O‘zbekiston | 20:10 / 24.10.2023
11808
2 daqiqa o‘qiladi

Farhod Mannopov o‘limi bilan bog‘liq sud jarayoni OAV orqali yoritilmaydigan bo‘ldi

Bu haqdagi iltimosnoma Farhod Mannopovning advokati tomonidan sudga berilgan, marhumning onasi ham advokat taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Ayblanuvchilar va ularning himoyachilari esa OAV yoritishi yoki yoritmasligi masalasini hal qilishni sudga havola qilgan.

Foto: Kun.uz

«Mittivine» taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopovning o‘limi bilan bog‘liq sud jarayoni OAV orqali yoritilmaydi. Qayd qilinishicha, bu haqdagi iltimosnoma Farhod Mannopovning advokati tomonidan sudga berilgan, marhumning onasi ham advokat taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Ayblanuvchilar va ularning himoyachilari esa OAV yoritishi yoki yoritmasligi masalasini hal qilishni sudga havola qilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sud mazkur macala ochiq sud majlisida ko‘rilishini inobatga olib, OAV xodimlari sud jarayonlarida qatnashishi mumkinligi, sud hukmi o‘qilib, hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar jarayon OAV orqali yoritilmasligi haqida ajrim qilgan.  

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 5 mart kuni «Mittivine» taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etdi. U basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab, burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentdagi «Star med center» xususiy klinikasiga murojaat qilgan. Bloger operatsiya jarayonida koma holatiga tushib qolib, o‘ziga kelmagan.

Bosh prokuratura holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi.

Keyinchalik, jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish) bilan ayblov e’lon qilingan edi.

Mavzuga oid