Jahon | 13:46 / 28.02.2023
22495
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi neft bazasiga dronlar yordamida hujum uyushtirildi

Krasnodar o‘lkasi Tuapse shahridagi neft bazasida yong‘in ro‘y berdi. Rossiya nashrlari neft bazaga dronlar hujum qilishga uringani haqida yozdi. Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning boshqa regionlaridan ham shunga o‘xshash xabarlar kelgan.

Foto: tuapse

Krasnodar o‘lkasining Tuapse shahrida neft bazasida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar qildi shahar ma’muriyati 28 fevral, seshanba kuni. Yong‘in tungi soat 2 larda, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Rosneft» kompaniyasining neftni qayta ishlash zavodi joylashgan Industrialnaya ko‘chasida boshlangan

Mahalliy aholi neft bazasi hududida bir necha soniya oraliqda ikkita portlash ovozini eshitgan, deb yozadi 93.ru. Astra nashrining ta’kidlashicha, hududga «ikkita noma’lum uchish apparati» hujum qilgan, qozonxona shikastlangan va bino yonidan bir yarim metrlik ikkita chuqur topilgan. Baza va Shot Telegram-kanallari neft omboriga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan uchuvchisiz uchoqlar tomonidan hujum qilingani, ular neft omboridan 100 metr uzoqlikda qulaganini da’vo qilmoqda. Rasmiylar bu ma’lumotga izoh bermadi. 

Shahar rasmiylarining aytishicha, yong‘in xo‘jalik binosida kelib chiqqan va kamida 200 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Yong‘in o‘chirildi. Shu bilan birga, Tuapse meriyasi shahar aholisini «feyk ma’lumot tarqatmaslikka» chaqirdi, chunki «qonunga ko‘ra, bu jazolanadi». Hokimlik «favqulodda vaziyat vaqtida hech kim jabrlanmagani, neft to‘kilmagani»ni ta’kidladi. 

Astra nashrining yozishicha, portlashlar sodir bo‘lgan joydan 30 metr uzoqlikda Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari bo‘lgan kazarma joylashgan. Boshqa manbalar bu ma’lumotni tasdiqlamadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid