Jahon | 12:07 / 20.03.2023
10160
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya «yadroviy javob zarbasi» bo‘yicha mashqlar o‘tkazdi

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya va AQShning qo‘shma manyovrlari fonida raketalar uchirish va harbiy mashqlarni davom ettirmoqda.

Foto: Picture Alliance

Shimoliy Koreyada ikki kunlik harbiy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi, unda mamlakat armiyasi «yadroviy javob hujumi» amaliyotini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda 20 mart, dushanba kuni KXDR OAVlariga tayanib, AFP agentligi.

Mashqlar 18 va 19 mart kunlari bo‘lib o‘tdi. Manyovrlar davomida «soxta yadro kallagi bilan jihozlangan taktik ballistik raketaning uchirilishi» ham amalga oshirilgan. Janubiy Koreya Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR tomonidan uchirilgan qisqa masofali raketa dengizga qulagan.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In «tegishli tashkilotlarni taktik yadroviy zarba berish topshirig‘ini bajarish tartibi va jarayonlari bilan tanishtirish» maqsadida o‘tkazilgan mashg‘ulotdan mamnunligini bildirdi», — deyiladi davlat axborot agentligi xabarida.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR o‘quv mashg‘ulotlari so‘nggi haftadagi to‘rtinchi «kuch namoyishi» bo‘ldi hamda Janubiy Koreya va AQShning 13 martda boshlangan qo‘shma manyovrlari fonida bo‘lib o‘tdi. Ikki davlatning so‘nggi besh yildagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlari 23 martgacha davom etishi kutilmoqda.

«Ozodlik qalqoni» deb nomlangan mashqlar doirasida Vashington va Seul KXDR tomonidan ehtimoliy hujumni qaytarish ssenariylarini ishlab chiqmoqda. Pxenyan mashg‘ulotlarni Shimoliy Koreyaga bostirib kirishga tayyorgarlik sifatida ko‘radi va bir necha bor «kuchli javob» bilan tahdid qildi, deya eslatadi AFP. 17 mart kuni Shimoliy Koreya «Xvason-17» qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid