O‘zbekiston | 11:40 / 22.02.2023
9184
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent IEMda 2ta gaz turbina qurilmasi qurilmoqda

Loyiha amalga oshgach, markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 mln KW soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.

Qurilish jarayoni / Foto: Kun.uz

Toshkent issiqlik elektr markazida har birining quvvati 32 MWga teng bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish ishlari davom etmoqda. Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi pudratchiligida qilinayotgan loyiha 2024 yilgacha ishga tushirilishi belgilangan. Qurilish maydonida 120 nafar ishchi mehnat qilmoqda. 

Ayni paytda fundament ishlari yakunlangan. Bosh operator binosi 2-qavati qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Yangi gaz turbina uskunalarini Yaponiya kompaniyasi yetkazib beradi. Bu energiya tejamkor, kam gaz yoqiladi va atmosferaga kam zararli moddalar chiqaradi. Loyihamiz ishga tushishi natijasida 219 ming kub metr tabiiy gaz tejaladi”, — deydi “Toshkent IEM” AJ injyeneri Saidkomil Saidmurodov.

Loyiha prezidentning 2018 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha yakunlangach, markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 mln KW soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.

Mavzuga oid