Rossiya AQShga Alyaskani nega sotib yuborgandi?
XIX asrning 60-yillarida Rossiyaning chegaralari uchta qit’a bo‘ylab – Shimoliy Amerikagacha cho‘zilib ketgan, ularni nazorat qilish oson emasdi. O‘shanda Rossiya oldida ikkita – Alyaskani o‘z nazorati ostida ushlab qolish yoki Osiyodagi mavqeyini mustahkamlash tanlovi ro‘baro‘ bo‘ladi. Ruslar ikkinchisini tanlashadi va bundan 156 yil avval Alyaska AQShga sotiladi. Bugun ko‘pchilik rossiyaliklar Chor Rossiyasining ana shu qarori noto‘g‘ri bo‘lganini va Alyaska suvtekinga sotilganini aytadi.
1867 yil 30 mart. Vashington shahrida Rossiyaning AQShdagi elchisi boshchiligidagi rus delegatsiyasi va Amerika hukumati o‘rtasida shartnoma imzolanadi.
Shartnomaga ko‘ra, Shimoliy Amerikadagi 1,5 mln kilometr kvadrat maydonda joylashgan ulkan hudud bir necha mln dollar evaziga Rossiyadan AQSh tasarrufiga o‘tadi.
O‘shanda amerikaliklar ruslarga har bir kilometr kvadrat yer uchun arzimagan sentlarda haq to‘lashadi.
Garchi sotib yuborilganiga 150 yildan oshgan bo‘lsa-da, bugun aksariyat rossiyaliklar bir narsani afsus bilan eslashadi – Rossiya Alyaskani suvtekinga sotib yuborgan.
Alyaskaning qo‘ldan ketganiga afsuslanadiganlar va arzon sotib yuborilgan deydiganlar orasida oddiy fuqarolardan tortib, yuqori lavozimli davlat amaldorlarigacha bor.
Putin va uning yon atrofidagilar ham juda ko‘p marta Alyaskaning sotib yuborilishi haqida fikr bildirishgan va uni qaytarib olib bo‘lmasligini aytishgan.
Alyaskaning ruslar nazoratiga o‘tishi
Kolumb Amerikani kashf etganidan so‘ng G‘arbiy Yevropa davlatlari dunyoning turli hududlarini o‘z nazoratiga olish uchun raqobat olib borayotgan paytda Rossiya avvaliga Ural, so‘ng Sibirni egallaydi.
Keyingi navbatda ruslar Uzoq Sharqqa quruqlikdan va dengiz orqali ekspeditsiyalar yubora boshlashadi. Shu taxlitda XVIII asr boshlarigacha Uzoq Sharqning asosiy qismi nazoratga olinadi.
So‘ng Bering bo‘g‘ozidan o‘tib Shimoliy Amerikaga o‘tishadi. 1732 yilda Mixail Gvozdev va Ivan Fedorov boshchiligidagi ekspeditsiya Alyaskaga yetib boradi.
Keyinroq ruslar qit’a ichkarisiga kirib borishadi va juda katta hududga ega bo‘lishadi. O‘sha paytda ruslar 1,5 mln kvadrat kilometrdan ortiq hududni o‘z nazoratlariga olishga muvaffaq bo‘lishadi.
Alyaskaga avvaliga rus dengizchilari borgan bo‘lsa, keyinchalik oddiy aholi ham ko‘chib bora boshlaydi. Natijada ruslar tomonidan tiklangan bir qancha aholi manzillari paydo bo‘ladi.
1799 yilda Rossiya-Amerika kompaniyasi tashkil etiladi va Alyaska shu kompaniya yordamida boshqariladi. Bu kompaniya inglizlarning «Ost-Indiya» kompaniyasi kabi tuzilma bo‘lgan. O‘z ishlarini mustaqil tashkil etsa ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hukumatiga bo‘ysungan.
Alyaskani sotish rejasi
Masofaning juda uzoqligi va sovuq ob-havo Alyaskani o‘zlashtirishda qiyinchiliklar tug‘dirardi. Qolaversa, juda katta hududni nazorat qilish juda qiyin edi.
Alyaskani sotish masalasini ilk bor 1853 yilda Sharqiy Sibir general gubernatorligi rahbari graf Nikolay Muravyov-Amurskiy ko‘tarib chiqadi.
Uning fikriga ko‘ra Rossiya bir vaqtning o‘zida Alyaskani va Uzoq Sharqdagi yerlarni nazorat qilish qiyin edi. Shu sababli graf Alyaskani AQShga sotib yuborib, Uzoq Sharqdagi hududlarni britaniyaliklardan asrab qolish kerak deb hisoblaydi.
1853 yilda turklar bilan Qrim urushi boshlanadi. Rossiya o‘zining barcha harbiy resurslarini shu urushga yo‘naltiradi. Graf bunday sharoitda Rossiya Alyaskani nazoratida ushlab qololmaydi deb hisoblagan.
O‘sha paytda britaniyaliklar Shimoliy Amerikada ham ruslarga asosiy raqobatchi bo‘layotgandi. Ular Kanadaning katta qismini nazorat qilar va to‘xtovsiz ravishda o‘z hududini shimolga, Alyaskaga qarab kengaytirib kelayotgandi.
Shu uchun ruslar Alyaskani Britaniyaning asosiy dushmani bo‘lgan AQShga sotishni reja qilishadi. Shuningdek, AQSh qit’a shimoli o‘zining asosiy raqobatchisi britaniyaliklar nazoratiga o‘tib ketmasligi uchun har narsaga tayyor edi.
1860-yillar boshida Britaniya floti Rossiya-Amerika kompaniyasi kemalariga hujum qila boshlaydi. Shundan so‘ng RAK San-Fransiskoda tashkil etilgan Rossiya-Amerika savdo kompaniyasi bilan soxta bitim imzolaydi va o‘z kemalarini uning tarkibiga o‘tkazadi.
Shundan so‘ng RAK kemalari Amerika bayrog‘i ostida erkin suza boshlaydi va britaniyaliklarning tajovuzlari to‘xtaydi. Biroq RAK o‘z kemalarining erkin suzishi uchun Alyaska va AQSh o‘rtasidagi eksport-import ishlarini Rossiya-Amerika savdo kompaniyasiga topshirishga majbur bo‘ladi.
Shundan so‘ng Alyaskaga AQShlik savdogarlar kirib kela boshlaydi. Tarixchilarning fikricha, ana shu kelishuv Rossiyaning Alyaskadagi mavqeyiga jiddiy zarar yetkazadi.
Alyaskaning sotilishi
Alyaskani sotish haqidagi ilk rasmiy taklif 1857 yil bahorda Rossiyaning AQShdagi elchisi baron Eduard Stekl tomonidan bildiriladi. O‘sha yili knyaz Konstantin Nikolayevich (imperator Aleksandr II ning ukasi) Rossiya tashqi ishlar vazirligiga xat bilan chiqib, Alyaskani sotish bo‘yicha AQShliklar bilan muzokara o‘tkazishni taklif etadi.
TIV rahbari A. Gorchakov bu taklifni qo‘llab-quvvatlaydi va Eduard Stekldan amerikaliklarning «ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rish»ni so‘raydi.
Vashingtondagilar bu masalani muhokama qilishga rozi bo‘lishadi. Biroq Rossiya tomoni savdolarni 1862 yilgacha to‘xtatib turishga qaror qiladi. Undan keyin AQShda fuqarolar urushi boshlanadi va Alyaskani sotib olishi masalasi bir muddat o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
1865 yilda fuqarolar urushida shimol g‘alaba qozonadi va AQShning birligi saqlab qolinadi. Shundan so‘ng Alyaska masalasi yana kun tartibiga chiqadi.
1866 yil 16 dekabr kuni imperator Aleksandr II, uning ukasi knyaz Konstantin, Rossiya moliya va dengiz vazirliklari, Rossiyaning AQShdagi elchisi Eduard Stekl qatnashgan yig‘ilishda Alyaskaning AQShga sotilishi uzil-kesil tasdiqlanadi.
Moliya vazirining taklifi bilan kelishuv summasi 5 mln dollardan kam bo‘lmasligi kerak edi. 1866 yil 22 dekabr kuni imperator Aleksandr II sotiladigan hududning chegaralarini tasdiqlab beradi.
1867 yil mart oyining boshlarida Eduard Stekl Vashingtonga qaytadi va AQSh davlat kotibi Uilyam Syuardga Rossiya tomoni savdoga tayyorligini va sotiladigan hududning o‘lchamini ma’lum qiladi.
AQShning Alyaskani sotib olmoqchi bo‘layotgani Amerikada ayrimlar tomonidan tanqid qilinadi. Gazetalarda «bir uyum muz uchun millionlab dollar to‘lash, pulni havoga sovurish bilan teng» degan mazmunda maqolalar e’lon qilinadi.
Rossiyada esa teskarisi bo‘ladi. Aksariyat ziyolilar Rossiya imperatori va hukumatini «Qimmatli yerni suvtekinga sotib yuborayotganlikda» ayblab chiqishadi.
1867 yil 18 mart kuni prezident Endryu Jonson rasmiy ravishda AQSh davlat kotibi Syuardga Rossiya bilan Alyaskaning sotilishi bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun vakolat beradi.
Eduard Stekl va Syuard o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda AQSh Rossiya tomoni taklif etgan hudud uchun 7,2 mln dollar to‘lashiga kelishiladi.
Alyaskaning sotilishi haqidagi shartnomani imzolash marosimi 1867 yil 30 mart kuni Vashington shahrida bo‘lib o‘tadi. Shartnoma matni o‘sha paytda xalqaro tillar deb tan olingan ingliz va fransuz tillarida yozilgan edi.
Shartnomada uni har ikki davlat rahbari imzolab, parlamentlar ratifikatsiya qilgach kuchga kirishi haqidagi band bor edi.
1867 yil 3 may kuni imperator Aleksandr II shartnomani imzolaydi. O‘sha yili 6 oktyabr kuni Rossiya hukumati senati shartnomani ratifikatsiya qiladi.
Shuningdek, AQSh tomoni ham shartnomani ratifikatsiya qiladi va shu tariqa Alyaska AQSh egaligiga o‘tadi.
Shartnomaga ko‘ra AQSh Alyaskadan tashqari Britaniya Kolumbiyasining g‘arbiy qirg‘oqlarini va Tinch okeanidagi ko‘plab orollar va arxipelaglarni oladi.
Sotilgan hududning umumiy maydoni 1 mln 519 ming kilometr kvadrat edi. AQShliklar har bir kilometr kvadrat maydon uchun 4 dollar 73 sentdan to‘lashadi (1 gektar yer uchun 4,7 sentdan to‘lanadi).
Alyaska AQShliklar uchun juda arzonga tushadi. Masalan, ular avvalroq XIX asrning boshida dollarning oltinga teng qiymati ancha baland bo‘lgan kezlarda Fransiyadan 2,1 mln kilometr kvadrat hududni 15 mln dollarga sotib olishgan.
O‘shanda amerikaliklar fransuzlarga har bir gektar yer uchun 7 sentdan (Alyaskadagi yerning bahosidan qariyb ikki barobar ko‘proq) to‘lashadi.
Shartnomaning ikkinchi bandiga ko‘ra, ulkan yer maydoni bilan birga AQShga rossiyaliklar tomonidan tiklangan barcha inshootlar ham o‘tadi. AQShliklar har ehtimolga qarshi Alyaskada saqlangan turli hujjatlardan iborat arxivni ham o‘zlarida saqlab qolishadi.
Alyaskani topshirish marosimi
Har ikki tomon shartnomani ratifikatsiya qilgach, 1867 yil 18 oktyabr kuni Alyaskani amerikaliklarga topshirish marosimi o‘tkaziladi. AQSh delegatsiyasi dengiz orqali yetib boradi.
Rossiya tomonidan Alyaskaning topshirilishi haqidagi hujjatni maxsus hukumat komissiyasi komissari kapitan A.Peshchurov imzolaydi. Marosim Alyaskadagi ruslar tomonidan tiklangan Yangi-Arxangelsk shaharchasida gubernatorining uyida o‘tkaziladi.
Marosim so‘ngida ustunga o‘rnatilgan Rossiya bayrog‘i tushirilib, o‘rniga AQSh bayrog‘i ko‘tariladi. Shundan so‘ng ruslar barcha ma’muriy binolarni va portlarni amerikaliklarga topshirib chiqib ketishadi. AQSh Alyaskani nazorat qilish uchun armiyasi bo‘linmalarini yuboradi.
1868 yilda Rossiya-Amerika kompaniyasi tugatiladi. Alyaska AQShga o‘tgach yashovchi ruslarning bir qismi Rossiyaga qaytadi. Boshqalari esa yashab qoladi.
Keyinchalik ingliz tilida so‘zlashuvchilar ko‘paygandan so‘ng ruslar ular bilan chatishib ketadi va aralash nikohdan tug‘ilganlar kreollar deb ataladi.
1917 yildan buyon AQShda har yil 18 oktyabr Alyaska kuni sifatida nishonlanadi.
Xazinaga boy hudud
AQSh Alyaskani sotib olgach u yerga amerikaliklar ko‘chib bora boshlaydi. Ko‘p o‘tmay Alyaskadan neft, oltin va boshqa foydali qazilmalarning juda katta konlari topiladi.
Alyaskada ilk oltin konlari 1986 yilda Klondayk daryosiga kelib quyiladigan Bonanza soyida topiladi va juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.
Shundan so‘ng bu yerga Kanada va AQShdan ko‘plab odamlar kelishadi va oltin qazib ola boshlashadi. Bir necha yilda bu hududga o‘n minglab odam keladi.
Oltin vasvasasi 10 yildan oshiqroq davom etadi va bu muddat ichida Alyaskadan 1000 tonnadan ko‘proq oltin qazib olinadi.
Rossiyalik akademik Vladimir Obruchevning keltirishicha, birgina 1915 yilda amerikaliklar Alyaskadan qazib olingan oltinning hisobidan 200 mln dollar foyda olishgan.
Keyinchalik AQShliklar Alyaskada shaharlar barpo etishadi. Avtomobil yo‘llari hamda temiryo‘l tarmoqlari quriladi. Shu tariqa XIX asrning oxirroqlarida ham ancha qoloq bo‘lgan Alyaska XX asrning birinchi yarmida birmuncha rivojlanadi.
Alyaska ijaraga berilganmi?
Keyingi yillarda Rossiya ommaviy axborot vositalarida Alyaskaning 99 yilga ijaraga berilganini, AQSh uni 1966 yilda qaytarib berishi lozimligi haqida tez-tez yozib, gapirib turishadi.
Alyaskaning ijaraga berilgani haqidagi gaplar SSSR davrida bo‘lmagan, asosan ittifoq parchalanib ketgach urchidi. Biroq bu gaplarda mutlaqo asos yo‘q. Alyaska AQShga ijaraga berilmagan. Rossiya imperiyasi tomonidan narxlanib, tomonlarning o‘zaro roziligi va kelishuvi bilan butunlay sotib yuborilgan.
Agar Alyaskaning ijaraga berilgani haqidagi gapda asos bo‘lganda har sohada AQShliklar bilan raqobat qilishga uringan sovetlar o‘sha paytlardayoq da’vo bilan chiqishardi.
Bundan tashqari, Rossiya AQSh bilan shartnomada ko‘rsatilgan oltinni olmagan, u «Orkney» barjasida Angliyadan olib ketilayotganda cho‘kib ketgan degan afsona ham mavjud.
Ammo Rossiya davlat arxivida 1868 yilning ikkinchi yarmida Moliya vazirligi tomonidan tuzilgan hujjat mavjud.
Hujjatda yozilishicha, AQShga berilgan Rossiyaning Shimoliy Amerikadagi mulklari uchun ushbu davlatdan 11 mln 362 ming 481 rubl olingan. Undan 10 mln 972 ming 238 rubl Kursk—Kiyev, Ryazan—Kozlovskaya, Moskva—Ryazan va boshqa temiryo‘llarni qurish uchun xorijdan turli materiallar sotib olishga sarflangan. Qolgan 390 ming 243 rubl naqd pulda olingan.
Hozirgi Alyaska
AQShliklar sotib olgandan so‘ng hudud avvaliga Alyaska okrugi deb nomlanadi. 1912 yildan boshlab «Alyaska hududi» deb o‘zgartiriladi. 1959 yil 3 yanvar kuni Alyaskaga shtat maqomi beriladi.
Alyaskaning hududi 1 mln 717 ming 854 kilometr kvadrat bo‘lib, bu yerda hozir 750 ming atrofida aholi bor. Bu yerda aholi zichligi juda past ko‘rsatkichda bo‘lib, 2 kilometr kvadratga bor-yo‘g‘i bir kishi to‘g‘ri keladi.
Alyaskada ilk neft konlari topilganiga 100 yildan oshgan bo‘lsa-da, bu yerda hamon yangidan yangi konlar topilmoqda. Jumladan, 2017 yilda Ispaniya neft kompaniyasi Alyaskada 1,2 milliard barrel neft zaxirasi bo‘lgan yangi yirik kon topganini e’lon qilgandi.
1972 yilda o‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra Alyaskada maxsus fond tuzilgan. Alaska Permanent Fund Corporation deb ataluvchi bu fondga neft qazib olishdan tushadigan foydaning bir qismi to‘plab boriladi va Alyaskaning doimiy aholisiga hissa ajratiladi.
Bugun Alyaska AQShda oltin va neft qazib olish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. AQShda qazib olinayotgan neftning 20 foizi Alyaska hissasiga to‘g‘ri keladi. Prudo-Bey neft koni nafaqat AQShdagi, balki dunyodagi yirik konlardan biri hisoblanadi. AQShda aniqlangan neft zaxiralarining 8 foizi aynan shu yerda joylashgan.
Shuningdek, dunyodagi rux zaxirasining 10 foizi Alyaskada. Bundan tashqari, kumush, qo‘rg‘oshin va boshqa foydali qazilma boyliklarining juda katta zaxirasi aniqlangan.
So‘nggi yillarda Alyaskada sayyohlik rivojlanmoqda. Bu yerga har yili nafaqat AQShning boshqa hududlaridan, balki dunyoning turli mamlakatlaridan ham millionlab sayyohlar kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Alyaskaning yalpi ichki mahsuloti hajmi 40 milliard dollardan oshadi. YaIMni jon boshiga hisoblaganda 60 ming dollardan to‘g‘ri keladi.
Alyaska haqida qiziqarli ma’lumotlar
- Alyaska so‘zi aleut tilidan tarjima qilinganda «Buyuk yer» degan ma’noni anglatadi;
- Rossiya va Alyaska o‘rtasidagi eng qisqa masofa 3,5 kilometrni tashkil etadi. Bering bo‘g‘ozida joylashgan Ratmanov oroli Rossiyaga, undan biroz narida joylashgan Diomed oroli esa Alyaskaga tegishli;
- Alyaska Amerika qit’asi shimolida joylashgani uchun u yerda yilning asosiy qismida sovuq havo hukmronlik qiladi. 1971 yilda bu yerda - 62 daraja sovuq qayd etilgan;
- Alyaskaning ma’muriy markazi Juna shahriga quruqlikdan yo‘l yo‘q. Unga faqat dengiz va havo orqali yetib borish mumkin;
- Alyaskada 3 milliondan oshiqroq ko‘l, yuz mingdan oshiq muzlik, uch mingdan oshiq daryo, 70 ga yaqin harakatdagi vulqon bor;
- Alyaska hududidan 1 300 kilometr uzunlikdagi yirik neft quvuri o‘tgan. U Shimoliy muz okeaniga yaqin hududdan boshlanib, Alyaska bo‘g‘ozidagi portlargacha boradi. Bu quvurdan soatiga 10,5 ming kubometr neft o‘tadi;
- Alyaska aholisi 22 ta tilda gaplashadi. Ular orasida hindularning atapaski, xayda, tlinkit, simshian, eskimos va aleut qabilalari so‘zlashadigan tillar ham bor;
- Alyaskani uch tomondan Shimoliy muz okeani va Tinch okeani suvlari o‘rab turadi;
- Alyaskaning bayrog‘i dizaynini 13 yoshli bola o‘ylab topgan. Unda to‘q ko‘k rang fonida Katta Ayiq yulduzlar turkumi va Qutb yulduzi tasvirlangan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024