ni e’lon qildi. Unda to‘qnashuv chizig‘idan uzoqda joylashgan Poltava, Sumi, Kiyev, Jitomir, Chernigov va Cherkassk viloyatlarida joylashgan harbiy qismlar haqida so‘z boradi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 13,16 mlrd grivna miqdoridagi kelishuv 2022 yil 23 dekabrda tuzilgan. «Eng ommabop mahsulotlarning narxi 2-3 baravar qimmat bo‘lib chiqdi», — deydi jurnalist. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi amaldagi shartnomani «Aktiv kompani» bilan imzolagan. 2021 yilda soliq xizmati ushbu kompaniyaning QQS to‘lovchi sertifikatini yetkazib berish yo‘qligi va deklaratsiyalar taqdim etilmagani sababli bekor qilgan, deb xabar berdi «Zerkalo nedeli».

Avvalroq, urushning 334-kuni yakunlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy turli darajadagi amaldorlar orasida «kadrlar bo‘yicha qarorlar»ni e’lon qilgan edi. Shu tariqa, Kirilo Timoshenko 23 yanvardagi ariza suratini e’lon qilib, Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari lavozimidan ketishini tasdiqladi. «Bizning ishimizga ishonch bildirgani uchun barcha ukrainaliklarga minnatdorchilik bildiraman!» deb yozgan u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid