Jahon | 12:20
4383
3 daqiqa o‘qiladi

Xabarovsk teatridagi yong‘indan keyin migrantlar qo‘lga olindi

Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha tergov qo‘mitasi Xabarovsk musiqali teatrida sodir bo‘lgan yong‘in munosabati bilan noqonuniy migratsiya va ehtiyotsizlik faktlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazyapti.

Foto: TASS/Konstantin Andreyev

Xabarovsk musiqali teatrini deyarli vayron qilgan kuchli yong‘indan so‘ng Rosgvardiya SOBR ko‘magida Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi, Rossiya Ichki ishlar vazirligining Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha xodimlari binodagi ta’mirlash ishlarida qatnashgan migrantlarni qo‘lga oldi. Bu haqda Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha tergov qo‘mitasi 3 oktyabr, payshanba kuni ertalab Telegramʼda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yong‘in munosabati bilan Rossiya Tergov qo‘mitasining Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha Tergov boshqarmasining O‘ta muhim ishlarni tergov qilish birinchi bo‘limi qurilish va boshqa ishlar paytida xavfsizlik qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Xabar e’lon qilingan paytda o‘t o‘chiruvchilar ochiq olovni bartaraf etishgan.

Avvalroq Xabarovsk o‘lkasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Xabarovsk musiqali teatrida 3 oktyabr kuni sodir bo‘lgan yong‘in 4000 kvadrat metr maydonni qamrab olgani haqida xabar bergan edi.

«Binodagi yong‘inni o‘chirish chog‘ida to‘rtta gaz balloni portlab ketgan, yong‘in binoning qoplamasini yo‘q qilgan, binoning ichki konstruksiyalari va bir qismining tomi va tashqi devori qulagan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Rossiyani bir yil ichida 2 mlndan ortiq migrant tark etdi

Rasmiy idoralarning xabarlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida 2 milliondan ortiq chet el fuqarolari Rossiyani tark etgan. 18 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatda 6,17 million xorijiy fuqaro ro‘yxatga olingan.

«Joriy yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, migratsiya ro‘yxatidan o‘tish davlat axborot tizimida ma’lumotlari mavjud, Rossiyada bo‘lgan chet el fuqarolari soni 6 million 174 ming 777 nafarni tashkil qildi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, butun 2023 yil davomida Rossiya Federatsiyasida 8,5 milliondan ortiq kishi migratsiya uchun ro‘yxatdan o‘tgan, dedi iyun oyi oxirida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova. «Asosan, MDHga a’zo davlatlarning fuqarolari mamlakatimizda ishlayapti. 2023 yilda hududimizga 9 million 973 ming 338 kishi kirib kelgan. Ulardan 8 million 507 ming 906 nafari migratsiya uchun ro‘yxatga olingan», — dedi Moskalkova.

Mavzuga oid