Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Finlandiya parlamenti NATOga a’zolikni qo‘llab-quvvatladi
Finlandiya parlamenti a’zolari hukumatning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Shvetsiyaning kirishi hamon Turkiya tomonidan bloklanyapti.
Finlandiya parlamenti 1 mart, chorshanba kuni ko‘pchilik ovoz bilan – 184 ta «ha», 7 ta «qarshi» va bir betaraf – hukumatning ushbu mamlakatning NATOga kirishi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Deputatlar Shimoliy Atlantika shartnomasini, shuningdek, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti maqomi, milliy vakillar va xalqaro xodimlar maqomi to‘g‘risidagi kelishuvlarni ma’qulladilar.
Ovoz berish rejalashtirilganidan bir kun kechroq bo‘lib o‘tdi, bir kun oldin bo‘lgani kabi, bir necha parlament a’zolari Finlandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishiga qarshi chiqdi. Xususan, «So‘l kuchlar ittifoqi» vakili Markus Mustayyarvi qonun loyihasidan voz kechishni taklif qildi. Uning bayonotini yana bir qancha partiya a’zolari qo‘llab-quvvatladi.
Rossiya bilan 1340 kilometrlik chegaraga ega Finlandiya, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin NATOga a’zo bo‘lish jarayonini boshlashga qaror qildi. May oyida u Shvetsiya bilan birgalikda alyansga kirish uchun ariza topshirgan. Hozirda ikkala ariza ham Turkiya va Vengriyadan tashqari blokning barcha mamlakatlari tomonidan ma’qullangan. Anqaraning Shvetsiyaning alyansga kirishi bo‘yicha pozitsiyasi Stokholmdagi Turkiya elchixonasi yaqinida Qur’on yoqib yuborilgan o‘ng ekstremistik aksiyadan so‘ng keskinlashdi.
Dastlab, ikki Skandinaviya davlati ittifoqqa birga qo‘shilish niyatida edi, biroq fevral o‘rtalarida Helsinki rasmiylari Anqara Stokholm arizasini ma’qullamasa, Shvetsiyasiz a’zo bo‘lish imkoniyatini tan oldi. Bosh vazir Sanna Marin ikkala davlatning ham NATOga a’zo bo‘lishini ma’qul ko‘rishini, biroq bu mamlakatlarning arizalari qanday ratifikatsiya qilinishiga «ta’sir qila olmasligini» aytdi. Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo Turkiya Helsinki arizasini ma’qullab, Stokholmni rad etsa, vaziyat yuzaga kelishini aytdi. «Qo‘llarimiz qaysidir ma’noda bog‘langan. Biz a’zolik uchun ariza berdik. Endi: «Yo‘q, arizamizni bekor qilyapmiz» deyishimiz kerakmi? Yo‘q, shunchaki qila olmaymiz», - dedi Niinistyo.
Mavzuga oid
00:36 / 28.05.2025
Finlandiyada ruslar qurgan qal’a 1 yevroga sotildi
21:59 / 23.05.2025
Finlandiya parlamenti bosh kotibi davlatga xiyonatda gumonlanmoqda
01:36 / 19.05.2025
Trampning Putinga nisbatan sabri tugashni boshladi - Finlandiya prezidenti
14:05 / 16.05.2025