Jahon | 10:15 / 07.04.2023
3713
2 daqiqa o‘qiladi

ANSA: Berluskoni oqqonga chalingani uchun kimyoterapiyadan o‘tmoqda

Silvio Berluskoni kasalxonaga yotqizildi, uning oldiga bolalari yetib keldi, deb yozadi Reuters. ANSA ma’lumotlariga ko‘ra, Italiya sobiq bosh vaziri kimyoterapiya olmoqda va uning ahvoli barqaror.

Foto: EPA

Italiya sobiq bosh vaziri, 86 yoshli Silvio Berluskoni leykemiya (oqqon) bilan kasallangan. Bu haqda 6 aprel, payshanba kuni manbaga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. Ma’lumotni Corriere della Sera gazetasi tasdiqladi.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, u Milan provinsiyasidagi San Raffaele kasalxonasida va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u pnevmoniyaning qaytalanishi bilan bog‘liq nafas olishda muammolarga duch kelgan, deya xabar berdi Corriere della Sera.

Reuters, o‘z navbatida, siyosatchi kardiologiya bo‘limida ekanligini yozdi.

Berluskoni vakillari hozircha tashxis bo‘yicha rasmiy tasdiq javobini taqdim etmagan.

Italiyaning ANSA axborot agentligi xabar berishicha, Berluskoni kimyoterapiyani boshlagan, davolashning birinchi kursi 5 aprel kuni shifoxonada o‘tkazilgan. Vazirlar mahkamasi sobiq rahbarining ahvoli barqarorligicha qolmoqda, deya qo‘shimcha qildi agentlik.

Silvio Berluskonining farzandlari – qizi Mariya va o‘g‘li Luiji shifoxonaga 6 aprel kuni yetib kelgan, biroq kiraverishda kutib turgan jurnalistlar va suratga olish guruhlari bilan gaplashmagan.

Silvio Berluskonining Forza Italia ("Olg‘a, Italiya") partiyasi Italiya bosh vaziri Jorja Meloni o‘ng qanot koalitsiyasiga kiradi, biroq uning o‘zi hukumat tarkibida emas.

Italiya bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani RAI davlat televideniyesiga shifokorlar bilan gaplashganini aytdi: «Bugun ertalab men professor Alberto Dzangrillo (bosh vazirning shaxsiy shifokori) bilan gaplashdim va u menga Berluskoni tunni tinch o‘tkazganini, ahvoli barqaror ekanini bildirdi».

Berluskonining Forza Italia'dagi uzoq yillik safdoshi Tayani Berluskoni sog‘lig‘ida bir qator muammolar borligini eslatdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid