Jahon | 16:40 / 02.03.2023
8738
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev: Bryanskdagi voqealar - Rossiyaning provokatsiyasi

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Bryansk viloyati hududiga diversiya razvedka guruhlari (DRG) kirib kelgani haqidagi xabarlarni Rossiya rasmiylarining provokatsiyasi deb atadi. 

Foto: Reuters

«Rossiyadagi Ukraina DRGlari haqida gap-so‘zlar klassik provokatsiyadir. Ongli provokatsiya. Rossiya boshqa davlatga qilingan hujumni va urush yil davomida qashshoqlikni oshirganini qandaydir oqlash uchun o‘z xalqini qo‘rqitmoqchi. Ayni paytda, Rossiyada partizanlik harakati kuchliroq va tajovuzkor bo‘lib bormoqda. O‘z partizanlaringizdan qo‘rqing», deb yozdi u Twitter’da.

Avvalroq Rossiya OAV DRG go‘yoki Bryansk viloyatidagi ikki qishloqqa Ukrainadan kirib, odamlarni garovga olgani haqida xabar bergan edi. 

Bryansk viloyati rasmiylari va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati garovga olinganlar haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi. Ukraina jamoatchiligi bu xabarlarga o‘ta shubha bilan munosabatda bo‘ldi - deyarli hamma voqeani Ukraina rasmiylari bir necha hafta oldin ogohlantirgan provokatsiya deb ko‘ryapti. 

Bundan oldin Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz Sushani qishlog‘ida avtomobil o‘qqa tutilgani, natijada bir kishi halok bo‘lgani va bir bola jarohatlangani haqida xabar bergan edi. 

Mavzuga oid