O‘zbekiston | 18:21 / 03.04.2023
11555
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bankomatni o‘marmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Ular bankomat ichidagi 323 mln so‘m naqd pulni talon-toroj qilmoqchi bo‘lgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Samarqandda bankomatni o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgan 3 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 31 mart kuni tunda 3 nafar noma’lum shaxs yuzini tibbiy niqob bilan berkitgan holda, davlat raqam belgisi bo‘lmagan qora rangli Chevrolet Tracker avtomobilida «Turonbank» Samarqand viloyati filialiga tegishli bo‘lgan bankomatni o‘marmoqchi bo‘lgan.

Ular bankomatni elektr quvvatidan uzgan va buzish yo‘li bilan bankomat ichida bo‘lgan 323 mln so‘m naqd pulni yashirin ravishda talon-toroj qilmoqchi bo‘lgan.

Ammo bankomatning tarmoqdan uzilgani haqidagi signal ishga tushib ketgan. Natijada, Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Xizmat avtomashinasining ogohlantiruvchi tovushlarini eshitgan shaxslar zudlik bilan voqea joyidan yashiringan.

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlarining tezkor qidiruv-surishtiruvi natijasida ular qo‘lga olingani aytilmoqda.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Mavzuga oid