Jahon | 18:00 / 23.03.2023
33122
17 daqiqa o‘qiladi

Iroq kampaniyasiga 20 yil. Asosiy suratlar

20 yil muqaddam, 2003 yil 20 martida AQShning Iroqqa bosqini boshlangandi. Amerikalik harbiylar bu mamlakatda ikkita kampaniya o‘tkazishdi va bu yerni faqat 2021 yilga kelib to‘liq tark etishdi. 

2003 yil 21 mart. Bag‘dod. Iroqdagi amaliyotning dastlabki kunlarida koalitsiya harbiy havo kuchlari poytaxtni keng ko‘lamda bombardimon qiladi. Havo zarbalari hukumat binolari, muhim infratuzilma obektlari, shuningdek Saddam Husayn, uning oilasi va Iroq rahbariyati yashiringani taxmin qilingan bunkerlarga beriladi.
Foto: Jerome Delay / AP / Scanpix / LETA

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqqa bostirib kirganiga 20 yil bo‘ldi. Mazkur amaliyotning asosiy maqsadlari Saddam Husayn diktaturasini ag‘darish va Iroqda demokratik institutlar o‘rnatish bo‘lgandi.

Saddam Husayn hukumati bir oydan ko‘proq vaqt ichida ag‘dariladi: prezident kichik Jorj Bush 2003 yil 1 may kuni g‘alaba haqida e’lon qiladi.

2005 yil bahorida Iroqda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda so‘nggi yarim asrdagi ilk ko‘p partiyaviy parlament saylovlari o‘tkaziladi. 2006 yil mayida Iroqda Nuri Malikiy rahbarligidagi ilk muntazam hukumat ish boshlaydi.

Ammo isyonchilarga qarshi kurash uzoq davom etadi, faqat 2011 yil 15 dekabriga kelib AQSh Iroq harbiy kampaniyasi yakunlangani haqida rasman e’lon qiladi va Amerika kontingenti ushbu mamlakatdan olib chiqiladi. 2014 yilda esa AQSh armiyasi yana qaytadi — bu safar IShIDga qarshi kurash olib borish uchun. 

AQSh prezidenti Jo Bayden va Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy 2021 yil yozida amerikaliklarning Iroqdagi jangovar missiyasi butunlay yakunlangani haqida e’lon qilishadi.

  • So‘nggi 17 yil mobaynida Iroqda halok bo‘lganlarning aniq soni ma’lum emas — ammo, eng konservativ baholarga ko‘ra, Amerika harbiy amaliyotining dastlabki uch yilining o‘zida kamida 100 ming kishi qurbon bo‘lgan. To‘rt milliondan ortiq iroqlik o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. 2003 yildan 2011 yilga qadar koalitsiyaning 4799 nafar harbiy xizmatchisi o‘ldirilgan, shundan 4,4 mingdan ortig‘i amerikaliklar bo‘lgan. Iroq urushini yoritish bilan shug‘ullangan jurnalistlardan kamida 136 nafari halok bo‘lgan.

Quyida Amerikaning Iroqdagi ikki amaliyoti aks etgan asosiy fotosuratlar.

2003 yil 25 mart. Iroqning Karbalo shahri atrofidagi sahro. Iroqdagi amaliyotning ilk davrida quruqlikdagi harbiy harakatlarda AQSh armiyasining 3-piyodalar diviziyasi ham ishtirok etgandi. Iroq poytaxtidan taxminan 100 kilometr masofadan boshlangan zirhli texnikalar kolonnasi marshi ma’lum vaqt sahro bo‘roni tufayli to‘xtab qolgandi. 9 aprel kuni 3-piyodalar diviziyasi dengiz piyodalari bilan birga birinchilardan bo‘lib Bag‘dodga kiradi.
Foto: John Moore / AP / Scanpix / LETA
2003 yil 9 aprel. Bag‘dod. Poytaxt jangsiz egallanadi. Husaynning haykali ag‘darilishi mamlakatdagi hokimiyat almashuvi ramzi sifatida shu kuni butun dunyo telekanallarida namoyish etiladi. O‘shanda bir guruh iroqliklar butun dunyodan kelgan jurnalistlar yashaydigan mehmonxona qarshisidagi maydonga o‘rnatilgan haykalni ag‘darishga kirishadi, ammo yakunda uni traktor olib kelgan amerikalik harbiylar butkul qulatishga erishadi. Bu haykal Bag‘dodda Saddam Husaynga o‘rnatilgan eng asosiy yodgorlik emasdi, lekin u xorijlik jurnalistlar yashayotgan mehmonxona yaqinida joylashgandi va uning snos qilinishi amaliyotning ushbu fazasi ramziga aylanadi. 2003 yil aprelida Bag‘dodda ishlagan jurnalist Piter Maas shu kungi voqealar rivojini 2011 yilda The New Yorker nashrida chiqqan maqolasida batafsil tasvirlagan. 
Foto: Goran Tomasevic / Reuters / Scanpix / LETA
2003 yil 1 may. Tinch okeani. AQSh prezidenti Jorj Bush «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi palubasida nutq so‘zlamoqda. «Asosiy jangovar amaliyot yakunlandi, — deya e’lon qilgan Bush. — Qo‘shma Shtatlar va bizning ittifoqchilarimiz Iroq uchun jangda g‘olib chiqishdi». Bush Iroqda «hali ko‘p ish qilish kerakligi», ammo «hal qiluvchi palladan o‘tilgani»ni qo‘shimcha qiladi.
Foto: J. Scott Applewhite / AP / Scanpix / LETA
2003 yil 31 may. Al-Musayiba shahri atrofi, Iroq. Husayn boshqaruvi davrida o‘ldirilgan shialarning ommaviy qabridan eksgumatsiya qilingan jasad qoldiqlari. Al-Musayiba atrofidagi birodarlik qabristonida 650 dan ortiq kishi ko‘milgani ma’lum bo‘lgan.
Foto: Marco Di Lauro / Getty Images
2003 yil 16 sentabr. Tikrit, Iroq. Amerikalik harbiylar Husaynning saroylaridan birida beysbol o‘ynamoqda. Qarorgohning bir qismi talon-toroj qilingan, saqlanib qolgan hashamatli intererlar foto va videolari butun dunyo bo‘ylab matbuotda nashr etilgandi.
Foto: Arko Datta / Reuters / Scanpix / LETA
2003 yil 14 dekabr. Saddam Husayn koalitsiya qo‘shinlari Bag‘dodga kirganidan sakkiz oy o‘tib Tikrit atrofida qo‘lga olinadi. Eskirgan kiyimdagi, soch va soqollari o‘sib ketgan ko‘rinishdagi Iroqning sobiq prezidentini bir qarashda tanish qiyin edi. Husaynni insoniyatga qarshi ko‘plab jinoyatlarda, shia va kurdlarni yoppasiga qatl ettirishda, shuningdek 1990 yilda Kuvaytga hujum qilishda ayblashadi. Husayn va uning hukumatining qo‘lga tushgan a’zolariga qarshi ishni ko‘rib chiqqan tribunal 2005 yilda Iroq sobiq prezidentini o‘lim jazosiga hukm etadi. O‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan Husayn 2006 yil 30 dekabrida osib o‘ldiriladi.
Foto: US Military / AP / Scanpix / LETA
2004 yil 31 mart. Falluda, Iroq. AQSh hukumati bilan shartnoma asosida ishlagan Blackwater xususiy qo‘riqlov kompaniyasi xodimlari Fallujada isyonchilar tomonidan o‘ldiriladi; ularning jasadlari tahqirlanadi va Frot daryosi orqali o‘tgan ko‘prikka osib qo‘yiladi. Amerika harbiylari Blackwater xodimlari qatliga qat’iy javob qaytaradi va Falluja shturm qilib egallanadi. Qurbonlarning yaqinlari Blackwater kompaniyasini xodimlarni yetarli darajada tayyorlamasdan Fallujaga yuborishda ayblaydi. 2007 yil sentabrida Blackwater xodimlari Bag‘dod markazida otishma uyushtirib, tinch aholi vakillaridan 17 kishini o‘ldiradi va 20 ga yaqin kishini yaralaydi. O‘shanda Iroq hukumati Blackwater’ning mamlakatdagi faoliyati to‘xtatilishini talab qilib chiqadi.
Foto: Khalid Mohammed / AP / Scanpix / LETA
2003 yil 12 dekabr. Abu-Greyb qamoqxonasi mahbusi itga talatilmoqda. Abu-Greybda qiynoqlar qo‘llangani bo‘yicha 11 nafar harbiy xizmatchiga, jumladan ikki ayolga ayblov e’lon qilinadi. Ular bir necha oydan bir necha yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etiladi. Abu-Greybdagi barcha mahbuslar boshqa qamoqxonalarga ko‘chiriladi.
Foto: AP / Scanpix / LETA
2003 yil 4 noyabr. Abu-Greyb qamoqxonasi, Iroq. Husayn davrida qurilgan Abu-Greyb qamoqxonasida amerikalik harbiylar koalitsiyaga qarshi jinoyatlarda ayblangan mahbuslarni saqlashardi. 2004 yilda mahbuslarni qiynoqqa solib, tahqirlab kelishlari ma’lum bo‘ladi. Harbiylar qiynoqqa solish jarayonlarini suratga olishadi, o‘zlari ham tahqirlanayotgan odamlar fonida suratga tushishadi. Yuqoridagi suratda Abu-Greybdagi mahbuslardan biri Abdu Husseyn Saad Faloh aks etgan. Abu-Greybdagi qiynoqlar AQSh hududida va undan tashqarida ham ko‘plab tekshiruvlar olib borilishiga sabab bo‘ladi.
Foto: Criminal Investigation Command / U.S. Army / Wikimedia Commons
2004 yil 11 may. Abu-Greyb qamoqxonasi mahbuslarining yaqinlari. Abu-Greybdagi qiynoqlar haqida ma’lum bo‘lgach, bu yerda saqlanayotgan to‘rt yarim ming mahbusning barchasi boshqa qamoqxonalarga o‘tkaziladi. Bu foto muallifi, germaniyalik Anya Nidringaus boshqa fotograflar bilan birgalikda Iroqdagi urushni yoritgani uchun Pulitser mukofotini olgan. 2014 yilda u Afg‘onistonda halok bo‘ladi, uning avtomobili politsiyachi formasidagi terrorchi tomonidan o‘qqa tutilgandi.
Foto: Anja Niedringhaus / AP / Scanpix / LETA
2004 yil 8 avgust. Bag‘dod. «Mahdi armiyasi» a’zolari amerikaliklar vertolyoti dum qismi parragi bilan. Radikal shialar yetakchisi Muqtado as-Sadr boshqargan «Mahdi armiyasi» 2004 yilda bir necha oy mobaynida Bag‘dodning bir qismini nazorat qiladi. As-Sadrning tarafdorlari amerikaliklar vertolyotini urib tushirishganini da’vo qilishadi. Amerika qo‘mondonligi esa favqulodda qo‘nish ro‘y bergani, ikki uchuvchi ham omon qolgani va xavfsizlikda ekanini ma’lum qiladi.
Foto: Thaier Al-Sudani / Reuters / Scanpix / LETA
2004 yil 22 noyabr. Falluja, Iroq. Fallujaning shturm qilinishi amerikalik harbiylar Husayn rejimi ag‘darilganidan keyin o‘tkazgan eng yirik amaliyot bo‘ladi. Isyonchilar tayanchi bo‘lgan bu shaharning egallanishi yanvar oyida, Husaynsiz o‘tkaziladigan ilk saylovlar arafasida Iroqdagi vaziyatni barqarorlashtirishiga umid qilgandi. Ammo saylovlar ko‘p sonli teraktlar, jumladan xudkushlar hujumlari bilan kechadi; jangarilarning hujumlari yana uzoq yillar davom etadi.
Foto: Scott Peterson / Getty Images
2005 yil 23 fevral. Bag‘dod. Amerikalik harbiylar poytaxt atrofida patrullik qilmoqda. Iroq harbiylari va politsiyasini o‘qitish (keyinroq xavfsizlik nazoratini ularga topshirish uchun) Iroqdagi Amerika kontingentining kampaniya boshlanganidan keyingi dastlabki yillardagi asosiy vazifalaridan biri bo‘lgandi.
Foto: Joe Raedle / Getty Images
2005 yil 18 yanvar. Tal Afar, Iroq. Besh yoshli Samar Hassan — ota-onasi harbiylar tomonidan o‘ldirilganidan keyin. Ular tasodifan amerikaliklar patruli mashinasiga yaqinlashib kelgan va to‘xtash to‘g‘risidagi buyruqqa bo‘ysunmagan. Samarning 11 yoshli akasi og‘ir jarohatlanadi, uning tanasining pastki qismi falaj bo‘lib qoladi. Bolani AQShda davolashadi. Bu surat muallifi — amerikalik fotograf Kris Hondros — 2011 yilda Liviyada Amerika harbiylari ishtirok etgan boshqa bir kampaniya chog‘ida halok bo‘ladi. Bu kadr World Press Photo (2006) tanlovida «Tezkor yangiliklar» toifasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi.
Foto: Chris Hondros / Getty Images
2005 yil 30 yanvar. Basra, Iroq. Politsiyachi nogiron kishi saylov uchastkasiga kelgan eshak aravani tekshirmoqda. Saddam Husayn rejimi ag‘darilganidan keyin Iroqda o‘tkazilgan ilk saylovlar butun mamlakat bo‘ylab teraktlar seriyasi bilan birga kechadi, bu portlashlar oqibatida 20 dan ortiq kishi vafot etadi. Atef Hassan tomonidan olingan bu foto 2005 yilda Reuters talqiniga ko‘ra yil surati deb topiladi.
Foto: Atef Hassan / Reuters / Scanpix / LETA
2007 yil 1 fevral. Ramadi, Iroq. Mamlakat g‘arbidagi Ramadi shahri koalitsiya qo‘shinlariga qarshilik harakatining asosiy tayanch nuqtalaridan biri edi. Amerikalik harbiylar Ramadida isyonchilar bilan to‘qnashuvlarda juda ko‘p odam yo‘qotadi. Foto tungi ko‘rish vositasi yordamida olingan. Isyonchilarda esa bunday yuqori texnologik jihozlar bo‘lmagan.
Foto: John Moore / Getty Images
2007 yil 12 fevral. Bag‘dod. Poytaxtda avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi orqali amalga oshirilgan terakt joyi. Amerikaning Iroqdagi kampaniyasi davomidagi qurbonlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Turli hisoblash metodlariga ko‘ra, 2003–2006 yillarning o‘zida 110 mingdan 650 minggacha kishi halok bo‘lgan.
Foto: Khalid Mohammed / AP / Scanpix / LETA
2011 yil 13 dekabr. Bag‘dod. Iroq poytaxtida oyoq uchun protezlar ishlab chiqariladigan korxona. Harbiy harakatlar tufayli bunday protezlarga talab keskin oshadi. Iroq sog‘liqni saqlash tizimi koalitsiya operatsiyasi boshlangach amalda butunlay vayron bo‘lgandi — ko‘plab mutaxassislar mamlakatni tark etishgan yoki halok bo‘lishgan.
Foto: Mario Tama / Getty Images
2011 yil 21 noyabr. Bola va uning 2006–2008 yillarda sunniy va shialarning qurolli tuzilmalari o‘rtasida hukumat qo‘shinlari va koalitsiya kuchlari ishtirokida kechgan harbiy harakatlar chog‘ida qotillik sodir etishda ayblangan otasi. Bu yillarda Iroqda yana minglab kishilar halok bo‘lib, to‘rt milliondan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgandi.
Foto: Saad Shalash / Reuters / Scanpix / LETA
2015 yil 23 iyul. Bag‘dod. AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter iroqlik harbiylarni o‘qitish jarayonini kuzatmoqda. Qo‘shma Shtatlar bir necha bor Iroqdagi muhim vazifalardan biri — mahalliy harbiylar va politsiyachilarni mamlakat xavfsizligini mustaqil ta’minlay olishga tayyorlash hisoblanishini ma’lum qilgandi.
Foto: Carolyn Kaster / Getty Images
2014 yil 23 iyun. Mo‘sul, Iroq. IShID jangarilari hukumat kuchlaridan tortib olingan zirhli texnikada. IShIDning kuchayishi va ma’lum vaqt mobaynida Iroqning katta qismini o‘z nazoratiga olishi Amerika kontingentini ushbu mamlakatga qaytargandi.
Foto: AP / Scanpix / LETA
2017 yil 9 iyul. Koalitsiya aviatsiyasi Mo‘sulga yurishni havodan qo‘llab-quvvatlamoqda. Bunday aviazarbalardan biri oqibatida shaharda tinch aholi vakillari bo‘lgan 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Foto: Ahmad al-Rubaye / AFP / Scanpix / LETA
2017 yil 11 mart. Iroq harbiylari va IShID kuchlari o‘rtasida Mo‘sul uchun kechgan jang. Harbiy harakatlar 2016 yil 24 martidan 2017 yil 10 iyuliga qadar davom etadi. Yakunda Iroq qo‘shini va uning ittifoqchilari mamlakatning ikkinchi yirik shahrini nazoratiga qaytaradi. IShID Mo‘sulni 2014 yilda egallab olgan va bu yerni o‘z poytaxtiga aylantirgandi.
Foto: Thaier Al-Sudani / Reuters / Scanpix / LETA
2019 yil 31 dekabr. «Al-Hashd ash-Shaabi» («Xalq safarbarlik kuchlari») — Iroqda IShIDga qarshi kurashgan shialarning yirik ayirmachi guruhi a’zolarining AQShning Bag‘doddagi elchixonasi oldidagi norozilik aksiyasi. Aksiya Amerika samolyotlari ayirmachilar lageriga zarba yo‘llashi ortidan o‘tkazilgan.
Foto: Thaier al-Sudani / Reuters / Scanpix / LETA
2007 yil 27 may. Arlington milliy qabristoni, AQSh. Meri Makhyu qallig‘i — Iroqda qo‘lbola portlovchi qurilma harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lgan serjant Jyeyms Riganning qabri ustida. Rigan «60-uchastka»da — qabristonning Iroq va Afg‘onistonda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan qismida dafn etilgan. AQSh mudofaa vazirligiga ko‘ra, 2003 yildan 2013 yilga qadar Iroqda 4424 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Foto: John Moore / Getty Images
2021 yil 21 iyul. Najaf, Iroq. Shialar uchun muqaddas sanalgan Najaf shahridagi Vadi as-Salom qabristoni. Fotosuratda qabristonning harbiy harakatlar ishtirokchilari dafn etilgan hududi aks etgan. 2003 yildan qabriston maydoni sezilarli darajada kengaygan, jumladan IShIDga qarshi janglarda halok bo‘lganlarning qabrlari hisobiga ham. Amerika harbiy kontingenti IShIDga qarshi kurashdagi uch yillik tanaffusdan keyin 2014 yilda Iroqqa yana qaytariladi.
Foto: Ali Najafi / AFP / Scanpix / LETA
2021 yil 4 iyul. Mo‘sul. AQSh Iroqdagi kampaniyani yakunlashga tayyorlanmoqda.
Foto: Abdullah Rashid / Reuters / Scanpix / LETA

Mavzuga oid