Jahon | 12:17 / 03.04.2023
9455
3 daqiqa o‘qiladi

Armaniston Putinni Haaga orderi bo‘yicha hibsga olmaslikka va’da berdi

Armaniston hukumatining Putinni hibsga olish niyati ham, istagi ham yo‘q, dedi Yerevan parlamenti spikeri o‘rinbosari Arshakyan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Rim statutiga qo‘shilgani uchun Rossiya tomonidan bildirilgan tashvishga shunday javob qaytargan.

Akop Arshakyan

Armaniston hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinni mamlakatga kelganida Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi bo‘yicha hibsga olmaydi, deya va’da berdi 1 aprel kuni «Armenpress» agentligiga bergan intervyusida Armaniston parlamenti vitse-spikeri Akop Arshakyan. «Tabiiyki, hukmron partiya va jamoaning bunday niyati ham, istagi ham yo‘q», dedi u.

Arshakyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Yerevanning Rim statutiga qo‘shilish rejalarini qabul qilib bo‘lmas deb atagan Rossiyaning tashvishiga shunday javob qaytargan. Vitse-spiker Rim statutining ratifikatsiya qilinishi Putinning Armanistonga kelsa hibsga olinishini muqarrar qiladi degan fikrni rad etdi va variantlardan biri sifatida Rossiyaga Rim statutining Moskva va Yerevan ikki tomonlama munosabatlariga ta’sirini istisno qiluvchi alohida shartnoma imzolashni taklif qildi. 

«Yaqinda biz boshqa davlat bilan shartnoma imzoladik, unga ko‘ra, Rim statuti ikki tomonlama munosabatlarimizga ta’sir qilmaydi. Bunday kelishuv Rossiya bilan ham bo‘lishi mumkin. Lekin bu variantlardan biri, xolos. Boshqa variantlar ham bor. Bir narsa aniq: biz Rossiya tomonidan bildirilgan xavotirlarni eshitdik va o‘ylaymanki, Rim statuti bilan bog‘liq keyingi jarayonni ta’minlashda Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi strategik munosabatlarga putur yetkazmaslikni ta’minlay olamiz», — dedi Arshakyan. 

17 mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order berdi. XJS uni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishga aloqadorlikda gumon qilmoqda. Kreml Rossiya bu sudning yurisdiksiyasini tan olmasligini eslatib, XJS   qarorini «g‘azablantiradigan» deb atadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi orderning «muhim emas»ligini ma’lum qildi. Putinning o‘zi XJS   qaroriga izoh bermadi. 

24 mart kuni Armaniston Konstitutsiyaviy sudi Rim statuti mamlakat Asosiy qonuniga zid emasligi haqida qaror chiqardi. Endilikda Armaniston hukumati Rim statutini ratifikatsiya qilish uchun parlamentga taqdim etishi mumkin. Agar Yerevan nizomni ratifikatsiya qilsa, u holda hujjatga muvofiq, mamlakat rasmiylari Putin Armanistonga tashrif buyurgan taqdirda uni hibsga olishga majbur bo‘ladi. Rossiya TIV Yerevanni Armaniston Rim statutiga qo‘shilsa, bu ikki tomonlama munosabatlar uchun o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirgan.

Armanistonning ta’kidlashicha, Rim statutini ratifikatsiya qilish jarayoni 2022 yil oxirida, ya’ni XJS Putinni hibsga olish uchun order berguniga qadar boshlangan. Akop Arshakyan ta’kidlashicha, mamlakatning Rim statutiga qo‘shilish istagi Armanistonning Ozarboyjon rahbariyatini Tog‘li Qorabog‘dagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun Xalqaro jinoiy sud oldida javobgarlikka tortish niyati bilan bog‘liq.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid