O‘zbekiston | 07:34 / 05.03.2023
200805
2 daqiqa o‘qiladi

Mittivine asoschisi Farhod Mannopov vafot etdi

Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi, taniqli bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etdi.

Foto: SUBeKTIV

Kun.uz marhumning do‘stlaridan olgan ma’lumotga ko‘ra, u jarrohlik amaliyotidan keyin, 5 martga o‘tar kechasi vafot etgan.

Bir necha kun oldin u basseynda suzish jarayonida burnini sindirib olgandi. Shundan so‘ng operatsiya qilingan, ammo komaga tushib qolib, o‘ziga kelmagan.

Instagram'da 1,1 mln obunachisi bo‘lgan Farhod Mannopov o‘zining samimiy vaynlari bilan ko‘plab insonlarga kulgi ulashgan, obunachilari mehrini qozongan edi.

Tahririyat marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

UPD. Ma’lum bo‘lishicha, Farhod Mannopov Chilonzor tumanidagi Star Med xususiy klinikasida operatsiya qilingan.

Holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan Chilonzor tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlarning halok bo‘lishiga olib kelishi) jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Kun.uz suhbatlashgan prokuratura katta tergovchisi Star Med klinikasida boshqa o‘lim holatlari ham kuzatilganini inkor etmadi. “Tergov siri bo‘lgani sababli bu haqda ma’lumot bera olmaymiz. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, dedi tergovchi Otabek Bekiyev.

Marhumning vafoti yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlarning harakati yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid