Jahon | 10:41 / 07.03.2023
72653
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrain harbiy asiri qatl qilinishi videosi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Zelenskiy qotil topilishini va’da qildi.

Foto: «Ombudsman Dmitro Lubіnets» telegram-kanali

Ukraina rasmiylari ukrainalik harbiy asirning qatl etilgani aks etgan kadrlarga munosabat bildirmoqda. Qator blogerlar va kanallar tomonidan tarqatilgan videoda asirga olingan harbiy o‘lim oldidan «Slava Ukraine» (Ukrainaga shon-sharaflar) so‘zlarini aytishga ulguradi.

Zo‘ravonlik sahnasi aks etgan bu kadrlar telegram-kanallarda 6 mart kuni kunduzi paydo bo‘ldi.

Videoda harbiy formadagi kishi o‘rmonda turadi va chekadi. Kadr ortidagi ovoz aytadi: «Tasvirga ol», va kamera ko‘tariladi. Askar shunday deydi: «Ukrainaga shon-sharaflar». Keyin uni o‘qqa tutishadi va u qulaydi. Kadr ortidagi ovoz rus tilida so‘kinadi.

Bu video qachon va qayerda yozilgani ma’lum emas.

«Suspіlne» va BBC News jurnalisti Sofiya Kochmar-Timoshenko videoda otib tashlangan ukrain harbiysining singlisini topganini xabar qilgan, ammo hozircha uning shaxsini ochiqlamagan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak tvitterida shunday yozdi: «Asirni o‘ldirish - bu rossiyaliklarning navbatdagi harbiy jinoyatidir. Bu Kreml propagandasi tomonidan «natsistlar» haqidagi afsonalar bilan oqlangan va qasddan olib borilayotgan terror siyosati elementidir. Har bir bunday harbiy jinoyat jazolanadi. Hech kim jazodan yashirina olmaydi. Barchasini topamiz».

Yermak videoga havola bermagan va bu sharh aynan u haqda ekaniga aniqlik kiritmagan.

«Bu videoni xalqaro hamkorlar va dunyoning turli burchaklaridagi hamkasb ombudsmenlarga Rossiyaning navbatdagi harbiy jinoyati dalili sifatida yuboraman», deya yozgan Ukraina inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitro Lubinets.

U harbiy asirni otib tashlash - Jyeneva konvensiyasi buzilishi hisoblanishini qayd etgan.

Ukraina bosh prokurori Andrey Kostinning xabar berishicha, Ukraina Xavfsizlik xizmati bosh tergov boshqarmasi holat yuzasidan Ukraina Jinoyat kodeksi 438-moddasi 2-qismi (urush qonunlari va urf-odatlarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

«Hatto urushda qonunlar  bor. Xalqaro huquq normalari bor va bular Rossiya jinoiy rejimi tomonidan muntazam ravishda e’tibordan chetda qodirilmoqda. Ammo ertami kechmi jinoyat jazosini oladi. Bunga aloqadorlarning barchasi qonun oldida javob beradi», deya undan iqtibos keltirgan «Interfaks-Ukraina».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushning 376-kuni yakunlari bo‘yicha videomurojaatida harbiy asirning qotillari topilishiga va’da berdi.

Bugun okkupantlar jasorat bilan ularning ko‘zlariga qarab: «Slava Ukraine!» degan jangchini vahshiylarcha o‘ldirgani aks etgan video tarqaldi. Men barchamiz birgalikda uning so‘zlariga javob qaytarishimizni istayman: «Qahramonga shon-sharaf! Qahramonlarga shon-sharaflar! Ukrainaga shon-sharaflar!» Va biz qotilni topamiz. Men hozirda Ukraina uchun jang qilayotgan barchadan minnatdorman! Ukrainaga yordam berayotgan har bir kishiga rahmat aytaman! Xalqimiz ozodligi uchun jonini berganlarning barchasiga hurmat bajo, ularning xotirasi abadiy! Barcha zamonlarda Ukraina ozodligini orzu qilgan barcha ukrain qahramonlariga hurmat bajo, ularning xotirasi abadiy! Ukraina g‘olib bo‘ladi!

Rossiya rasmiy shaxslari hozircha bu videoga munosabat bermagan.

Anneksiya qilingan «DXR» «axborot vaziri o‘rinbosari» Daniil Bezsonov esa telegram-kanalida shunday yozgan: «Xalqaro mojaro uchun bizning askarni ukraincha kiyintirib, bizni harbiy jinoyatda ayblash maqsadida uni otib tashlashgan, deb hisoblash uchun asos bor».

Qayd etish lozimki, bu ikki tomondan ham shu kabi kadrlar tarqalishi bilan bog‘liq ilk holat emas.

Noyabr oyida Luhansk oblasti hududida uch nafar rossiyalik harbiy otib tashlangani aks etgan kadrlar tarqalgandi. Rossiya mudofaa vazirligi «qonli jazo» haqida xabar qilgandi. Ukraina hukumati bu holat tekshirilishiga va’da bergan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba tvitterida yangi holat bilan Xalqaro jinoiy sud shug‘ullanishi kerakligini aytdi.

«Qurolsiz ukrain harbiy asiri shunchaki «Ukrainaga shon-sharaflar» so‘zlari uchun qatl etilgani aks etgan dahshatli video. Bu urush genotsid ekanining yana bir dalili. Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon zudlik bilan bu dahshatli harbiy jinoyatni tergov qilishni boshlashi zarur. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim», deya talab qiladi Kuleba.

Ukrainalik jurnalist Yuriy Butusov bu videodan skrinshotni feysbukdagi sahifasida e’lon qilgan va videodagi kishi va uning asirga tushishi tafsilotlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lganlardan bu haqda xabar berishni so‘ragan.

Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilar qurbonni tanib olish mumkinligi tufayli video va skrinshotlarni tarqatish axloqqa to‘g‘ri kelishini shubha ostiga olishgan.

Mavzuga oid