Zilzila vayron qilgan shahar – Umarshayx Mirzo poytaxt qilgan Axsikent haqida
O‘tmishdagi shaharlarning hammasini ham urushlar yo‘q qilib yubormagan. 2,5 ming yillar oldin paydo bo‘lgan qadimgi Farg‘ona poytaxti Axsikent vayron bo‘lishiga kuchli yer qimirlashi sabab bo‘lgan. «Axsi viloyatida shunday bir ofat yuz berdiki, Sirdaryodan chayqalib chiqqan suv daryo chetidagi dalalarni bosib ketdi. Ulkan daraxtlar ildizi bilan qo‘porilib, yerga tushdi», – deb yozgan zilzilaga guvoh bo‘lgan tarixchilardan biri.
Bir paytlar temuriylar poytaxt qilgan Axsikentni yaqin-yaqingacha mo‘g‘ullar vayron qilgan deb yozishardi. Aslida, bu shahar XVII asrgacha mavjud bo‘lib, 1621 yildagi dahshatli zilzila tufayli yer bilan yakson bo‘lgan.
Axsikent haqida nimalar ma’lum?
Farg‘ona tarixini Axsikent, Axsi madaniyati, Axsi qo‘rg‘oni nomlarisiz o‘rganish imkonsiz. Chunki Axsikent eramizdan avvalgi III asrlarda o‘sha paytdagi Dovon — hozirgi Farg‘ona viloyatining poytaxti, gullab yashnagan shahar bo‘lgan. Bu joy hozir Sirdaryoning o‘ng sohilida Shahand qishlog‘iga to‘g‘ri keladi. Qishloq esa Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumaniga qaraydi. Axsikent eramizdan oldingi III asrda qurilgan bo‘lib, unda shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandchilik turlari rivojlangan. Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan hududlardan biri bo‘lgan.
Bu joyga «Boburnoma»da qovunlarining o‘xshashi yo‘q, ovlanadigan qushlari ko‘p, oq kiyiklari bor deb ta’rif beriladi.
«Sayxun suvining shimoliy tarafidagi shaharlardan biri Axsidir. Kitoblarda Axsikat deb yozadilar. Chunonchi Asiriddin shoirni Asiriddini Axsikatiy deydilar. Farg‘onada Andijondan keyin bundan yirikroq shahar yo‘q.
Axsi Andijondan g‘arb sari to‘qqiz yig‘ochlik yo‘lda. Umarshayx mirzo buni poytaxt qilgan edi. Sayxun daryosi qo‘rg‘onining pastidan oqadi. Qo‘rg‘oni baland jar ustida joylashgan. Xandaq o‘rnida chuqur jarlar bor. Buni poytaxt qilgan Umarshayx mirzo bir-ikki marotaba tashqariroqdan yana jarlar qazdirdi. Farg‘onada bunchalik mustahkam qo‘rg‘on yo‘q. Mahallalari qo‘rg‘ondan bir shar’iy yiroqroqda joylashgan. «Qishloq qayerda-yu, daraxtlar qayerda?» maqolini aftidan Axsi uchun aytganlar», – deydi Zahiriddin Muhammad Bobur Axsikent haqida.
Mo‘g‘ullar vayron qilgan degan xato qarash
Axsikentning butunlay vayron bo‘lib ketishi haqida 2 xil fikr bor. Bu haqda Turon xalqaro universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Tohirjon Qozoqov Axsikentning vayron bo‘lishi nomli turkum maqolalarida batafsil to‘xtalgan.
Ularda aytilishicha, Axsikentni mo‘g‘ullar vayron qilgan degan farazni Namangan o‘lkashunoslik muzeyi xodimi bo‘lgan Yu.Chulanov o‘tgan asrning 50-yillari oxirlarida o‘ylab topgan. Chunki yaqin-yaqingacha Axsikent tarixi faqat arxeologik ma’lumotlarga tayanib o‘rganilgan. Tarixiy manbalardan esa Axsikentni mo‘g‘ullar emas, zilzila vayron qilgani oydinlashadi.
«Faqatgina kam sonli risola va maqolalardagina Axsikentda hayot 1621 yilgacha davom etib, shahar zilzila sababli vayron bo‘lganligi, Zahiriddin Muhammad Bobur ham tasvirlagan XV-XVI asr Axsi qal’asi bilan IX-XII asrlardagi Axsikent shahri bir makon ekaniga e’tibor qaratildi, xolos. Buning oqibatida Axsikentning 400 yillik tarixi yo‘qqa chiqarildi. Axsikatiy olimlarning nomlari unutildi», – deb yozadi Qozoqov.
Ma’lum bo‘lishicha, 1332 yilda tarixchi Abul Fido tomonidan yozilgan «Taqvim al-Buldon» asarida Axsikatni Farg‘onaning qasabasi — qadimiy poytaxti sifatida ta’riflagan, XIII o‘rtalarida esa bu yerdan musulmon olamida mashhur bo‘lgan Axsikatiy taxallusli faqih olimlar yetishib chiqqan.
«Asiriddin Axsikatiy XII asrda yashab o‘tgan bo‘lib, mo‘g‘ullar bosqini esa XIII asr boshlarida sodir bo‘lgan edi. Bobur Mirzo e’tirof etganidek, aynan o‘sha XII asrda Asiriddin Axsikatiy yashab o‘tgan shaharni uning otasi (XV asr — T.Q.) poytaxt qilganini yozgan bo‘lsa, qanday qilib uni mug‘ullar vayron qilgan bo‘ladi? Aslida manbadagi shu fikrning o‘ziyoq mo‘g‘ul bosqini haqidagi barcha taxminlarni yo‘qqa chiqarar edi», – degan tarixchi.
Yangi Axsining paydo bo‘lishi
Tarixda Eski Axsi zilziladan buzilib ketganidan keyin, tirik qolgan odamlar vayron bo‘lgan shaharga yaqin joyda shahar tiklab, yashay boshlaganlar. Shu joy esa «Yangi Axsi» nomi bilan atalgan.
Tohirjon Qozoqovning yozishicha, Ishoqxon Ibrat Eski va Yangi Axsi atamalari temuriylar davrida mavjud bo‘lmaganini, Axsikent zilzilasidan keyin paydo bo‘lganini yozib qoldirgan. Ya’ni 1621 yilgi zilziladan omon qolgan kishilar shimoliy tomonlarga ko‘chib borib o‘rnashib, yangi qishloqlar bunyod etganlarini va o‘sha qishloqlar bir so‘z bilan «Yangi Axsi», xarobazorga aylangan shahar o‘rni esa, «Eski Axsi», deb atalishini yozib qoldirgan.
Avvalo, Farg‘ona vodiysi umuman xorazmshohlar davlati tarkibiga kirmagan. Qoraxoniylar davlati Sulaymon Arslonxon-Sulaymon binni Yusuf (1032-1040) zamonasida ikkiga bo‘lingach, Farg‘ona vodiysi, Qoshg‘ar hamda Xo‘tan viloyatlari, Yettisuv, Ili vodiysi Sharqiy Qoraxoniylar davlati deb atalib, Bolasog‘undan boshqarilgan. Movarounnahr esa, G‘arbiy Qoraxoniylar tarkibiga kiritilib, Samarqand poytaxt sanalgan, deya tushuntiradi Qozoqov mo‘g‘ullarning Axsini bosib olishi mantiqan ham to‘g‘ri emasligi haqida.
9 balldan yuqori yer qimirlashi
XX asrning 60-70 yillaridagi seysmolog olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, 1621 yilda Axsikentda bo‘lgan yer qimirlashi 9 balldan yuqori bo‘lgan.
«Yer qimirlashining bu darajada sodir bo‘lishi natijasida deyarli hamma imoratlar qulab, yer massalari qo‘zg‘alib, hatto tog‘larning ham siljishi kuzatilishini mutaxassislar bayon qilishgan. Ya’ni buning uchun zilzilaning tebranish kuchi 9 balldan yuqori bo‘lishi kerak», – deydi Qozoqov.
Eski Axsi yodgorligini o‘rgangan olim I.A.Kastane zilzila tafsilotlari yozilgan Muhammad Tohir ibn Abulqosimning «Ajoyib at-taboqot» nomli geografik asaridan parchalar keltiradi. Unda muallif o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan voqealarni hikoya qiladi.
«...1030 hijriy (1620-1621 milodiy) yilda Axsi viloyatida shunday bir ofat yuz berdi. Shunday yer qimirlashi sodir bo‘ldiki, Sirdaryodan chayqalib chiqqan suv daryo chetidagi dalalarni bosib ketdi, suv bilan chiqarib tashlangan baliqlar tipirchiladi va o‘ldi. Ulkan daraxtlar ildizi bilan qo‘porilib, yerga tushdi. Kuchli va tez-tez yer qimirlashidan imoratlar vayron bo‘lib, ko‘p odam qulagan binolarning ostida qolib o‘ldi. Ko‘p odamlarning qo‘l-oyoqlari sindi, hayvonlar qo‘rqinchdan dalalarga qarab qochdi. Bu voqealarni ko‘rgan pokiza e’tiqodli kishilar va oddiy xalq orasida «qiyomat kuni» haqidagi taxminiy tasavvurlar hosil bo‘ldi. Har bir inson o‘z gunohlari uchun tavba qilib, Buyuk Parvardigordan uni kechirishini so‘ray boshladi. Olti oygacha zilzila shunday bo‘lib turdi. Masalan, birinchi kuni zilzila 70 martagacha borib yetdi. Shunisi qiziqki, eng qattiq zilzila Axsi qo‘rg‘onining ichida bo‘lib, atrof qishloqlarda uncha qattiq sezilmadi. Shahardan bir farsax (6-8 km.) masofada esa hatto, hech qanday tovush ham eshitilmadi», – deyiladi kitobda.
Bugungi Axsikent
Hozir Farg‘onada Axsikent xarobalarining 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan. Bu joy Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlik hamdir. Xarobalardan arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X–XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome masjidi, mudofaa devorlari, yerosti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan. Axsikent yodgorligi YuNeSKO Butunjahon madaniy merosi obekti hisoblanadi. Namangan viloyati hokimligi bu hududda Axsikent majmuasi qurilib, turistik joyga aylanishi haqida yozmoqda. Shuningdek, bu yerda muzey tashkil etilib, Axsikentning qadimiy dovrug‘ini tiklash maqsadida ramziy darvoza qurilishi,sayyohlar uchun Sirdaryo bo‘ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko‘hna shaharni tomosha qilish imkoniyati ham yaratilishi reja qilingan.
Mavzuga oid
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
07:30 / 17.10.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
18:44 / 16.10.2024