O‘zbekiston | 16:38 / 03.04.2023
36714
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab yana kuchli yomg‘ir bo‘lishi kutilmoqda

O‘zbekiston bo‘ylab 3 aprel kuni kechki soatlarda jala yomg‘irlari kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» direktori Sherzod Habibullayev xabar berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 3 aprel kuni soat 20:00 dan 23:00 ga qadar jala yomg‘irlari bo‘lishi kutilmoqda.

Sherzod Habibullayevning xabar berishicha, faqat Nukus, Urganch va Andijon shaharlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

2 aprel, yakshanba kuni Toshkent shahrida momaqaldiroqlar kuzatilib, kuchli yomg‘ir yog‘gandi. Buning oqibatida ko‘chalarni suv bosdi, tunnellar va metro bekatlariga suv kirib ketdi. 

Avvalroq «O‘zgidromet» 3 aprel kuni kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot bergandi.
 
Toshkent shahrida havo o‘zgarib turadi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, do‘l yog‘ishi mumkin. Shamol sharqdan 5–10 metr/soniya tezlikda esadi, 12–14 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. 

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida havo o‘zgarib turadi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda qorga aylanishi mumkin. Shamol sharqdan 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. 

Mavzuga oid