O‘zbekiston | 10:35 / 23.02.2023
35056
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokurorga o‘rinbosar tayinlandi

Qashqadaryo viloyati prokurori Salom Samadov bosh prokuror o‘rinbosariga aylandi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga asosan Salom Ismatovich Samadov bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Salom Samadov 1963 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 1990 yilda Xarkiv yuridik institutini tamomlagan. 3–darajali davlat adliya maslahatchisi hisoblanadi.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1990 yilda Buxoro viloyati Fayzullo Xo‘jayev tumani prokuraturasida boshlagan. Buxoro va Navoiy viloyatlari prokuraturalari organlarida turli lavozimlarda, 2005 yildan boshlab Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Xatirchi va Karmana tumanlari prokurori, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston prokurori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokurori, O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Samadov avval ham, 2017–2018 yillarda bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018 yil oktyabridan 2022 yil avgustiga qadar Toshkent viloyati prokurori bo‘lgan, shundan keyin Qashqadaryo viloyati prokurori lavozimiga o‘tkazilgandi.

U endi joriy yil yanvarida Toshkent shahri prokurori lavozimiga o‘tkazilgan Erkin Yo‘ldoshev o‘rnini egallagan bo‘lishi mumkin. 

  • Bundan oldinroq Namangan viloyati IIB boshlig‘i Shavkat Rahmonov Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid