O‘zbekiston | 18:02 / 17.02.2023
14446
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Buxorodagi zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi «Aksa Enerji Bukhara» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishga tushirilgan issiqlik elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Iqtisodiyot rivojlanib, korxonalar ko‘payishi bilan energiya resurslariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun barcha hududlarda bunday quvvatlarni oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, o‘tgan yili «Aksa Enerji Bukhara» tomonidan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. U 150 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya evaziga barpo etilgan. Uskuna va jihozlar Turkiyadan keltirilgan. Bu yerda 150 kishi mehnat qiladi.

Stansiya quvvati 270 Megavatt. Bu yiliga 2 milliard 200 million kilovatt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish, viloyatning 60 foiz iste’molini qoplash imkonini beradi.

Davlat rahbari stansiyaning dispetcherxonasini ko‘zdan kechirdi, boshqaruvchilar bilan suhbatlashdi.

2023 yilda Buxoroda yillik elektr iste’moli 4,3 milliard kilovatt soatni tashkil etib, taqchillik 150 million kilovatt soat bo‘lishi kutilayotganini inobatga olib, mutasaddilarga viloyatda taqchillikni qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish va tarmoqlarda yo‘qotishlarni kamaytirish, sohaga yuqori texnologiyalarini jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Mavzuga oid