Jahon | 09:14 / 07.03.2023
6594
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada jurnalist “feyklar” bo‘yicha ishda aybdor deb topildi

Andrey Novashov armiya haqida “feyklar” tarqatishda ayblangan Rossiya Federatsiyasidagi birinchi jurnalist bo‘ldi. Sud uni sakkiz oylik axloq tuzatish ishlariga hukm qildi va jurnalistlik faoliyatini taqiqladi.

Andrey Novashov

Kemerovo viloyatining Prokopevsk shahrida yashovchi jurnalist Andrey Novashov “RF Qurolli Kuchlaridan foydalanish to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumotni ommaga tarqatishda” aybdor deb topildi. Bu haqda 6-mart, dushanba kuni «Tayga.info» nashri xabar berdi. Prokopevskning Rudnichniy tuman sudi jurnalistni sakkiz oylik axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. Shuningdek, u bir yilga publitsistik faoliyatdan chetlatilgan.

Avvalroq jurnalist Andrey Novashov «Tayga.info», “Sibir. Realii” va “Radio Svoboda” bilan hamkorlik qilgan. Jinoyat ishini qo‘zg‘atishga u “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasida joylashtirgan repost asos bo‘ldi. Xabar muallifi, “Novaya gazeta” jurnalisti Viktoriya Ivleva Mariupol meri maslahatchisi Petr Andryushchenkoning shahar blokadasining birinchi kunlari oqibatlari haqidagi matni tarjimasini chop etdi.

“Tergov ushlab olgan o‘sha repostni hibsga olinganimda 100 ga yaqin odam ko‘rgan. Olti-yetti kishi layk qo‘ydi”, — dedi jurnalist «Tayga.info» nashriga. Jurnalist o‘z aybini tan olmadi va jinoyat ishini “jurnalistlik faoliyati uchun qasos” deb hisobladi. Oxirgi so‘zda jurnalist ayblov asos qilib olgan mansabdor shaxslar taqdim etgan ma’lumotni “haqiqat” deb hisoblashdan bosh tortishini aytdi.

OVD-info ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi — “Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlaridan foydalanish to‘g‘risida bila turib yolg‘on ma’lumotni ommaviy ravishda tarqatish” bo‘yicha jinoiy ishlar 145 kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid