O‘zbekiston | 18:44 / 14.02.2023
21534
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda chegarachilar o‘zbekistonliklardan pul undirayotgani aytildi

Mahalliy jurnalist surishtiruv o‘tkazib, tovlamachilik faktlarini aniqladi. 

Foto: 24.kg

Qirg‘izistonning «Do‘stuk» nazorat-o‘tkazish punktida chegarachilar O‘zbekiston fuqarolaridan pul undirmoqda. Bu haqda qirg‘izistonlik jurnalist Shohrux Soipov surishtiruviga tayanib, 24.kg xabar berdi.

Avvalroq, o‘zbekistonliklar O‘sh shahri aeroportiga yetib kelishi bilan mahalliy taksi haydovchilari tomonidan kutib olinib, qimmat narxda chegaragacha olib borish uchun mashinalariga o‘tirishga majburlanayotgani aytilgan edi.

Ushbu muammoni hal qilish uchun aeroportda chegaragacha olib boruvchi mikroavtobuslar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular yo‘lovchilarni belgilangan narxda nazorat punktiga olib bormoqda. Biroq, jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, bu bilan yo‘lovchilarning muammolari hal etilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, qirg‘iz-o‘zbek chegarasida Qirg‘iziston chegarachilari qo‘shni davlat fuqarolaridan pora talab qilmoqda.

O‘zbekistonning bir qancha fuqarolari ulardan qanday qilib pul undirilganini aytib berishgan. Ularning so‘zlarini tekshirish maqsadida jurnalistning o‘zi nazorat-o‘tkazish punktiga borib, xorijliklarning so‘zlariga ishonch hosil qilgan.

«Mendan pul talab qilishdi. 100 qirg‘iz so‘mi berdim. Buning uchun meni urishdi. Keyin boshlig‘i oldiga olib kirishdi. U mendan 1000 qirg‘iz so‘mi so‘radi. Menda uncha pul yo‘q dedim, bor-yo‘g‘i 200 qirg‘iz so‘mi bor dedim. Keyin u 500 qirg‘iz so‘mi talab qildi. Men pulimni ayriboshlab keldim va berdim. Keyin qo‘yib yuborishdi», dedi chegarani kesib o‘tgan o‘zbekistonliklardan biri.

O‘zbekistonning yana bir fuqarosi ham tovlamachilik faktini tasdiqlagan.

«Menga 50 ming so‘m berishim kerakligini aytishdi, lekin menda atigi 5 dollar bor edi. Men ularga berdim va o‘tib ketdim. Ular ochiqchasiga pul olishmaydi, balki pasport ichiga solishni so‘rashadi. Pasportda pul bo‘lmasa, deportatsiya bor deb, poraga shama qilib, ko‘z qisib qo‘yishadi. Menga 50 ming so‘m qarzim borligini aytishdi. Keyin deportatsiyam borligini aytishdi. Men 18 yoshdaman va Qirg‘izistonga birinchi marta kirganimni aytdim», dedi jabrlanuvchi.

Jurnalist ikki davlat prezidenti hayotning barcha jabhalarida munosabatlarni yaxshilashga intilayotgan bir paytda bu kabi faktlar mamlakat imijiga soya solayotganini qayd etib, mutasaddilardan chora ko‘rishni so‘ragan.

Mavzuga oid