Jahon | 11:05 / 03.04.2023
3126
3 daqiqa o‘qiladi

«Svobodnyy universitet» Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi

Ushbu qadamga Rossiya Bosh prokuraturasining ta’lim muassasasini «nomaqbul tashkilot» deb tan olgan qarori sabab bo‘ldi. Universitet bilan keyingi hamkorlik o‘qituvchilar va talabalarga jinoiy javobgarlikka tortilish bilan tahdid qiladi.

Foto: Shutterstock

Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabining sobiq o‘qituvchilari tomonidan asos solingan «Svobodnyy universitet» internet universiteti Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda 2 aprel, yakshanba kuni universitetning Telegram-kanalida chop etilgan Ilmiy kengash bayonotida aytiladi.

Bayonotda ta’kidlanganidek, bu qadamga Rossiya Bosh prokuraturasining ta’lim muassasasini «nomaqbul tashkilot» deb tan olgan qarori sabab bo‘lgan. Ilmiy kengash talabalar va o‘qituvchilar xavfsizligi birinchi o‘rinda turishini ta’kidladi. Shu bilan birga, «Rossiya qonunlari fuqarolarni bunday tashkilotlarning har qanday «faoliyatida ishtirok etganlik» uchun jinoiy javobgarlikka tortishga imkon berishi aytilgan. Shu tariqa, hokimiyat mustaqil seminarlarda qatnashadigan va mustaqil akademik muhokamalar o‘tkazadigan o‘qituvchilar va talabalarni huquqbuzarlar deb e’lon qilishi mumkin», deyiladi bayonotda. Rossiya Jinoyat kodeksining 284.1-moddasiga muvofiq, Bosh prokuraturaning qaroridan so‘ng, universitet talabalari va xodimlari to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Ilmiy kengash «Bosh prokuraturaning universitet g‘oyasini mohiyatan qonunga zid qilib qo‘ygan xatti-harakatlarini konstitutsiyaga qarshi» deb hisoblashini ta’kidladi. Shunga qaramay, tashkilot o‘zining keyingi rivojlanishini Rossiya yurisdiksiyasidan tashqarida rejalashtirmoqda.

«Svobodnyy universitet» NNT Latviyada 2021 yilda ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ta’sischilari orasida Rossiya Jamoatchilik palatasining sobiq a’zosi, huquqshunos Yelena Lukyanova, filolog Gasan Huseynov, jurnalist Kirill Martinov bor. Bugungi kunga qadar universitet bilan 180 nafar o‘qituvchi hamkorlik qilgan, unda 2 mingga yaqin talaba tahsil oladi.

Rossiya Bosh prokuraturasi 31 mart kuni Latviya nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) - «Svobodnyy universitet» faoliyatini «nomaqbul» deb tan olishga qaror qildi. 

«Tashkilotga Latviya hududida yashovchi Rossiya fuqarolari, jumladan, Rossiyada tan olingan «chet el agentlari» tomonidan asos solinganligi aniqlandi», — deyiladi matbuot uchun xabarda. «O‘quv muassasasi professor-o‘qituvchilari tarkibi tomonidan Rossiyada ekstremistik deb e’tirof etilgan tashkilotlar faoliyati ommalashtirilmoqda», - deyiladi Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotida, ammo mahkama qaysi tashkilotlar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan. 

Uning NNTga qarshi yana bir da’vosiga ko‘ra, talabalarda go‘yoki «bir vaqtning o‘zida Yevropa demokratiyasining o‘ta liberal modelini o‘rnatish» bilan birga, Rossiyaga nisbatan «doimiy dushmanlik kayfiyati shakllantirilgan». 

Bosh prokuraturaning yozishicha, u «Svobodnyy universitet»ni «nomaqbul» tashkilot sifatida tan olish haqidagi qarori haqida Rossiya Adliya vazirligini xabardor qilgan. Vazirlik NNTni tegishli ro‘yxatga kiritadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid