Ukrainaga ajratilgan pullar noto‘g‘ri ishlatilmagan - AQSh
AQSh Moliya vazirligi tekshiruvlardan so‘ng shunday xulosaga keldi.
Qo‘shma Shtatlar tomonidan Ukrainaga ajratilgan moliyaviy yordam noto‘g‘ri ishlatilmagan. Biroq, Vashington korrupsiyaning oldini olish uchun zarur bo‘lgan kafolatlarni ta’minlash maqsadida Kiyev bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi.
Reuters agentligining yozishicha, AQSh Moliya vazirligi shunday izoh bergan. Bu so‘nggi haftalarda Ukrainada avj olgan korrupsiya mojarolari fonida departamentning birinchi bayonotidir.
«Bizda AQSh mablag‘lari Ukrainada noto‘g‘ri ishlatilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Biz Ukraina rasmiylarining AQSh yordami ko‘zlangan manzilga yetib borishini ta’minlash uchun tegishli kafolatlar berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishlaymiz», dedi g‘aznachilik vakili Megan Apper.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik Jahon banki bilan AQSh moliyaviy yordamini kuzatib borish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.
O‘tgan haftalarda jurnalistik surishtiruvlar natijasida Ukrainada harbiy qismlar uchun generatorlar va oziq-ovqat sotib olish bo‘yicha korrupsion sxemalar fosh qilingan edi.
Harbiy xizmatga majbur amaldorlarning chet elga ketishi haqidagi ma’lumotlar ham katta rezonansga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Ukraina Vazirlar Mahkamasi tegishli taqiqni kiritdi, lekin ba’zi istisnolar bilan.
Janjallar fonida lavozimdan chetlatish to‘lqini kuzatildi. Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Shapovalov, Hududlarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Negoda va 5 viloyat rahbari o‘z lavozimidan ayrildi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays bunga munosabat bildirib, Vashington Zelenskiyning korrupsiyaga qarshi kurashda «tezkor va qat’iy harakatini olqishlaydi» dedi.