Jahon | 14:11 / 08.02.2023
12336
3 daqiqa o‘qiladi

WP: «ayg‘oqchi sharlar» - Xitoyning keng qamrovli kuzatuv dasturi bir qismi

The Washington Post gazetasining yozishicha, 4 fevral kuni AQSh qirg‘oqlari uzra urib tushirilgan «razvedka sharlari» beshta qit’ada payqalgan va Pekin tomonidan harbiy obektlar haqida ma’lumot olish uchun foydalanilmoqda.

Larry Mayer / The Billings Gazette / AP / Scanpix / LETA

AQSh janubi-sharqiy sohillari uzra urib tushirilgan ehtimoliy «razvedka shari» Xitoy rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli kuzatuv dasturining bir qismidir. Ko‘p yillar davomida bunday havo sharlari XXR uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan turli mamlakatlar va mintaqalardagi harbiy obektlar haqida ma’lumot to‘playdi, deb yozadi The Washington Post 7 fevral, seshanba kuni AQSh razvedka xizmatlaridagi manbalarga tayanib. 

Ularga ko‘ra, havo sharlari yordamida kuzatish Yaponiya, Hindiston, Vetnam, Tayvan va Filippin hamda boshqa davlatlar ustidan olib borilgan. Ular, jumladan, Xitoyning janubiy qirg‘og‘idagi Xaynan orolidan nazorat qilinadi, hozirgacha bunday sharlarni beshta qit’ada ko‘rishgan, deya ta’kidlanadi ma’lumotda. 

«Xitoyliklar boshqa mamlakatlar harbiylari haqida ma’lumot to‘plash uchun ajoyib eski texnologiyani zamonaviy aloqa va razvedka imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirmoqda», - deya iqtibos keltirgan The Washington Post AQSh ma’muriyatining ismi oshkor etilmagan rasmiy vakilidan. Gazetaning yozishicha, AQSh Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlarning barcha elchixonalariga uchinchi davlatlarga ham berilishi mumkin bo‘lgan «razvedka sharlari» haqida batafsil ma’lumot yuborgan. «Bizning ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bundan juda manfaatdor», — deya qo‘shimcha qildi manba. 

Bir necha kunlik kuzatuvlardan so‘ng 4 fevral kuni Janubiy Karolina qirg‘oqlari uzra urib tushirilgan Xitoyning ehtimoliy «razvedka shari» bilan bog‘liq voqea Vashington va Pekin o‘rtasida shusiz ham taranglashgan munosabatlarni yanada murakkablashtirdi. Xususan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy poytaxtiga 5 va 6 fevral kunlariga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Amerika diplomatiyasi rahbari o‘z qarorini «AQSh havo hududida Xitoyning yuqori balandlikdagi razvedka havo shari mavjudligi» bilan izohladi. 

Xitoy rahbariyati rasmiy Vashington va AQSh ommaviy axborot vositalarining ayblovlarini «asossiz spekulyatsiya va propaganda» deb rad etib, voqea «Xitoyni qoralash uchun bahona» sifatida ishlatilganini aytdi. Xitoy tomoniga ko‘ra, havo shari meteorologik maqsadlar uchun maxsus ishlab chiqilgan fuqarolik obekti bo‘lib, AQSh havo hududiga tasodifan kirib kelgan. 

Mavzuga oid