Jahon | 09:20 / 30.03.2023
5212
2 daqiqa o‘qiladi

«FSIN» «Rostex»ga mahbuslar xizmatlarini taklif qildi

Davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar «FSIN»tashabbusini ko‘rib chiqadi. Mahkumlarni mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish mumkin, deb yozadi «Kommersant».

Foto: vedomosti.ru

Yanvar oyida Federal jazoni ijro etish xizmati rahbari Arkadiy Gostev «Rostex» bosh direktori Sergey Chemezovga maktub yo‘llab, unda mahkumlar mehnatini davlat korporatsiyasi ehtiyojlari uchun mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berishga jalb qilishni taklif etgan. Bu haqda 29 mart, chorshanba kuni «Kommersant» gazetasi xabar berdi.

Davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar «FSIN»ning taklifini ko‘rib chiqadi. Gazetaning «Rostex»dagi manbasi «[mahbuslar] ishchi kuchi raketalar yoki samolyotlarni yig‘ishda bevosita ishtirok etmasligini, biroq hamkorlik variantlari ko‘p sohalarda ishlab chiqilayotganini» aytdi.

Mahbuslar yuqori malaka talab qilmaydigan ishga jalb etilishi mumkin, deydi «Kommersant» suhbatlashgan ekspertlar. Masalan, ta’minot idishlari yoki maxsus kiyimlar yetkazib berish, obektlarni qurishda ishtirok etish. Mahkumlarning xizmatlaridan aviatsiya sanoati yoki telekommunikatsiya sohasida yakuniy mahsulot ishlab chiqarishda foydalanilishi dargumon. Ammo uskunaning tarkibiy qismlarini ishlab chiqarish uchun bunday ssenariy amalga oshishi ehtimoldan yiroq emas, ayollar mehnati ham talabga ega bo‘lishi mumkin.

2017 yilda birinchi marta «Rostex» «FSIN» bilan kelishilgan holda sud tomonidan ayblov hukmi chiqarilgan shaxslarni ish bilan ta’minlash niyatida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi «Uralvagonzavod» (UVZ)da bir qator ishchi mutaxassisliklari (tokarlar, frezerlar, burg‘ilovchilar, mexanik yig‘uvchilar va boshqalar) bo‘yicha 250 nafar mahkumni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan edi.

2022 yilda Adliya vazirligi mahkumlarni qurol saqlanadigan yoki ishlab chiqariladigan tashkilotlarda mehnatga jalb qilishni taqiqlovchi buyruq chiqardi, deb yozadi «Kommersant».

Mavzuga oid