Jahon | 16:39 / 10.02.2023
9745
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sobiq gubernator Sergey Furgal 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori 2004-2005 yillarda tadbirkorlarni o‘ldirishga urinish va buni uyushtirishda aybdor deb topildi. Furgal o‘z aybini rad etdi.

Foto: RIA Novosti

Moskva viloyatining Lyubersi shahar sudi Xabarovsk o‘lkasi sobiq gubernatori Sergey Furgalni qattiq rejimdagi koloniyaga 22 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi 10 fevral, juma kuni.

Hukm hakamlar hay’atining Furgal va ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar - Andrey Karepov, Marat Qodirov hamda Andrey Paleyga nisbatan ayblovi asosida chiqarildi. Karepov va Paley 21 yil hamda 17 yilga, Qodirov esa 9 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.

Furgal 2004-2005 yillarda tadbirkorlarga suiqasd qilish va bu harakatni uyushtirishda aybdor deb topilgan. «Hurmatli sudya, hukm tushunarli. Faqat bir narsa tushunarsiz. Uyalmaysizmi? Bu hukmdan uyalmaysizmi? Bu odamlarni ko‘chadan olib ketishdi, menga mutlaqo notanish odamlarni qamab qo‘yishdi. Qandaydir dahshat», - dedi Furgal sudyaga hukmni tushunasizmi, degan savolga javoban.

Sergey Furgal 2020 yil iyul oyida hibsga olingan. Uning jinoiy ishi Xabarovsk o‘lkasida bir necha oylik noroziliklarga sabab bo‘ldi. Xabarovskda olti oy davomida har shanba kuni sobiq gubernator himoyasi uchun yurishlar bo‘lib o‘tdi.

Furgalning o‘zi aybini tan olmadi. U o‘z ishini «Amurstal» zavodining egasi Pavel Balskiy bilan mojaroga bog‘ladi. Sobiq gubernatorning advokati Mixail Karapetyan hukmni «noqonuniy va asossiz» deb atadi hamda apellyatsiya bermoqchi ekanligini aytdi. Unga ko‘ra, sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar siyosatchi koloniyaga o‘tkazilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid