Jamiyat | 16:37 / 03.02.2023
44103
7 daqiqa o‘qiladi

Notarius: shafqatsiz “ajdaho”dan mijozga qulay idoraga aylangan tizim

Bir eslab ko‘ring: yaqin o‘tmishda notarial idora ish bitishi qiyin bo‘lgan, olib borilgan hujjatlardan albatta kamchilik topadigan va qaytaradigan, ko‘zini lo‘q qilib pora oladigan tashkilot edi. Bu holat O‘zbekistonda xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan keyin ham davom etdi. 2010 yilda esa barcha xususiy notariuslar litsenziyasi bir kunda bekor qilindi va shu paytgacha ham juda abgor bo‘lgan soha haqiqiy to‘polonlar makoniga aylandi. Fuqarolar bitta oddiy hujjatni tasdiqlash uchun ham haftalab kutadigan bo‘lib qolishdi.

Hayotimizga kirib kelgan yaxshi o‘zgarishlarga tez ko‘nikamiz, yutuqlarni oson unutamiz, e’tirof etishni munosib ko‘rmaymiz. Bizda negadir hamma soha ortda qolayotganday, hech narsa o‘rnidan siljimayotganday tasavvur uyg‘ongan. Lekin ayrim vazirliklar va sohalarda real islohotlar ko‘zga ko‘rinib qoldi.

Masalan: yaqin yillargacha ham ko‘chmas mulk sotish va sotib olish haqiqiy daxmaza edi. Keling, o‘sha davrdagi jarayonni oddiy tilda, bosqichma-bosqich tushuntirib o‘tamiz:

1. Xaridor bilan narx borasida kelishib, bo‘nak, ya’ni zaklad olinadi va uyni rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 10-15 kun muddat belgilanadi;

2. Xonadonda propiskada turganlar haqida ma’lumotni anglatuvchi Forma-17 ma’lumotnomasini olishga boriladi. Uni beruvchi tashkilot seshanba kuni tushdan keyin, payshanba va shanba kunlari tushgacha ishlaydi. Juda katta navbatlar, asabbuzarlik bilan kechadi;

3. Uy sizniki ekanini bildiruvchi ma’lumot olish uchun kadastrga borasiz. Qo‘lingizda hujjat bor, oldi-soti shartnomasi turibdi, uni shu kadastr tashkiloti tasdiqlagan. Yo‘q, navbatda turib, diqqat bo‘lib, pulini to‘lab, o‘rtacha 5-7 kunda ma’lumotnomani olasiz. Tezlashtirmoqchi bo‘lsangiz “qistirasiz”, undayam 2 kunda qilib berishadi. Odatda hamma qistiradi va hamma kutadi;

4. Kommunal xizmatlardan ma’lumot olish uchun ishga kirishasiz. “Issiq suv” degan bir tashkilot borki, uning ma’lumotnomasini olish AQSh vizasidan ham qiyin bo‘lgan bo‘lsa kerak. Avval ariza berasiz. Kelib “schetchik”ni ko‘rib ketishadi. Keyin F-17 bilan birga 7-8 ta hujjat topshirasiz. To‘lovlarni qilasiz. Ana undan keyin navbatda turasiz. Bu yerda ham rosa odam, ya’ni “uzat-uzat” avjida. Hamma noiloj, pul berish shart deb o‘ylaydi;

5. Sovuq suvdan kelishadi. Issiq suvdan sal osonroq. Lekin buyam bir sarguzasht. Kelib tekshiradigan inspektorni obdon kutasiz. Tezroq kelishi uchun nima qilishni hamma tushunadi;

6. Murojaatga ko‘ra gaz idorasidan ham kelishadi. Hamma yoqni tekshiradi, allaqayerdan aql bovar qilmas qarzlar chiqib keladi. Hayratdan yoqa ushlaysiz va najot izlab gazchiga termulasiz. U “ha mayli, faqat sizga qilib beryapman” deganday iddaolar bilan cho‘ntagingizni qoqlab, bir parcha qog‘oz beradi. Ana shu qog‘oz bilan keyin borib ma’lumotnoma olasiz;

7. Xuddi shunday elektr, maishiy chiqindi, JEK, telefondan ma’lumotlar olasiz. Qaysidir nisbatan oson, qaysidir qiyinroq. Lekin hammasining ham o‘ziga yarasha bosh og‘riqlari bor.

Kelishilgan 10-15 kun ichida ulgursangiz-ku, xo‘p-xo‘p. Ko‘p hollarda ulgurmay ham qolinardi. Bu vaqt oralig‘ida xaridor aynib qolmasa bas. Chunki juda ko‘p shunday bo‘lardi. Bu muddat ichida xaridor uchun yaxshiroq boshqa uy chiqib qolishi mumkin, ba’zan sotuvchilarga oldingidan qimmatroq xaridor kelib qoladi va kelishuv buziladi. Buning ortidan yana sur-surlar...

Hammasi silliq ketsa, kelishuv buzilmasa, notariusga yo‘l olasiz. Mana bu yerda haqiqatan ham hamma to‘planib olgan! Tanishingiz bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p. Bo‘lmasa, oddiy kotibga borib hujjat ko‘rsatguncha tovoningiz yediriladi. Hujjatni topshirib, 2-3 kundan keyinga va’dalashsangiz, omadingiz. Notariusning oddiy xodimi, ya’ni yordamchisi hujjatlaringizni bir ko‘rib berguncha dimog‘idan qurt yog‘iladi.

Hamma dilxiraliklar ortda qolib, hujjatlar dastlabki tekshiruvdan o‘tadi. Bevosita shartnoma imzolash oldidan uy taqiqda bor-yo‘qligi, ya’ni “zapret” tekshiriladi. Qizig‘i, hatto shu notarius binosidagi tekshirish xonasidan ham qog‘oz olishga majbursiz. Ya’ni alohida ma’lumotnoma olinmasa, ish bitmaydi.

Uni ham olib, eng oxirgi nuqta – notariusga yetib borasiz. U ko‘zoynagi qiri bilan hujjatlarni obdan tekshiradi. Maqsad shu ishni bitkazish emas, biror kamchilik topib, qaytarib yuborishdek go‘yo. Iltimos qilasiz, “ataganingiz”ni sekin berasiz, xullas, yo‘l topasiz.

Qizig‘i, amallab “oformleniye” qilib olinganidan keyin sotib olgan odam yana kadastrga borishi shart edi. Chunki uyni sotib olganingizni qayta qayddan o‘tkazishingiz kerak. Yana o‘sha navbatlar...

Qisqasi, yaqin yillargacha biror tashkilot ikkinchisiga bog‘lanmagan, bog‘lanish niyati ham bo‘lmagan. Odam qadri yarim tiyin, faqat bir parcha qog‘oz gapiradi. Vaqti kelsa, bir tashkilot bergan qog‘ozni ikkinchisi tan olmaydi, hamma yoq korrupsiya uyasi edi.

* * *

Xo‘sh, hozir-chi? Hozir bu muammolar ancha yechimini topgan.

Xaridor bilan kelishasiz va birdan notariusga borasiz. Hamma tashkilotlar bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Notariusdagi xushmuomala xodimlar 2 daqiqa ichida taqiq va qarzlar bor-yo‘qligini tekshirib berishadi. Qarz chiqqan taqdirda ham oddiy telefondagi ilovalar orqali darhol to‘lash mumkin. Keyin birpasda uy oldi-sotdisi rasmiylashtiriladi. Shu yerning o‘zida kadastr qaydidan ham o‘tkazib olish mumkin. Uzog‘i bir soatda hamma ishlar bitadi. Hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, korrupsiyaga hojat ham, asabbuzarlik ham yo‘q. Navbat ham ko‘p emas, har muyulishda notarius. Ya’ni barcha xizmat turlari kabi, notarius faoliyati ham mijozga tez va sifatli xizmat ko‘rsatishdan manfaatdor tizimga aylandi.

Mana, istasa qilsa bo‘lar ekan-ku!

Albatta, hamma sohalar kabi bu yerda ham kamchiliklar hali bor. Internet uziladi, tizim ishlamay qoladi, ayrim joylarda navbatlar saqlanib qolgan. Lekin hammasi nisbiylikda baholanadi. Zero 3-4 yil oldin bugungi darajani orzu ham qilmagandik.

Abror Zohidov

Mavzuga oid