Iqtisodiyot | 21:30 / 25.01.2023
20306
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya lirasi eng xatarli valuta maqomini oldi 

Hozirda u Rossiya rublidan ham xatarli deb baholanmoqda. 

Foto: Erhan Demirtas/Bloomberg

Turk lirasi jahon investorlari nuqtai nazaridan bo‘lajak prezidentlik saylovi arafasida va respublika iqtisodiyotidagi noaniqliklar oqibatida eng xatarli valuta sifatida baholanmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi. 

Investorlar aktivning xatarliligini opsionlar qiymatidagi farq orqali baholaydilar. Yanvar oyi oxirida turk lirasini AQSh dollariga nisbatan sotish opsionlari bilan turk valutasini sotib olish opsionlari o‘rtasidagi farq 13 foizga oshib, rivojlanayotgan mamlakatlarning barcha valutalari orasida mutlaq rekordga erishgan. Shu tarzda lira deyarli butun 2022 yil davomida dunyodagi eng xatarli valuta bo‘lib turgan Rossiya rublini ortda qoldirgan. 

Mutaxassislar liraning xatari ortib borayotganini Turkiyadagi prezidentlik sayloviga aloqador noaniqlik bilan bog‘lamoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an prezidentlik va parlament saylovi uchun ovoz berish sanasini ertaroqqa, 18 iyundan 14 mayga ko‘chirishi mumkinligiga ishora qilgan edi. Turkiya uzoq yillar davomida Erdo‘g‘anning Markaziy bank pul-kredit siyosati qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tasavvurini amalga oshirib kelmoqda. 

«Saylov arafasida Markaziy bank stavkani yana pasaytirishi xavfi bor va bularning barchasi bozor kutilmalariga sezilarli ta’sir ko‘rsata boshladi. Shunday qilib, opsionlar liraning hozirgi darajadan zaiflashishi xavfini aniqroq baholay boshladi», dedi TD Securities tahlilchisi Kristian Majio. 

Odatda regulyator inflatsiya va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish o‘rtasidagi muvozanatni topish uchun o‘z mexanizmlaridan foydalanadi. Ammo Erdo‘g‘an boshchiligidagi Markaziy bank hech qanday muvozanatni izlamayapti. Bir necha yillar davomida regulyator mamlakatdagi inflatsiya rekordlarni yangilayotganiga qaramay, stavkalarni rekord darajada past miqdorda ushlab turibdi. 

Lira kursini umumiy halokatdan valuta intervensiyalari saqlab turibdi. Biroq, saylov sanasining o‘zgarishi pul-kredit siyosati o‘zgarishini ham anglatishi mumkin. Bu esa investorlar orasida savollar tug‘dirmoqda. 

Mavzuga oid