Jahon | 16:17 / 02.03.2023
8142
3 daqiqa o‘qiladi

Berbok: Rossiya Ukrainaga qarshi urushni zudlik bilan to‘xtatishi kerak

Nyu-Dehlidagi G20 yig‘ilishida Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrovning shaxsan o‘ziga urushni tugatish talabi bilan murojaat qildi. U G20’ning 19 ta davlati urushni tugatish tarafdori ekanidan mamnunligini bildirdi. 

Foto: Reuters

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyani Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini to‘xtatishga chaqirdi. «Bu urushni to‘xtating. Xalqaro tartibimizni buzishni bas qiling. Ukraina shaharlari va tinch aholini bombardimon qilishni bas qiling», - dedi u Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga 2 mart, payshanba kuni Nyu-Dehlidagi G20 konferensiyasida shaxsan murojaat qilib

«Bu zalda tinglash uchun kelganingiz yaxshi. Bu urushni to‘xtating. Bir oy yoki bir yildan keyin emas, bugun. Otasidan, ukasidan, onasidan yoki bolasidan ayrilgan har bir oila butun dunyodan ayriladi. Kuchlilar kichik qo‘shniga hujum qilish huquqiga ega emas», dedi Berbok. O‘tgan yili Lavrov tanqidlarni eshitmaslik uchun G20 yig‘ilishini o‘z nutqidan so‘ng darhol tark etgan edi.

«Shubhasiz, hatto Rossiya tomoni ham Rossiya bu urushni boshlamagan degan yolg‘on da’volar ishonarli emasligini va biror joyga borib, yolg‘on gaplar tarqatib, keyin darhol chiqib ketishni yaxshi strategiya deb bo‘lmasligini tushunib yetdi», — dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari. 

Annalena Berbokning qayd etishicha, G20 davlatlari orasida Ukrainadagi urush haqida turlicha fikrlar mavjud. «Biroq, bizni birlashtiradigan narsa bu dunyoda Rossiya urushi ijobiy oqibatlarga olib keladigan biron narsa yo‘qligini tan olishdir», deya qo‘shimcha qildi u va Rossiyaning o‘zi urushdan aziyat chekayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan minglab odamlarning Rossiyani tark etishi va mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari guvohlik beradi. 

«Mana, G20 stolida 19 davlat bu urushni to‘xtatish kerakligini ochiq aytdi. Ularning barchasi oxir-oqibat tinchlikni xohlashlarini aytdi», dedi Berbok. 

Mavzuga oid