Jahon | 22:51 / 02.03.2023
19190
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova tili rumin tiliga o‘zgartirildi

Qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida deputatlar janjallashib ketdi. 

Moldova parlamentida moldova tilini rumin tiliga o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida janjal bo‘lib o‘tdi. Kommunistlar va sotsialistlarning muxolifat bloki (KSB) deputatlari tashabbusga qarshi chiqdi.

KSB a’zolari «Konstitutsiyani masxara qilmang», «Moldova, Moldovaliklar, Moldova tili» deb yozilgan plakatlar bilan minbarga chiqdi. Muxolifat ham «Sharmandalik!» deb hayqirdi. Hukmron «Harakat va birdamlik» partiyasi (PAS) ularni to‘xtatishga urindi, shundan so‘ng deputatlar o‘rtasida to‘polon boshlandi. 

Biroz vaqt o‘tgach, parlament spikeri Igor Grosu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullanganini e’lon qildi. Uni 101 deputatdan 56 nafari qo‘llab-quvvatladi. 

Qonun loyihasiga ko‘ra, «moldova tili» so‘zlari «rumin tili» so‘zlari bilan almashtiriladi. Moldova haqida gap ketganda, «davlat tili», «rasmiy til», «ona tili» so‘zlari «rumin» so‘zlari bilan almashtiriladi. Qonun loyihasi parlamentda 63 o‘ringa ega bo‘lgan PAS partiyasi tomonidan taklif qilingan edi. 

2013 yilda Konstitutsiyaviy sud rumin tilini mamlakatda davlat tili deb belgilagan. Lekin Moldova Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatda davlat tili lotin alifbosiga asoslangan moldova tilidir, bu rumin tiliga aynan o‘xshash. 

Moldova maktablari va universitetlarida rumin tili o‘qitiladi, kirill alifbosiga asoslangan Moldova tili esa faqat tan olinmagan Dnestrbo‘yida o‘qitiladi. 

Mavzuga oid