Fan-texnika | 00:55 / 05.02.2023
65460
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda birinchi marta sudya neyrotarmoq yordamida hukm chiqardi

Yuqori texnologiyalar adliya sohasiga ham kirib kelmoqda.

Foto: AFP

Kolumbiyaning Kartaxena shahridagi sudya Xuan Manuel Padilya Garsiya hukm chiqarishda ChatGPT neyrotarmog‘idan foydalanganini tan oldi. U buni vaqtni tejash zarurati bilan izohladi.

Ish autist bolani davolash uchun zarur bo‘lgan sug‘urta to‘lovlari bilan bog‘liq edi. Sudya sug‘urta kompaniyasi barcha transport va tibbiy xarajatlarini qoplashi kerak degan hukm chiqardi. 

Ma’lumot uchun, ChatGPT — sun’iy intellektga ega, ko‘pvazifali chat-bot hisoblanadi. U suhbat olib borishi, she’r, ssenariy yozishi va boshqa ko‘plab vazifalarni bajarishi mumkin.

Sudya so‘zlariga ko‘ra, u ChatGPT orqali Konstitutsiyaviy sud shunga o‘xshash ishlar bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilgani yoki yo‘qligini izlagan. Padilyaning ta’kidlashicha, u chat-botdan ko‘r-ko‘rona foydalanmagan, javoblarni tekshirgan va o‘zining huquqiy dalillari bilan teng ravishda qo‘llagan. Uning fikricha, neyrotarmoq sudyaning o‘rnini bosa olmaydi, lekin hujjatlarni tayyorlashni osonlashtiradi.

«Sun’iy intellektdan (SI) foydalanishdan maqsad — hech qanday holatda sudyaning almashtirilishini anglatmaydi. Aslida, biz hujjatlarni tayyorlashga sarflangan vaqtni optimallashtirishga intilamiz. SI javoblaridan ma’lumotlar tasdiqlangandan keyin foydalanildi», deyiladi qarorda.

Padilya Radio Blu efirida sud jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish majburiyatini yuklagan qonunni eslab o‘tdi.

«Sudyalar odil sudlov va texnologiya sohasidagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi kerak. Kolumbiyadagi pandemiyadan keyin biz sud tizimida innovatsiyalarni boshladik. Bugun bu ChatGPT bo‘lishi mumkin, ammo keyinroq sudyalarga yordam berish uchun ko‘proq vositalar paydo bo‘lishi mumkin. Bu sun’iy intellekt bizga tushunarli so‘zlar bilan juda aniq jumlalar tuzishga yordam beradi», dedi u.

Avvalroq, ChatGPT tarixdagi eng tez rivojlanayotgan servis-ilovaga aylanib, atigi ikki oy ichida obunachilari sonini 100 milliondan oshirgani va TikTok platformasidan o‘zib ketgani haqida xabar berilgan edi. ChatGPT servisi hali hamma mamlakatlarda ishlamaydi va faqat ingliz tilini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mavzuga oid