Jahon | 07:52 / 16.03.2023
10381
3 daqiqa o‘qiladi

G‘arb davlatlari Ukrainaga yangi harbiy yordam haqida e’lon qildi

«Ramshtayn» formatidagi virtual uchrashuvda 40 dan ortiq mamlakat ishtirok etdi. Shvetsiya va Ispaniya Ukrainani Leopard 2 tanklari bilan ta’minlaydi, Kanada havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun artilleriya o‘q-dorilari va raketalar topshirishini e’lon qildi.

Foto: Getty Images

15 mart, chorshanba kuni video-konferensiya orqali Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining «Ramshtayn» formatidagi 10-yig‘ilishda 40 dan ortiq davlat ishtirok etdi. Uning yakunida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Shvetsiya Kiyevga o‘nta Leopard 2 tanki hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari topshirishini ma’lum qildi. U qaysi komplekslar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. Fevral oyida Stokholm Hawk va IRIS-T tizimlari Ukrainaga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.

O‘z navbatida, Ispaniya Ukrainani qurol-yarog‘, gumanitar yordam va ukrainalik harbiy xizmatchilarni o‘qitish orqali qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yana bir bor tasdiqladi. Yaqin kelajakda Madrid Kiyevga Leopard 2A 4 rusumli oltita jangovar tankni, keyinroq esa yana to‘rttasini jo‘natadi, dedi mudofaa vaziri Margarita Robles. 14 mart kuni Ispaniya ushbu uskunani boshqaradigan va ularga xizmat ko‘rsatadigan 55 nafar ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlashni yakunladi. Bundan tashqari, Ukraina M-113 TOA bronetransportyorlarining yangi partiyasini oladi, deya qo‘shimcha qildi Robles.

Kanada hukumati Kiyevga 8000 ta artilleriya o‘qlari, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yuboradi, deb xabar berdi Ottavadagi Mudofaa vazirligi. Bundan tashqari, Daniya, Germaniya va Niderlandiya tomonidan Ukrainaga topshirilgan Leopard 1 jangovar tanklari uchun 105 mm kalibrli 1800 dan ortiq o‘quv snaryadlari taqdim etiladi. Kanada avvalroq Ukrainaga 8 ta Leopard 2 tankini taqdim etishini e’lon qilgan va Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshidan beri Ukrainaga 1 milliard Kanada dollaridan ortiq (730 million AQSh dollari) harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olgan.

Shu kuni Daniya hukumati joriy yilda Ukrainaga harbiy va humanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etishini ma’lum qildi.Qirollik hukumati parlamentning keng qo‘llab-quvvatlashi bilan Ukraina uchun jamg‘arma yaratish qaroriga kelishib oldi. Uning umumiy summasi 7 milliard Daniya kronini (taxminan 940 million yevro) tashkil etadi. «Bundan tashqari, 2022 va 2023 yillarda berilgan harbiy xayriya yordamlari bilan bog‘liq harbiy texnikalarni almashtirish xarajatlarini qoplash uchun 2024-2027 yillarda mablag‘ ajratiladi», — deyiladi xabarda.

Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov «Ramshtayn» uchrashuvi natijalarini dalda beruvchi deb baholadi va «havo hujumidan mudofaa, o‘q-dorilar ta’minoti, o‘qitish va «zirhli musht» shakllanishiga ishora qildi. U Twitter'dagi bayonotida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinga, shuningdek, «Kremlga qarshi koalitsiyadagi do‘stlar»ga «ajoyib yetakchilik», Ukrainani g‘alabagacha qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid