Bolalarning dardini yengillashtiruvchi maskan - O‘zbekistondagi ilk hospisdan reportaj
Hospis bu - og‘ir va bedavo dardni yengillatishga ko‘mak beriladigan joy. Bu tushuncha O‘zbekistonga endi kirib kelmoqda: ko‘plab ota-onalar, hatto shifokorlar ham hospis haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Kun.uz muxbiri respublikadagi ilk shunday maskan - «Taskin» hospisida bo‘lib, reportaj tayyorladi.
Hospis— tuzalmas dardga chalingan bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy tashkilot. Bu yo‘nalish O‘zbekistonda yangi. Respublikadagi birinchi «Taskin»bolalar hospisi ochilganiga endigina olti oy bo‘ldi.Ammo mamlakatda bunday tashkilotlarga ehtiyoj katta. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra,O‘zbekistonda birgina onkologik kasalliklarga chalinganlar soni taxminan 45 ming nafarga yaqin. Shundan 10 ming nafarida hospisga muhtojlik bor.
«Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, hospislar juda ham kerakli tashkilot. O‘zbekistonda hali yetarli emas. Biz yaratgan 20 ta o‘rin juda ham kam. Bizning hospis faqat bolalar uchun, ammo bunday maskanlar kattalarga ham kerak. Faqat onkologik yo‘nalishda emas, boshqa kasalliklarda ham muhim bunday joylar. Shuningdek, Toshkentdan tashqari boshqa viloyatlarda ham ochish kerak.Aytish lozimki, hospislar faoliyati davomiyligi va ish sifati nafaqat davlat ko‘magi, balki hamkor tashkilotlar va homiylarga bog‘liq»,— deydi «Ezgu Amal» jamoat fondi boshqaruv raisi Munira Xo‘jaxonova.
Hospisda har bir xona bemor va uning qarovchisi — oila a’zosi uchun uy sharoitiga yaqin jihozlangan. Maskanda dori-darmon, oziq-ovqat va barcha xizmatlar bepul.Ayni paytda hospis xizmatlaridan 12 nafar bola foydalanmoqda. Ular respublikaning turli hududlaridan kelishgan.
«O‘tgan yilning may oyida qizimga burun-halqum xavfli o‘smasi estezioneyroblastoma tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik haqida eshitgach, shokka tushganman. Hech kimni eshitishni ham, ko‘rishni ham xohlamay qolganman. Keyin bu yerga keldik. Sharoit ham, xodimlar ham juda yaxshi. Psixolog maslahatlari bilan ancha o‘zimga keldim, ko‘nglim kengaydi. Qizimning ham holati yaxshilandi. Sentabr oyida olib kelganimda qizim 45 kilo bo‘lib qolgan, juda charchagandi. Ishtahasi, gapirishga holi yo‘q edi. Bu yerda bolalarning ko‘nglini ko‘taradigan har xil tadbirlar bo‘lar ekan. Kayfiyat tomondan ancha o‘zgardi. Hozir qizimning vazni 55 kiloga chiqdi»,— deydi Adolat Begimqulova.
Fotima Do‘smurodovaning aytishicha esa o‘g‘lini hospisga yaqinda olib kelgan. Oila bir yildan beri tuzalmas dard bilan kurashadi.
«Bolam kimyoterapiyalarda ancha toliqqan. Uch kun kimyoterapiya bo‘lsa, qolgan kunlarni bu yerda o‘tkazamiz. Bolamizda o‘zgarishlar yaxshi, Xudoga shukr. Oldin ko‘p injiqlik qilardi. Telefondan boshini ko‘tarmasdi. Psixologik suhbatlardan keyin sekin-sekin kitob o‘qiy boshladi. Juda katta yordam berishyapti. Bolalarimizning ko‘nglini olish uchunt urli tomoshalar, qo‘g‘irchoq spektakllari ham tashkillashtirishyapti. Ko‘pchilik kelib holimizdan xabar olyapti»,— deydi u.
Munira Xo‘jaxonovaga ko‘ra, ehtiyoji bo‘lsa-da, ko‘pchilik ota-onalar hospisga murojaat qilishmaydi. Buning sababi ularda hospis haqida yetarli ma’lumot yo‘qligida:
«Bu jarayonlarda shuni ko‘rdikki, O‘zbekistonda hospis tushunchasi yaxshi singdirilmagan. Ko‘p ota-onalar, hatto shifokorlar ham hospis haqida ma’lumotga ega emas. Shuning uchun bemorlar oilasiga ko‘proq ma’lumot yetkazyapmizki, hospis bu— qo‘rqinchli maskan emas, dardni yengillatishga ko‘mak beriladigan joy. Bu yerda mehr-oqibat yashaydi. Har bitta xodim o‘z e’tiborini, kuchini bolalarga qaratadi».
Hospis olti oy ichida 25 nafar bemor bolaga xizmat ko‘rsatgan. Bu yerga asosan bolalar og‘riq sindromi bilan keladi. Birinchi navbatda og‘riqni qoldirish, ko‘ngil aynishini to‘xtatishga e’tibor qaratiladi. Keyin bemor va uning ota-onasiga psixologik yordam ko‘rsatiladi.
«Chunki kimyoterapiya oladigan bemorlar 2–3 yil mobaynida davolanadi, shuning uchun ular charchagan. Bolalar shifokorlardan ham qo‘rqadi, shu sababli shifokorlarday kiyinmaymiz. Bulardan tashqari,bolalar artterapiya xonalarimizda rasmlar chizib, turli narsalar yasaydi. Ko‘pincha bolalar artterapiyalardan so‘ng keyingi og‘riq qoldiruvchi dorilarni olmaydi, og‘riqlarini unutadi. Ularning terapiya olish vaqtlari oralig‘i uzayib boradi»,— deydi Respublika 2-son Zangiota shifoxonasi «Taskin» bolalar hospisi bo‘lim mudiri Rustam Norboyev.
Hospisda volontyor guruhlar, hamkorlar tomonidan har hafta bolalar uchunk o‘ngilochar tadbirlar tashkillashtirilib, sovg‘alar ulashiladi, ota-onalar bolalari bilan poytaxt bo‘ylab sayr qilishlariga ham sharoit yaratib beriladi. Barcha harakatlar bemorlarning oxirgi hayot pallalarini yaxshilash, og‘riqlarni, kimyoterapiyadan keyingi asoratlarni kamaytirish orqali hayot sifatini oshirishga qaratilgan.
Mavzuga oid
18:09 / 24.10.2024
SSV bolalarni nafas a’zolari kasalliklaridan himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi
16:24 / 30.09.2024
Yuqori Chirchiqda piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 11 yoshli o‘quvchini Cobalt urib yubordi
15:33 / 26.09.2024
Dunyoda har uch boladan biri uzoqni ko‘ra olmaslik muammosidan qiynaladi - tadqiqot
14:38 / 12.09.2024