Jahon | 23:15 / 13.04.2023
32314
3 daqiqa o‘qiladi

Terrorizmda gumon qilingan uch o‘zbekistonlik Indoneziya immigratsiya xizmati xodimini o‘ldirdi 

Ular tergov izolyatoridan qochishga muvaffaq bo‘lgan, ammo keyinchalik qo‘lga olingan. 

Foto: Divisi Humas Polri

11 aprel kuni terrorizmda gumon qilingan uch nafar o‘zbekistonlik immigratsiya xizmati xodimini o‘ldirib, Shimoliy Jakartadagi tergov izolyatoridan qochib ketdi. Bu haqda Indoneziya politsiyasiga tayanib, Jakarta Globe xabar berdi. 

Keyinroq bir gumondor Santer daryosida o‘lik holda topilgan, yana ikki kishi turli joylarda hibsga olingan. 

Hujum dushanba kuni tongda, Shimoliy Jakartadagi Immigratsiya hibsxonasida amaldorlar va qo‘riqchilar saharlik qilish uchun taom tayyorlayotgan paytda sodir bo‘lgan. 

Aksilterror guruhi vakili Asvin Siregar so‘zlariga ko‘ra, mahbuslar immigratsiya xizmati xodimi Adi Vidodoni oshxona pichog‘i bilan o‘ldirgan va yana uch kishini og‘ir yaralagan. 

Hujum qilganlar 24 mart kuni aksilterror guruhi tomonidan «Katiba Tavhid val Jihod» xalqaro terrorchilik tarmog‘iga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan 26-40 yoshli to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. 

«Ulardan uchtasi qochishga muvaffaq bo‘ldi, ammo bir gumondor qochishdan bosh tortdi», dedi Asvin. 

Republika nashri xabariga ko‘ra, ularning ismi sharifi – Bexzod Anorbek o‘g‘li Baytoyev, Olimjon Muxtor o‘g‘li Maxmudov, Murodjon Ibroximjon o‘g‘li Raximov va Baxromjon Qobiljonovich Azizov. 

Qidiruv operatsiyasi natijasida gumonlanuvchilardan ikki nafari qo‘lga olingan. Bir nafari o‘zini Santer daryosiga tashlab, cho‘kib ketgan. 

Surishtiruv natijasida gumondorlar O‘zbekistonning Jakartadagi konsulligi xodimlari hibsxonaga borganidan keyin hujumni amalga oshirgani aniqlangan. 

«Ular o‘z mamlakatlaridagi qattiq jazodan qo‘rqib, deportatsiya qilinishni xohlamadilar», dedi Asvin.

Tirik qolgan uch gumondor Jakarta politsiyasi hibsxonasiga o‘tkazilgan, qotillik bo‘yicha tergov harakatlari boshlangan.

Mavzuga oid