Jamiyat | 19:21 / 08.04.2023
47240
4 daqiqa o‘qiladi

ACTIVIST loyihasi muallifi 15 sutkaga qamab qo‘yildi

ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov o‘z videolaridan birida bir qator brendlarning yogurt mahsulotlari tarkibida karmin moddasi borligi uchun ularni iste’mol qilmaslik kerak deyishi ortidan, “diniy adovat qo‘zg‘atuvchi material” tarqatishda ayblanib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Foto: SUBeKTIV

Savdo qoidalariga rioya etilishini nazorat qilib, bu boradagi videolari bilan tanilgan, YouTube'da 500 mingdan ortiq obunachiga ega ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.

U 5 aprel kuni loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylangan videoda kamida 6 xil brendga tegishli yogurt mahsulotlari harom ekani, chunki tarkibida rang berish uchun ishlatiladigan karmin (Ye-120) moddasi borligini aytgan.

8 aprel kuni loyihaning Telegram-kanalida Hojiakbar Nosirov shu video uchun 15 sutkaga qamalgani ma’lum qilindi. Postda Shayxontohur tumani IIB xodimlari “bosim ostida” material to‘plashgani, sud jarayoni “bor-yo‘g‘i 3 daqiqa” davom etgani aytiladi.

“Yurtimizda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar olib borilayotgan, so‘z erkinligi ta’minlanishi nazarda tutilayotgan gap-so‘z va’dalar qayerda? Biz ushbu holat yuzidan tegishli organlardan munosabat kutamiz. Hojiakbar ishlatgan aynan qaysi so‘z yoki kontent diniy ekstremizmga aloqador ekanini isbotlab berishlarini so‘raymiz”, – deyiladi postda.

Loyihaning kanalida, shuningdek, Hojiakbar Nosirovning ichki ishlarga chaqirilishidan oldin yozib olingan videosi ham joylandi. “Agar bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, men sizlarning va prezidentimizning ko‘magiga ishonaman”, – degan u murojaatda.

Toshkent shahar IIBB bayonotiga ko‘ra, 26 yoshli bloger yogurtlar tarkibida karmin moddasi mavjudligi sababli ularni iste’mol qilish mumkin emasligi haqidagi fikrlarini “tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda” bildirgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa, alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati sub’yekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi”, – deyiladi poytaxt IIBB axborotida.

Boshqarma Hojiakbar Nosirovga nisbatan MJtKning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi blogerga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda SUBeKTIV loyihasi Hojiakbar Nosirov bilan intervyu e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid