Jamiyat | 10:05 / 25.01.2023
20983
3 daqiqa o‘qiladi

SSV Toshkent tumanida kaltaklangan tibbiyot xodimining ahvoli bo‘yicha ma’lumot berdi

Toshkent tumanida bemorning o‘g‘li chaqiruvga ayol emas, erkak feldsher kelgani uchun xodimni kaltaklagandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida chaqiruv asosida kelgan «Tez yordam» xodimiga xonadon egasi tomonidan jarohat yetkazilgani haqida xabarlar tarqalgandi.  Vazirlik o‘z xodimini kaltaklagan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlanganini ma’lum qildi.

«Aniqlanishicha, joriy yil 22 yanvar kuni soat taxminan 16:20 larda Toshkent tumani tez tibbiy yordam bo‘limiga Qorabo‘riq mahallasidan chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng soat 16:30 larda TTYo brigadasining erkak xodimlari — shifokor M.M. va feldsher U.U. belgilangan manzilga yetib borgan.

Xonadondagi muzlamada yiqilib, chap qo‘l suyagi yopiq sinishi jarohatini olgan bemor ayolga «103» brigadasi tomonidan darhol birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shu vaqtda uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li O‘.A. xonadonga kirib kelib, «nega ayol hamshira kelmadi», deya kurakda turmas so‘zlar bilan tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini haqorat qilgan.

Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari xizmat vazifasini bajargan va bemorni shifoxonaga olib borgan.

Shu vaqtda ayolning o‘g‘li kelib, janjalni davom ettirgan va feldsher — 1993 yilda tug‘ilgan U.U.ni kaltaklab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Oqibatda jabr ko‘rgan «Tez yordam» xodimi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon yonoq sohasi ko‘kargan jarohati, o‘ng tomonlama yonoq sohasi va periorbital sohaning teriosti gematomasi» tashxisi bilan shoshilinch neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. Hozir bemor belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalarni olmoqda», deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Ayni paytda 24 yoshli fuqaro O‘.A. ichki ishlar organlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid