Jahon | 14:51 / 07.05.2025
11471
7 daqiqa o‘qiladi

Moskva aeroportlarida kollaps: dronlar hujumi tufayli aviakompaniyalar o‘nlab reyslarni kechiktirdi va bekor qildi

Pulkovoda yo‘lovchilar 6-7 soat davomida samolyotdan chiqarilmagan. Shu kuni O‘zbekiston shaharlaridan Moskva va Nijniy Novgorodga reyslar ham Ufa va Sankt-Peterburgdagi aerodromlarga yo‘naltirildi, Toshkentdan uchgan reyslardan birining yo‘lovchilari tunni samolyot salonida o‘tkazgan.

Foto: @moscowach

«Aeroflot» aviakompaniyasi Moskvaning Sheremetevo aeroportida tungi parvozlarga kiritilgan cheklovlar ortidan yo‘lovchilarni reyslar bekor qilinishi yoki birlashtirilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Bu haqda aviatashuvchi press-relizida aytiladi.

7 mayga o‘tar kechasi Sheremetevo aeroporti ukrain dronlari hujumi xavfi tufayli ikki marta reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatdi. Cheklovlar avvaliga soat 01:00 dan 04:07 ga qadar amal qilindi, keyin soat 04:25 dan 05:30 gacha ham takroran joriy etildi. «Aeroflot» reyslarining bir qismi zaxira aerodromlariga yo‘naltirildi yoki kechiktirildi. 6 may kuni kechqurun poytaxtdagi boshqa aeroportlar — Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiyda ham cheklovlar joriy etilgandi. 

Aviakompaniyadagilar «ayrim reyslar majburan bekor qilinishi yoki birlashtirilishi mumkinligi»ni ma’lum qilib, «Aeroflot» saytidagi onlayn-tablo ma’lumotlarini kuzatib borishni tavsiya qilgandi. 

«Aeroflot» guruhiga kiruvchi «Rossiya» aviakompaniyasi ham shu kabi choralar haqida xabar bergan. Tashuvchi bayonotida aytilishicha, Sheremetevo, Vnukovo va Nijniy Novgorod aeroportlarida kelish va ketish cheklovlari tufayli reyslarning bir qismi zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan yoki parvoz kechiktirilgan. Shu munosabat bilan «ba’zi reyslar majburiy bekor qilinishi yoki birlashtirilishi mumkin».

Aviakompaniyaning onlayn tablosiga ko‘ra, «Aeroflot» 7 may, chorshanba kuni Moskvadan uchuvchi 52 ta, shuningdek, poytaxtga uchib keluvchi 54 ta reysni bekor qildi, deb yozadi «Interfaks». Moskvadan va Moskvaga parvoz qiladigan jami 140 dan ortiq reyslar kechiktirildi. Gap «Aeroflot»ning Sheremetevodan va «Rossiya» aviakompaniyasining Vnukovodan reyslari haqida ketmoqda.

«Pobeda» aviakompaniyasi («Aeroflot» shu’ba korxonasi) aeroportlarda joriy etilgan cheklovlar tufayli «6 va 7 may kunlari ba’zi reyslarni bekor qilishga majbur bo‘lgani»ni ma’lum qildi. Bundan tashqari, kompaniya kechikishlar va zaxira aerodromlarga yo‘naltirishlar bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

«Ostorojno, Moskva» telegram-kanali Sheremetevoda ma’lumotlar ko‘rsatilgan peshtaxtalar qarshisida ulkan navbatlar hosil bo‘lgani, yo‘lovchilar o‘z reyslari qachon uchishi bo‘yicha ma’lumot olishga, chiptalarini almashtirishga yoki sotib yuborishga urinayotgani haqida xabar bergan. Vnukovoda o‘nlab reyslarning vaqti o‘zgartirilgan, 50 ta reys bekor qilingan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilar reyslarga chiqishni bir necha soat davomida kutishgan, ularning ayrimlari uchib ketishini 6 maydan buyon kutib turibdi. «Reyslarini kutayotgan odamlar aeroportning dekorativ zonalarida uxlamoqda va navbatda turib chemodanlarida o‘tiribdi», — deyilgan xabarda. 

Moskva tomon uchib kelayotgan reyslarning bir qismi Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportiga yo‘naltirilgan. Baza telegram-kanali yozishicha, Dubay — Moskva (Domodedovo) yo‘nalishida uchgan Emirates reysi yo‘lovchilari Pulkovoga qo‘ngach, olti soat davomida samolyotdan tashqariga chiqarilmagan, «keyin esa ularga shunchaki Moskvagacha mustaqil yetib olish taklif qilingan». Antalya — Moskva reysi yo‘lovchilari «Ostorojno, novosti» bilan suhbatda Peterburgda samolyotdan tushishni yetti soatdan ortiq vaqt davomida kutishganini aytib berishgan. Baza ma’lumotiga ko‘ra, Uzbekistan Airways’ning Toshkent — Moskva hamda «Aeroflot»ning Chelyabinsk — Moskva reysida uchib, Pulkovoga yo‘naltirilgan yo‘lovchilari ham tunni samolyotlar salonida o‘tkazgan.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabarida Namangan — Moskva (Vnukovo) hamda Toshkent — Nijniy Novgorod yo‘nalishidagi samolyotlari Ufaga qo‘ndirilgan. Shuningdek, Toshkent — Moskva (Vnukovo), Farg‘ona — Moskva (Vnukovo), Toshkent — Moskva (Domodedovo) hamda Samarqand — Moskva (Vnukovo) reyslari Sankt-Peterburgga yo‘naltirilgan.

Baza telegram-kanali yozishicha, «Aeroflot»ning Dubaydan Moskvaga uchgan va Sheremetevoga qo‘nishi kerak bo‘lgan reysi Qozon shahriga yo‘naltirilgan. Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, parvoz chog‘ida ekipaj komandiri bort Sheremetevoda e’lon qilingan «Kovyor» rejasi tufayli yonilg‘i to‘ldirish uchun Qozonga majburiy qo‘nishni amalga oshirishini ma’lum qilgan. Samolyot shu shaharga qo‘ngan va yo‘lovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, turargohda ikki soat qolib ketgan. Keyin ekipaj komandiri avtobus yo‘lovchilarning barchasini «noma’lum muddatga» mehmonxonaga olib ketishini aytgan. Ammo, guvohlarning aytishicha, yakunda yo‘lovchilarni aeroportning kutish zalida qoldirishgan.

Shimoliy-G‘arbiy transport prokuraturasi Pulkovoga jami 74 ta samolyot qayta yo‘naltirilganini xabar qilgan.

6 may kuni kechqurun va 7 mayga o‘tar kechasi Moskva meri Sergey Sobyanin bir necha bor poytaxtga hujum qilgan ukrain dronlari haqida xabar berdi. Moskvadagi aeroportlardan tashqari, tunda Qozon, Nijnekamsk, Kirov aeroportlarida ham cheklovlar joriy etilgan. Ukrain dronlari tun davomida Mordoviya, Tula va Yaroslavsk oblastlariga ham hujum qilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, seshanba oqshomida Ukrainaning 57 ta uchuvchisiz uchog‘i yo‘q qilingan va tutib olingan - ulardan 31 tasi Bryansk oblasti osmonida to‘xtatilgan. Ukraina qurolli kuchlarining yana 14 ta droni Kursk, 7 tasi Oryol, 2 tasi Kaluga va Ryazan oblastlarida, bittasi Qrim ustida zararsizlantirildi, deyiladi vazirlik bayonotida.

6 mayga o‘tar kechasi Rossiya hududlari osmonida 105 ta, shu jumladan, Moskva oblasti hududida 19 ta dron urib tushirilgan. Ma’lum qilinishicha, urib tushirilgan bir dronning qoldiqlari Kashirskoye shossesidagi turar joy binosi yonidan, ikkinchisi esa Yangi Moskvadagi Kuvekino qishlog‘ida topilgan.

Mavzuga oid