Jamiyat | 20:21 / 22.03.2023
40635
6 daqiqa o‘qiladi

Nomus mojarosi: ona qizining muallimini tegajog‘likda ayblab, tuhmat uchun jazolandi

So‘nggi vaqtlarda pedofiliya, ya’ni voyaga yetmagan qiz bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik voqealari tez-tez ro‘y berayotgani taassufli va bundan jamoatchilik ham xabar topmoqda.

Xususan, 2023 yil 31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 12 yashar qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topildi. Gumondor sifatida 29 yoshli erkak qamoqqa olindi. Shuningdek, 8 mart kuni Samarqandda ham 14 yoshli qizni o‘g‘irlab, shahar tashqarisiga olib chiqib ketayotgan shaxs aniqlanib, bu holatda ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlab kelgan erkak qamoqqa olindi.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol Kun.uz’ga qilgan murojaatida 6-sinf qiziga o‘qituvchisi tegajog‘lik qilgani haqida xabar bergan. Bu holatni yuqoridagi kabi voqealar ortidan yuzaga kelayotgan qo‘rquv yoki hushyorlik, deyish mumkin. Masala nozikligi tufayli voqea tumanning qaysi mahallasi va maktabida ro‘y berayotganini ochiqlamadik. Biroq xalq ta’limi va huquq-tartibot organlari ushbu voqeadan xabardor.

Holat yuzasidan muxbirlarimiz tumanda bo‘lib, ikki tomonning ham vaj va izohlarini o‘rgandi. O‘qituvchi biz bilan suhbatda ayol turli tashkilotlarga to‘xtovsiz murojaat qilayotgani faoliyatiga salbiy ta’sir qilayotgani, mavzu sudda ham ko‘rilganini aytmoqda.

Tegajog‘likda ayblanayotgan 6-sinf rahbari (erkak o‘qituvchi) bo‘lib o‘tgan voqeani shunday tushuntirdi:

«O‘quvchim dars qoldiravergani uchun ota-onasini chaqirtirdim. Ulardan farzandi nega maktabga kelmagani bo‘yicha tushuntirish xati berishlarini so‘radik. Shundan so‘ng, avvaliga onasi, keyin otasi maktabda janjal ko‘tardi. O‘quvchilar ko‘z o‘ngida yoqamdan oldi, haqoratladi.

Huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Bundan norozi bo‘lgan ota-ona «qizimga tegajog‘lik qildi», deb yozib berdi. Aslida, ular voqea yuz berdi deya iddao qilayotgan vaqtda men butunlay boshqa joyda bo‘lganman, buni sudda ham isbotlab berdim. Aybim — «o‘quvchi nega sababsiz maktabga kelmayapti, kelishini ta’minlang», deb talab qilganim. Ularda eskidan hech qanday adovatim yo‘q. Bu yoza-yozlar oilamga, ish faoliyatimga ham xalal beryapti», dedi ismini sir saqlashimizni iltimos qilgan o‘qituvchi.

Jinoiy ishlar bo‘yicha sud o‘qituvchining foydasiga qaror qabul qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol ikki yil avval — qizi 4-sinfda ta’lim olayotganda ham maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi qiziga tegajog‘lik qilgani haqida huquq-tartibot idoralariga ariza bergan ekan. Biz o‘sha o‘qituvchi bilan ham suhbatlashib, ikki yil avvalgi voqea yarashtiruv bilan yakun topganini bildik. Ikki o‘qituvchi ham muqaddam sudlanmagan va hamisha ta’lim sohasida ishlab kelgan.

Maktab rahbariyatiga ko‘ra, o‘quvchi dars qoldirgach, o‘qituvchi uning onasidan tushuntirish xati talab qilgan. O‘sha voqea o‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Mana, bir oydan oshibdiki, o‘quvchi maktabga kelmayapti. Maktab ma’muriyati esa uni qaytarish uchun hozircha biror chora-tadbir topa olmagan.

Maktabda qizimga zo‘ravonlik qilindi, degan ayol bilan ham suhbatlashdik. Ayol suhbat davomida qizi bir oydan beri maktabga bormayotgani va sirka ichib, shifoxonada ham davolanib chiqqanini aytmoqda.

«Qizim juda yaxshi o‘qirdi. Hozir esa ko‘chada sinfdoshlari, maktabga borayotgan tengdoshlarini ko‘rib o‘ksinyapti. O‘sha fan o‘qituvchisidan juda qo‘rqib qolgan, ko‘rishni istamayapti. O‘qituvchi maktabdan ketmas yoki boshqa fan o‘qituvchisi bilan almashtirilmas ekan, qizim maktabga bormaydi», – dedi ayol.

Qizning otasi o‘quvchilar ko‘z o‘ngida o‘qituvchini kelib haqoratlagani va yoqalashgani aytilmoqda. Shundan so‘ng, o‘qituvchi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, ish sudgacha borib yetgan. 2023 yil 10 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan ko‘rilgan ishda qizning otasi jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgani, ona esa o‘qituvchiga tuhmat qilgani uchun jarimaga tortilgan.

Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi onaning talabiga ko‘ra, qiziga dars berib kelgan o‘qituvchi boshqa fan o‘qituvchisi bilan darsi almashtirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, o‘rtada nizo kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holat — maktab rahbariyatining ota-onalardan tushuntirish xati talab qilishi noto‘g‘ri bo‘lgani aytildi. Bu haqda tuman xalq ta’limi bo‘limi maktablarga hech qanday topshiriq bermagan. O‘quvchi esa tez orada yana maktabga qatnashi mumkin.

Xulosa qilish mumkinki, maktabda harqalay o‘qituvchi va o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-ona o‘rtasida munosabat buzilgan. Pedagogik jamoa ota-onani ayblashdan nariga o‘tmayapti. O‘quvchi qizning sha’nini ikki tomon ham o‘ylamayapti. Ona esa farzandlari maktab va mahallada ruhiy bosimda qolayotganidan tashvishda. Bunday vaziyatda maktab psixologi, tumanning xotin-qizlar bo‘yicha mas’ullari oilaga ijtimoiy-ma’naviy ko‘mak bermas ekan, o‘rtadagi jarlik kengayib boraveradi. Eng yomoni, o‘smir yoshdagi o‘quvchilar o‘ziga zarar yetkazib qo‘yishi hech gap emas.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid