Fan-texnika | 19:58 / 04.03.2023
96352
7 daqiqa o‘qiladi

2022 yilning eng xaridorgir avtomobillari va Nokia rebrendingi - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

2022 yilning eng xaridorgir avtomobillari

Foto: Toyota

Focus2Move 162ta mamlakatdagi ma’lumotlarini jamlagan holda o‘tgan yilda dunyo miqyosida eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingini e’lon qildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2022 yilda jahonda eng ko‘p miqdorda Toyota Corolla modeli sotilgan. Ushbu krossoverdan 1,12 mln dona xarid qilingan. Toyota Corolla savdolarida 2021 yilga nisbatan kichik pasayish (2,8 foiz) kuzatilgan bo‘lsa-da, dunyo bo‘ylab eng ko‘p sotilgan avtomobil maqomini saqlab qolgan.

Ikkinchi o‘rinni Toyota RAV4 krossoveri egallagan. O‘tgan bir yil davomida 868 ming 398 dona ushbu modeldagi avtomashina xarid qilingan. Qayd etilishicha, bu 2021 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 13,7 foizga kam.

Kuchli uchlikni Ford F-Series yakunlagan. Bu modeldan 786 ming 337 dona sotilgan va savdosi bir yil oldingiga nisbatan 8,8 foizga kamaygan.

4- va 5-o‘rinlarni Tesla Model Y (sotuv – 759 ming 579 dona, o‘sish – 88,7 foiz) va Toyota Camry (sotuv – 667 ming 968 dona, kamayish – 2,6 foiz) modellari egallagan. 

Reytingning dastlabki o‘ntaligi quyidagicha:

1.Toyota Corolla – 1,12 mln dona;

2.Toyota RAV4 – 868 ming 398 dona;

3.Ford F-Series – 786 ming 337 dona;

4.Tesla Model Y – 759 ming 579 dona;

5.Toyota Camry – 667 ming 968 dona;

6.Chevrolet Silverado – 591 594 dona;

7.Honda CR-V – 591 ming 293 dona;

8.Toyota Hilux – 566 ming 838 dona;

9.Hyundai Tucson – 549 ming 918 dona;

10.Ram Pick-up – 545 ming 420 dona. 

Nokia rebrending o‘tkazdi

Caption

Finlandiyaning Nokia kompaniyasi so‘nggi 60 yil ichida ilk marta o‘z logotipini o‘zgartirdi. Yangilash to‘g‘risidagi qaror kompaniya strategiyasining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Eski logotip smartfonlar bilan bog‘liqlikni anglatardi, biroq hozirda Nokia boshqa firmalarga uskunalar sotishga ixtisoslashgan biznes-texnologiyalar kompaniyasi hisoblanadi.

“Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, biz hali ham mobil telefon ishlab chiqaruvchi brendmiz, ammo hozirda Nokia bu ish bilan shug‘ullanmaydi. Biz tarmoqlar va sanoatni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratadigan yangi brendni ishga tushirmoqchimiz”, degan kompaniya bosh direktori Pekka Lundmark.

Renault O‘zbekiston bozorini tark etadi

Renault O‘zbekiston bozoridan chiqib ketadi. Bunga avtomobil ishlab chiqaruvchisining Rossiyadan chiqib ketishi fonida ehtiyot qismlar yetishmasligi sabab bo‘lgan.

“Renault Rossiyani tark etgach, ehtiyot qismlar tanqisligi yuzaga keldi. Ko‘plab butlovchi qismlar Yevropadan olib kelinardi. Biroq barcha jarayonlar vaqtincha to‘xtatilgan”, deyiladi kompaniya dilerlik markazi izohida.

Avtokreditlarni o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlashning innovatsion usuli

Foto: Ford

Amerikaning Ford avtomobilsozlik kompaniyasi avtokreditlarni to‘lamaslikka qarshi turli usullar bilan kurashuvchi texnologiya uchun patent oldi. Unga ko‘ra, kelajakda mashinalarda ushbu tizim joriy qilinsa, mijoz Ford avtomobilini kreditga olgan bo‘lsa va to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamasa, mashina mijozga bu haqda eslata boshlaydi.

Avvaliga avtomobilning kruiz-kontrol, konditsioner singari tizimlari o‘chiriladi, keyin salonda yoqimsiz ovoz chiqaradi. Mijoz baribir e’tibor qaratmasa, mashina qulflab qo‘yilishi mumkin. Shunda ham mijoz kreditni to‘lamasa, mashina bank ko‘rsatgan joyga o‘zi ketadi.

Ford 2021 yildayoq AQSh Patent idorasiga bu haqda ariza topshirgan va hozirda u tasdiqlangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, patentni olish bunday texnologiyalarning amalda joriy etilishini anglatmaydi. Shuningdek, bunday avtopilotdan foydalanish uchun avvalo rivojlangan avtonom boshqaruv tizimi ishlab chiqilishi va u regulyator tomonidan tasdiqlanishi kerak. 

O‘zbekistonda Exeed zavodi ochiladi

O‘zbekistonda Exeed zavodi ochilishi kutilmoqda. Hozirda Toshkentdagi sanoat maydoniga zarur uskunalar yetkazib berilmoqda.

“O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan bozor, bu yerda yangi avtomobillarga qiziqish muttasil ortib bormoqda. O‘ylaymanki, o‘zbek avtomobil ishqibozlari Exeed avtomobillarining barcha afzalliklarini qadrlashadi”, – deya ta’kidlagan kompaniyaning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi direktori Jyeff Lyu.

Yangi zavod dastlab yiliga 5 mingta avtomobil yig‘ish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yiliga 20 ming donaga yetkazish rejalashtirilgan.

Lenovo’dan kattalashadigan ekranli noutbuk

Lenovo kompaniyasi MWC 2023 ko‘rgazmasida qiziqarli konseptual noutbukni namoyish etdi. Oddiy rejimda bu 12,7 dyuymli 4:3 nisbatli displeyga ega standart ThinkBook ultrabuki. 

Biroq agar korpusning o‘ng tomonidagi kichik tugma bosilsa, displey bo‘yiga kattalasha boshlaydi. Ushbu mexanizm ekran panelini klaviatura ostidan tortib oladi. 

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, hajmni oshirish jarayoni ancha sekin. To‘liq ochish 10 soniyadan ko‘proq vaqtni oladi va u 8:9 nisbatli 15,3 dyuymli displeyga aylanadi. Panelning o‘zi Sharp kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Mexanizmning resursi 20-30 ming siklni tashkil qiladi. Hozircha bu texnologiya loyiha bosqichida xolos.

TikTok voyaga yetmaganlar uchun vaqt chegarasini o‘rnatadi

TikTok yaqin orada 18 yoshgacha bo‘lgan har bir foydalanuvchi akkauntida kun davomida 60 daqiqalik foydalanish vaqti cheklovi o‘rnatilishini e’lon qildi

Bu o‘zgarish yoshlar orasida o‘ta mashhur mobil ilovadan foydalanishga mukkasidan ketish holatlari oshayotgan va u bilan bog‘liq xavotirlar kuchayib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. 

TikTok platformasining ishonch va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Kormak Kinan o‘z blogida cheklovlarning xususiyati qanday bo‘lishini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 60 daqiqalik cheklov muddati tugagandan so‘ng, voyaga yetmagan foydalanuvchidan ilovadan foydalanish uchun kalit so‘zni kiritish so‘raladi. 13 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga ota-onasi yoki vasiy tomonidan kalit so‘z o‘rnatilishi mumkin. Ana shu kalit so‘z kiritilganidan so‘ng ilovadan yana qo‘shimcha 30 daqiqa foydalanish mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid