UzAuto Motors aksiyalar paketining 0,3 foizi IPO orqali sotildi
Kompaniya 5 foizgacha aksiyasini mahalliy fond bozorida sotishni rejalashtirgandi. Lekin uning aksiyalariga bo‘lgan talab kutilganidan 17 barobarga kam bo‘ldi.
UzAuto Motors'ning IPO'si tugadi. Savdolar yakuniga ko‘ra, kompaniya investorlardan 56,9 mlrd so‘m jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq milliy avtomobil ishlab chiqaruvchisining aksiyalariga talab kutilganidan ancha past bo‘ldi.
Dastlab, “UzAuto Motors” AJ aksiyalar paketining 10 foizgacha qismini mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtirish ko‘zda tutilgandi. Keyinchalik IPO'ga chiqariladigan aksiyalar paketi 5 foizga, yakunda esa 1 foizgacha qisqartirildi.
IPO doirasida zavod aksiyalarini xarid qilish uchun 1383ta talabnoma kelib tushgan. Bu sotilayotgan aksiyalar umumiy hajmining 29,1 foizini tashkil etadi. Talab pastligi sababli investorlar narx diapazonining eng pastki qismidagi aksiyalarni sotib oladi – har bitta aksiya narxi – 72 500 so‘m.
Muomalaga chiqarilgan aksiyalarning 80,1 foizi institutsional investorlar, qolgan 19,9 foizi esa chakana investorlar o‘rtasida taqsimlangan.
IPO nima?
IPO (ingliz tilidan olingan – Initial Public Offering) – aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini birlamchi oshkora taklif etish degan ma’noni bildiradi. Ya’ni aksiyalarning cheklanmagan shaxslar orasidagi dastlabki sotuvi va dastlabki taklif qilinishidir. IPO'ni o‘tkazishdan asosiy maqsad – korxonani rivojlantirish uchun keng doiradagi investorlardan kapital jalb qilish hisoblanadi.
IPO'larning davlatga foydasi shundaki, kompaniyalar hozirgi va bo‘lajak investorlari oldida hisobdor va shaffof bo‘lishga majbur bo‘ladi. Shuning uchun ular hisob yuritish tizimlarini isloh qilib, zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi. Shuningdek, IPO mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi yo‘lida xalq qo‘lidagi pul mablag‘larini jalb qilishning bir usuli hisoblanadi.
Nima uchun UzAuto Motors aksiyalarini xarid qilish uchun kutilgan talab bo‘lmadi?
Birinchidan, kompaniyaning haqiqiy moliyaviy holati haqidagi hisobotlar ochiqlanmaydi. UzAuto Motors bir qator ochiq va yopiq imtiyozlar, subsidiyalardan foydalanib keladi, to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyati bo‘lgan utilizatsiya yig‘imini to‘layotgani yo to‘lamayotgani haqidagi ma’lumotlar ham mavjud emas. Potensial investorlar uchun bu kabi ko‘rsatkichlardan xabardor bo‘lish muhim.
Ikkinchidan, O‘zbekistondagi avtomobilsozlik sanoatining monopolistik holati. UzAuto Motors avtomobil importiga o‘rnatilgan to‘siqlar bilan himoya qilinib kelinadi. Kompaniyaning ochiq raqobat muhitida foyda yoki zarar bilan qanday ishlashi mumkinligi haqidagi prognozlar mavjud emas. Ya’ni mamlakatdagi iqtisodiy siyosat o‘zgarganda, kompaniyaning moliyaviy holatini qanday bo‘lishini tahlil qilish imkonsiz. Aynan raqobat muhiti yo‘qligi bugungi kunda kompaniya muvaffaqiyatlarini belgilab berayotgan asosiy omil hisoblanadi.
Uchinchidan, o‘zbekistonliklarda aksiyalarni sotib olish, undan daromad olish va ulardan sarmoya sifatida foydalanish ko‘nikmalari hali shakllanmagan.
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
17:10 / 18.11.2024