O‘zbekiston | 11:51 / 09.04.2023
15892
4 daqiqa o‘qiladi

Tashabbusli budjet:  Ko‘mirchi mahallasi to‘rtinchi marta loyiha g‘olibi

Oltiariq tumanining Ko‘mirchi mahallasi aholisi to‘rt mavsumki “Tashabbusli budjet” loyihasida g‘olib bo‘lib, qishloq sharoitini yaxshilashga harakat qilishmoqda. Ko‘mirchiliklar bu mavsumda ham g‘alabani o‘zgacha nishonlashdi.

1,6 trln so‘m mablag‘ni o‘z ichiga olgan “Tashabbusli budjet” loyihasining 2023 yil 1-mavsumi yakunlandi. 18 mart soat 10:00 dan 7 aprel soat 10:00 ga qadar davom etgan jarayonda O‘zbekiston bo‘ylab “Openbudjet” portali orqali 33 680 ta tashabbus uchun 16 milliondan ortiq ovoz berildi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, 1 666 ta loyiha g‘olib deb topilgan.

Loyihaning joriy yilgi 1-mavsumida Farg‘ona viloyatidan 133 ta loyiha g‘olib deb topilib, unga jami 148 755 000 000 so‘m mablag‘ ajratildi. Oltiariq tumanining Ko‘mirchi mahallasi ham bu yil yana g‘oliblar safidan joy olgan.

“Mahallamizda 3 677 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shu kungacha tashabbusli budjetning uchta bosqichida mahallaning jami 5,5 km ichki yo‘llari asfaltlandi. Bu to‘rtinchi g‘oliblikda yana 2,7 km masofadagi ko‘chalar asfalt bo‘ladi. “Tashabbusli budjet” loyihasi tashkil etilgandan beri mahallamiz to‘rtinchi marta g‘olib bo‘lishi.

Salimjon Shukurov. Ko‘mirchi mahallasi raisi

Navbati bilan ko‘chalar asfaltlashtirilyapti. Bu safar ham 11 385 ta ovoz yig‘ib, Oltiariq tumani bo‘yicha 1-o‘rinni egalladik. 1 mlrd 200 million so‘m mablag‘ ajratildi. Yosh-u qari hamjihatlikda ovoz yig‘ildi.

Keyingi mavsumda ham g‘olib bo‘lib 2,5 km ko‘chani asfalt qilish rejasi bor. Har galgidek bu safar ham g‘olib bo‘lganimizni o‘zgacha nishonladik”,– deydi Ko‘mirchi mahallasi raisi Salimjon Shukurov.

Mahalla faoli Tohirjon Tojiyev yosh-u qari g‘alabani o‘zgacha nishonlashgani haqida so‘zladi.

Tohirjon Tojiyev

“Tashabbusli budjet” loyihasi mahalla obodonchiligi yo‘lida xizmat qilmoqda. Ikkinchidan, loyiha mahalla ahlini jipslashtiryapti. Ko‘mirchiliklar yoshlarimiz uyushqoqligi bilan har yili loyiha g‘olibiga aylanishyapti. O‘tgan mavsumda abgor yo‘llarimizning ko‘p qismi obod bo‘ldi.

O‘tgan yilgi loyihada asfaltlangan yo‘l

To‘rtinchi marta g‘olib bo‘lsak, qishlog‘imizda abgor ko‘cha qolmaydi degan niyat bilan astoydil harakat qildik va buning uchun tinimsiz ovoz to‘pladik. G‘alabani nishonlash ham o‘zgacha bo‘ldi. Faollarimiz mashinalarga chiqib olib, xursandchilik bilan butun qishloqni aylanib chiqishdi.  Karnay-surnaylar bilan g‘oliblikni nishonladik”, – deydi u.

Ilhom Bozorov

“Kuni kecha ham saharlikni qilib bo‘lib ovoz yig‘gani chiqqan edik. Soat 10:00 da loyihada g‘olib bo‘lganimiz haqida xabar keldi. Avtomashinalarga bayroqlar bilan chiqib qishloq aylandik.

Quvonchimiz ichimizga sig‘may karnay-surnaylar sadosi bilan g‘alabani nishonladik. Bu albatta ovoz yig‘ish uchun tinimsiz sa’y-harakatimizning natijasi edi”, – deydi Ilhom Bozorov.

Bekzod Madaliyev
Avazbek Zikriyoyev

Hokim yordamchisi Bekzod Madaliyev va mahalla faollaridan biri Avazbek Zikriyoyevga ko‘ra, mahalla ko‘chalari 30 yildan beri asfalt ko‘rmagan.

Bog‘cha tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilarining ta’lim dargohiga qatnashlarida yo‘llar abgorligi qiyinchilik tug‘dirib kelgan.

Sarvar Ziyoyev,
Rixsitilla Shermuhammedov

Mavzuga oid