Qator milliy federatsiyalar Toshkentdagi boks chempionatini boykot qildi
AQSh boks federatsiyasi ortidan Chexiya va Irlandiya ham musobaqada ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya va Kanada ham shunday qarorga yaqin.
Irlandiya va Chexiya boks federatsiyalari 2023 yil mart oyida Dehlida o‘tkaziladigan ayollar o‘rtasidagi va may oyida Toshkentda o‘tkaziladigan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etmaydi. Buyuk Britaniya boks federatsiyasi ham ushbu musobaqalarni boykot qilish haqida o‘ylamoqda. Avvalroq shunday qaror AQSh boks federatsiyasi tomonidan qabul qilingan edi.
Chexiya boks assotsiatsiyasi (CBA) prezidenti Marek Shimak bunday qarorni Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyovni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga «yaqinligi» va tashkilotning o‘zini «Gazprom»ga «qaramligi» bilan izohladi.
Bundan tashqari, IBA tomonidan Rossiya va Belarus boks federatsiyalariga qo‘yilgan sanksiyalarning yumshatilishi ham bunga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilyapti.
2022 yil kuzida IBA rossiyalik va belaruslik sportchilarni izolyatsiya qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini tubdan o‘zgartirib, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin ularga nisbatan kiritilgan barcha sanksiyalarni bekor qilgan birinchi (va hozircha yagona) yirik sport tashkilotiga aylandi. Jumladan, har ikkala mamlakat bokschilariga o‘z bayrog‘i va madhiyasi bilan musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berildi. Bu bilan IBA Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tavsiyalariga zid yo‘l tutdi va u bilan munosabatlarini yanada yomonlashtirdi. Jumladan, XOQ 2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlanganida barcha xalqaro sport federatsiyalariga murojaat qilib, rossiyalik va belaruslik sportchilarni har qanday musobaqadan chetlatishni tavsiya qilgan edi.
XOQ bilan IBA o‘rtasidagi ziddiyat bir necha yillardan beri davom etmoqda. Avvalroq, XOQ 2028 yilgi Los-Anjyelesdagi Olimpiada o‘yinlarining dastlabki dasturiga boksni kiritmagan va hatto 2024 yilgi Parij olimpiadasi dasturidan chiqarib tashlash bilan tahdid qilgan edi.
Endi jahon chempionati IBA uchun uzoq vaqt davomida asosiy turnir bo‘lib qolishi mumkin. Bu yilgi chempionatlarni boykot qilish to‘g‘risidagi qarorlar esa raqobat saviyasi jihatidan Toshkent musobaqasiga jiddiy zarar yetkazishi aniq. Boykot haqida qaror qabul qilgan to‘rtta davlatdan faqat Chexiya boksda chetda. AQSh, Buyuk Britaniya va Irlandiyaning o‘rni haqida bokschilarining yutuqlari aytib turibdi.
Tokio Olimpiadasida Britaniya boks jamoasi jami oltita medalni (har bir qiymatdan ikkitadan) qo‘lga kiritib, umumiy medallar soni bo‘yicha kubaliklar bilan birinchi o‘rinni bo‘lishdi. Peshqadamlar guruhiga irlandlar (oltin va bronza) va amerikaliklar (uchta kumush va bronza) ham kirdi. 2021 yilgi erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida AQSh jamoasi ikkita oltin va ikkita kumush bilan medallar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi va o‘tgan yilgi ayollar chempionatida Irlandiya jamoasi ikkita g‘alaba bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
IBA prezidenti Umar Kremlyov XOQ talabini bajarish niyatida emas. Jumladan u «har bir sportchiga o‘z mamlakati bayrog‘i va madhiyasi ostida ishtirok etish imkoniyatini berish uchun kurashishga» va’da bergan va «sportchilarni bundan mahrum qilgan mansabdorlar va siyosatchilarning sportda o‘rni yo‘qligini» ta’kidlagan. Agar IBA o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, katta ehtimol bilan boykotchilar safi kengayib boraveradi.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024