Jamiyat | 00:35 / 15.04.2023
29188
3 daqiqa o‘qiladi

Shahrixonda ichki ishlar xodimlari va fuqarolar o‘rtasida nizo kelib chiqdi

Mojaroda ishtirok etgan uch nafar erkakka nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ayni paytda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, viloyat IIB xodimlarning fuqarolarga nisbatan kuch ishlatilishi qonunlarga qanchalik muvofiqligini tekshirmoqda. 

Foto: Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi

Internetda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolar o‘rtasida ro‘y bergan ziddiyatli holat tasvirlangan video tarqalgan. Videoda mahalladagi huquq-tartibot maskaniga boshqa fuqarolar kirib borganda ichkarida uch nafar ichki ishlar xodimi borligi, yerda esa bir kishi og‘riqdan ingrab yotgani ko‘rinadi.

Holat yuzasidan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati bayonot berdi

Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, 13 aprel kuni Shahrixon tumani IIB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektori Eshonqishloq mahallasida xizmat olib borayotgan vaqtida mahalla hududidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, ikki nafar 2006 va 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalarni transportning yukxonasida olib ketayotgan 19 yashar fuqaro boshqaruvidagi “Labo” rusumli avtomashinani to‘xtatgan.

Haydovchi bolalar yukxonadan tushib qolishi bilan voqea joyidan yashiringan. Shundan so‘ng hudud profilaktika inspektori Quruqsoy mahallasida joylashgan 25-sonli Huquq-tartibot maskaniga kelib, voyaga yetmagan bolalar bilan suhbatlashayotganlarida, u yerga “Labo” avtomashina haydovchisi, uning 31 yoshdagi akasi va 31 yoshdagi tanishi kelib, qoidabuzarlik bo‘yicha ma’muriy jarima rasmiylashtirmaslikni, avtomashina jarima maydoniga joylashtiriladigan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyatiga ziyon yetishini aytadi. 

Viloyat IIB bayonotida fuqarolar xodimlarning harakatlariga keskin qarshilik ko‘rsatgani, xizmat olib borayotgan xodimlarni haqorat qilib, ular bilan janjallashgani, xodimlardan biriga tan jarohati yetkazishgani ta’kidlanadi. Tibbiy tekshiruv xulosasiga ko‘ra, ichki ishlar xodimiga “Bosh yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, chap yelka ichki yuzasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘karishi, milk yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi”, u bilan yoqalashgan fuqaroga esa “Bo‘yin old qismida shilinma jarohati” tashxisi qo‘yilgan.

“Labo” avtomashina haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, mojaroda ishtirok etgan uch erkakka nisbatan MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ta’kidlanishicha, ayni paytda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Andijon viloyati IIB tomonidan tayinlangan xizmat tekshiruvi davomida xodimlarning fuqarolarga nisbatan kuch ishlatilishi qonunlarga qanchalik muvofiqligiga ham huquqiy baho beriladi. 

Mavzuga oid