O‘zbekiston | 18:15 / 10.03.2023
60109
11 daqiqa o‘qiladi

“Narkoz me’yoridan ko‘proq berilishi o‘limga olib kelmaydi” – anesteziolog

Xorijda faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz, anesteziolog-reanimatolog Jahongir Jo‘rayevning ta’kidlashicha, operatsiya paytida bemorga narkozni me’yoridan ko‘proq berish uning o‘limiga olib kelmaydi. Shuningdek, u vayner Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan ochiq qolayotgan savollarga ham munosabat bildirdi.

– Asosiy aybni shifokorlarga yuklashyapti hozir. Narkoz beruvchi anesteziolog ko‘p berib yuboribdi, degan mish-mishlar tarqalgan. Bu fikrga qo‘shilmayman. O‘zim shu sohada 20 yildan ko‘proq tajribaga egaman. 10 yil O‘zbekistonda va salkam 10 yildan buyon chet elda ishlab kelyapman.

Anesteziolog sifatida aytamanki, narkozni ko‘proq berib qo‘ysa, bemor nobud bo‘ladi degan tushuncha xato. Bunga yuz foiz javob bera olaman. Narkoz dorisi belgilangan miqdordan ko‘proq berib qo‘yilsa, bemor ko‘proq uxlaydi va kechroq uyg‘onadi. Tamom. Narkozni ko‘p berib qo‘yish o‘limga olib kelmaydi.

Xalqimizda yana “Narkoz umrni besh yilga qisqartirarkan” degan tushuncha ham bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Ayrim odamlar bu narsalarni bilmasdan gapirib yuborishi har xil mish-mishlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Narkoz berish vaqtida bemorning hayotiy ko‘rsatkichlarini o‘lim bilan bir liniyaga tushirib, shu liniyadan to‘g‘ri olib ketishingiz kerak. Sal xato qilsangiz vaziyat o‘lim bilan yakunlanadi. Shuning uchun barchasini o‘rtada olib borib, bemorni yana qayta uyg‘otib olish kerak bo‘ladi. Bu yerda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Tasavvur qiling, bu – qanday stressli ish.

Jahongir Jo‘rayev, anesteziolog-reanimatolog.
Foto: Kun.uz

Kezi kelganda aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekistonda anesteziologlar mehnati qadrlanmaydi. Bu soha egalari «sahna ortida» ishlashgani uchun ularning mehnati ko‘rinmaydi. Biz bemorlarni og‘riqsizlantirib, uxlatib, operatsiya jarayonida hayotiga javobgar sifatida ishlaymiz. Mazkur jarayonda uning shifo topishida hissamiz 50/50 bo‘ladi. Ammo kimdir operatsiyadan keyin tuzalib ketsa, anesteziologlarni eslamaydi ham. Falonchi jarroh sa’y-harakatlari tufayli omon qoldim yoki shifo topdim deydi.

– Farhod Mannopovning o‘limiga ham malakasiz mutaxassis jalb etilgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi?

– Men operatsiyada ishtirok etgan anesteziologni tanimayman, shuning uchun biror nima deyishim qiyin. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, u chetda ishlab kelgan, tajribali mutaxassis ekan. Shuning uchun qo‘limda aniq dalillar bo‘lmay turib uning faoliyatiga salbiy baho berolmayman. Operatsiya jarayonida yo‘l qo‘yilgan qandaydir kamchiliklarini bilganimda edi, xulosa berardim.

– Farhod basseynda cho‘milayotgan paytda burni singan. Mana shunday holatda shoshilinch rinoplastika bo‘yicha jarrohlik amaliyoti qilinishi qanchalik to‘g‘ri? Boshdan zarb yegan bemor avval neyroxirurg yoki travmatolog ko‘rigidan o‘tishi kerak emasmidi? Reanimatolog sifatida operatsiyani ma’qullaysizmi yoki yo‘q?

– Jarohat olgan holati va kasalxonadagi holatni solishtirsak, bemor ancha faol, to‘liq hushida edi. Bu bilan bosh miya jarohatining og‘ir yoki o‘rta darajasi emas, yengil darajasi bo‘lishi mumkin, ya’ni bosh miya chayqalishi holati bo‘lgani ehtimoli bor.

Yo‘riqnoma bo‘yicha bunday jarohatlar olingan bo‘lsa, bemor shikoyatlari bo‘lsa, neyroxirurg ko‘rigidan o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu bemorda tekshiruv bo‘lgan-bo‘lmagani bo‘yicha esa menda ma’lumot yo‘q.

Jahongir Jo‘rayev ish jarayonida.
Foto: Kun.uz

Deylik, bir bemor avariya bo‘lib, miyasi chayqaldi yoki miyasiga qon quyilgan holda shifoxonaga olib kelindi. Unga shoshilinch narkoz berib, operatsiyaga olamiz. Ya’ni jarohatga qarab narkozga olish-olmaslik belgilanmagan. Qarshi ko‘rsatma yo‘q. Mannopovda esa burun singani uchun yoki rejali ravishda bo‘lgan operatsiya ekani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q menda. Shuning uchun uning holatini tahlil qilishim noto‘g‘ri bo‘ladi.

Agar burun singani uchun operatsiya bo‘lib, narkoz berilgan bo‘lsa, to‘g‘ri, degan bo‘lardim. Agar rejali ravishda qilinayotgan operatsiya bo‘lsa, amaliyotni to‘xtatib turish ham mumkin edi. Lekin rejali operatsiya bo‘lgan bo‘lsa ham, bemor o‘limiga bu sabab bo‘ladi deb bilmayman. Chunki bu turdagi operatsiya hayotga xavf soladigan darajada murakkab emas.

– Plastik jarroh Nodir Ibodov «Sevimli» telekanali «Zamon» informatsion dasturiga bergan intervyusida anesteziyada ishlatiladigan narkotik dorilar sinab ko‘rilmasligi, dunyo bo‘yicha dorilarning organizmga ta’siri to‘liq o‘rganilmagani, istalgan preparat istalgan odamga nojo‘ya ta’sir qilishi mumkin, degan fikrlarni aytgan. Bu fikrda qanchalik jon bor?

– To‘liq qo‘shilmayman. Anesteziolog sifatida ishlatadigan dorilarimiz mukammal tekshiruvdan o‘tganini, dorilarning salbiy tomonlarini bilamiz. Doim nojo‘ya ta’sirlarni inobatga olib narkoz beramiz.

Bir narsani qo‘shimcha qilmoqchiman. Menga aytishlari bo‘yicha, operatsiyaga kirgan bemorning tana harorati ma’lum bir vaqt o‘tgach, 40 darajagacha ko‘tarilib ketgan. Qayerdadir yallig‘lanish bo‘lsa, organizm isitma bilan reaksiya bildiradi. Operatsiya jarayonida birdan infeksiya paydo bo‘lib qolmaydi, demak, gap boshqa joyda.

Bemor rinoplastika bo‘yicha jarrohlik amaliyotida.
Foto: Zamon.uz

Ba’zida narkozda ishlatiladigan dorilarimiz bemorda, inglizcha aytganda, «Malignant hyperthermia» holatini keltirib chiqaradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniyada 10 mingdan 70 minggacha bo‘lgan operatsiyalarda bitta, Amerikada 10 mingdan 50 minggacha bo‘lgan operatsiyalar ichida bitta ana shunday holat kuzatiladi.

Masalan, narkozda ditilin nomli dori keng ishlatiladi, u mushaklarni bo‘shashtiradi. Yana galotan, izofluran, desfluran kabi tarkibida xlor bo‘lgan dorilar bor. Shu kabi dorilar ayrim bemorlarda «Malignant hyperthermia» holatini yuzaga keltirishi mumkin deb tibbiyotga doir adabiyotlarda yozib o‘tilgan.

Lekin 20 yillik faoliyatim davomida menda uchramagan bu holat. 95 foiz doktorlar bu holatni ko‘rmasligi mumkin. Qayerdadir o‘qib, eshitib, esdan chiqarib yuborgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu narsa bor. Amerikada bu holat chuqur o‘rganilgan, 1960 yilda ushbu mavzuda ilk ilmiy maqolalar chop etilgan.

Xavfli gipertermiya.
Foto: Medical Centric

Nyu Yorkda ana shunday holatlarni o‘rganib, jamoatchilikka bu haqda xabar berib boradigan nodavlat assotsiatsiya ham tashkil qilingan. U yerda kimda shu holat uchragan bo‘lsa, ular doimiy tekshiruvlardan o‘tib turadi. Bu genetik avloddan avlodga o‘tib boruvchi holat. Bunga moyil odamlar boshqalardan tashqi ko‘rinishi, yurish-turishi bo‘yicha ajralib turmaydi. Barchaga o‘xshash, sog‘lom odamlar bo‘ladi. Faqatgina ular narkoz berishda ishlatiladigan ayrim dorilardan ehtiyot bo‘lishlari kerak bo‘ladi.

Bunday odamlarni aniqlashning ikki yo‘li bor: muskuldan namuna olib tekshiriladi; genetik test orqali. Xorijda bunday odamlar alohida ro‘yxatda turadi. Ular operatsiyaga muhtoj bo‘lib qolgudek bo‘lishsa, narkoz dorilari reaksiya bermasligi uchun kerakligi ehtiyot choralari ko‘riladi. Ammo bizda bu narsa yo‘lga qo‘yilmagan.

Faqatgina isitma chiqish emas, boshqa simptomlari ham bor bu holatning. Dorilar ta’sirida organizmdagi muskullarning kuchli qisqarishi kuzatiladi. Shu darajada kuchli bo‘ladiki, muskullar parchalanishigacha olib keladi. Shu fonda harorat ko‘tariladi, muskullardagi moddalar chiqib ketishi natijasida organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu holatda bemorning ahvoli juda tez yomonlashadi. Bu holatni uncha-muncha anesteziologlar ko‘rmagan ham. Men ham ko‘rmaganman. Faqat kitoblarda o‘qiganimiz va bu haqda ma’lumotga ega bo‘lganimiz uchun bunday holatlarga tayyorgarlik ko‘rib yuramiz va bunga sabab bo‘luvchi dorilardan uzoqroq bo‘lishga harakat qilamiz.

Chet eldagi shifoxonalarda dorilar qay holatda ishlatish-ishlatilmasligi bo‘yicha yo‘riqnoma qilib qo‘yilgan. Biz shunga ko‘ra ish ko‘ramiz. Ishlatilayotgan dorilarning muqobil variantlari bo‘lishi kerak. Bizda bor shunday dorilar, balki O‘zbekistonda ularning muqobili bo‘lmasligi mumkin.

Xavfli gipertermiyada bemorda mushak qisqarishi kuzatiladi, isitmasi ko‘tariladi, organizmdagi kalsiy va kaliy moddalari qonga tushib yurak tez ishlab ketadi yoki yurak faoliyatini to‘xtatib qo‘yadi. Bunday holatlarning 70 foizi o‘lim bilan tugaydi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilsa, o‘lim ko‘rsatkichi 5 foizgacha kamayishi mumkin.

Xavfli gipertermiya holatidagi bemorlarni davolanishda «Dantrolene» dorisidan foydalaniladi, bu dori O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan. «Dantrolene»ni ta’sir qilishi uchun yarim soat vaqt ketadi, shuning uchun boshqacha «Ryanodex» degan dori ishlab chiqilgan. Qisqa muddatda ta’sir qiladi va bemor hayotini saqlab qolish mumkin.

Xavfli gipertermiya amaliyotda juda kam uchragani uchun narxi 3000 dollar atrofidagi dorini topish osonmas. Xorijda ham u dorixonalarda sotilmaydi, barcha shifoxonalarda bo‘lmaydi.

Kim qayerda saqlab o‘tiradi? Qolaversa, har bir dorining yaroqlilik muddati bor, uni ishlatmay uzoq vaqt saqlab o‘tirib bo‘lmaydi, yaroqlilik muddati o‘tib ketadi. Shuning uchun chet elda ma’lum bir joyda saqlanadi. Qayerda holat kuzatilsa, qo‘ng‘iroq bo‘ladi va dori zudlik bilan yetkaziladi. Bizda ham mana shu tajriba yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Suhbatni to‘liq Kun.uz’ning yutub-kanalida ko‘rish mumkin.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montajchi: Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid