Sudanda - yana davlat to‘ntarishiga urinish. Asosiy ma’lumotlar
Sudanda muntazam armiya va Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar ketmoqda. Poytaxt uzra qiruvchi samolyotlar uchgan.
15 mart kuni Sudan poytaxti Xartum shahrida otishma va portlashlar ovozlari eshitila boshlandi, shahar ustida harbiy aviatsiya (katta ehtimol bilan armiyaniki) harakatlandi. Shahar va mamlakatning boshqa muhim obektlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun Sudan muntazam armiyasi va harbiylashgan Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida jang ketmoqda. Qarama-qarshilik oqibatida allaqachon o‘nlab kishilar halok bo‘lgan.
Armiya general Abdulfattoh al-Burxon boshchiligidagi Sudan harbiy hukumatiga (Suveren kengash), Tezkor reaksiya kuchlari (RSF) — vitse-prezident, general Muhammad Hamdon Dagaloga bo‘ysunadi.
Fuqarolik boshqaruviga o‘tish rejasi doirasida Tezkor reaksiya kuchlari qurolli kuchlar tarkibiga kirishi ko‘zda tutilgandi, ammo generallar bu qachon ro‘y berishi bo‘yicha kelisha olishmadi, natijada bahs qurolli kurashga aylanib ketdi.
Harbiy harakatlar poytaxtning aholi yashash kvartallarida ham kechmoqda, bu hududlarda odamlar uylarida yashirinishiga to‘g‘ri kelmoqda.
RSF jangchilari tasdiqlashicha, ular mamlakatning kamida uchta aeroportini, shuningdek qator harbiy obektlar va prezidentlik saroyini egallashgan.
Ammo Sudan qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon Tezkor reaksiya kuchlarining ular prezidentlik saroyi, poytaxtdagi aeroport va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Al Jazeera telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida general al-Burxon aksincha armiya harbiylari vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini aytgan.
Ukrainlar samolyoti shikastlanishi
Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yildi, aeroport ham harbiy harakatlar zonasi ichida qoldi, bu yerga parvozlar to‘xtatildi. Ukraina nashrlari xabar qilishicha, harbiy harakatlar oqibatida ukrainlarning SkyUp loukosterining ushbu aeroportda turgan Boeing 737 samolyoti yonib ketgan.
Kompaniya matbuot xizmati feysbukdagi sahifasida «ayni vaqtda samolyot holati va shikastlanish darajasini aniq bilish imkonsizligi» aytilgan. «Mamlakatdagi 36 xodim ayni vaqtda xavfsiz joyda, ular bilan aloqa o‘rnatilgan», deya xabar bergan SkyUp.
Kompaniya izoh berishicha, SkyUp samolyotlari Sudanda Sun Air aviakompaniyasi bilan shartnoma bo‘yicha bo‘lib turgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, Ukraina bilan aviaqatnovlar yopiqligicha qolmoqda.
Reuters agentligi Sudan shifokorlari markaziy qo‘mitasiga tayanib bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy harakatlar oqibatida mamlakatda 56 kishi halok bo‘lgan, jumladan ikki kishi aeroportda, yana to‘rt kishi unga yondosh bo‘lgan hududda o‘ldirilgan. Shuningdek, 595 kishi yaralangan. Washington Post muxbiri Katarin Hureld tvitterdagi sahifasida yozishicha, halok bo‘lganlar orasida BMTning Darfurdagi oziq-ovqat dasturining uch xodimi ham bor.
Shuningdek, sudanlik askarlardan biri BBC Arab xizmati muxbiri Muhammad Usmonni kaltaklagani ham ma’lum. Bu Usmon yashaydigan Omdurman shahrida ro‘y bergan. Harbiylar muxbir Xartumdagi tahririyatga yo‘l olganida uning mashinasini to‘xtatishgan va mahalliy armiya shtabiga olib ketishgan. Bu yerda askarlardan biri uning boshining orqa qismiga zarba bergan.
Xartum aeroportiga yaqin hududda yashovchi mustaqil tadqiqotchi Nada Vanni BBC efirida erta tongda o‘q ovozlaridan uyg‘onib ketganini aytgan - nafaqat o‘qotar qurollardan, balki artilleriyadan ham o‘t ochilgan. «Bu og‘ir artilleriyaga ham, miltiq ovozlariga ham o‘xshardi. Avvaliga tutun, quyuq tutun ko‘rindi va og‘ir texnika harakatlanayotgani aniq eshitildi», degan u. U bilan suhbat vaqtida ham yaqin atrofda otishma va portlashlar bo‘layotgani eshitilib turardi.
Tiyilishga chaqiriqlar
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Sudanda harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. U tvitterdagi sahifasida ushbu mamlakatda bo‘layotgan hodisalardan chuqur qayg‘uda ekanini yozdi, shu bilan birga, Amerikaning Xartumdagi elchixonasining barcha xodimlari xavfsiz hududda ekanini qayd etdi.
«Biz barcha kuchlarni zudlik bilan zo‘ravonlikni to‘xtatib, mojaroning keskinlashuvi va qo‘shinlarning safarbar qilinishidan tiyilishga, yuzaga kelgan muammoni hal etish uchun tinch muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz», degan Blinken Katta yettilik davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Yaponiyada o‘tkaziladigan uchrashuviga yo‘l olishdan oldin.
Birlashgan Arab Amirliklari ham Sudandagi mojaro tomonlarini «vazminlik ko‘rsatish» hamda «keskinlikni kamaytirib, inqirozdan muloqot vositasida chiqish»ga chaqirdi. BAAning Xartumdagi elchixonasi mojaro qay tariqa rivojlanayotganini tashvish bilan kuzatib borayotganini qayd etib, yana bir bor yangi hukumatni shakllantirishda milliy kelishuvga erishish va muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish zarurligini eslatgan.
Amerikaning Xartumdagi elchisi Jon Godfri tvitterida otishmalar ovozidan uyg‘ongani va hozirda boshqa diplomatlar bilan birgalikda elchixonadagi boshpanada bo‘lib turganini aytgan. «Katta harbiy boshliqlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiraman», deya yozgan Godfri.
Sudanda nimalar bo‘lmoqda va to‘qnashuv nimadan kelib chiqdi?
Sudanda 2021 yilda harbiylar hokimiyatni egallagan va shu vaqtga qadar o‘z qo‘lida saqlab kelmoqda. Ular hokimiyatni fuqarolik hukumatiga topshirish niyatida ekanliklarini bildirib kelishadi, ammo Tezkor reaksiya kuchlarining mamlakat qurolli kuchlari tarkibiga kiritilishi uchun muhlat belgilash masalasi buni to‘xtatib turibdi. Tezkor reaksiya kuchlari 10 yillik muhlat belgilanishi kerakligini aytmoqda, armiyadagilar esa 2 yil yetarli deb hisoblamoqda.
General Burxon bu bahsga yechim topish uchun o‘zining nominal o‘rinbosari, general Dagalo bilan muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
G‘arb mamlakatlari va mintaqaviy yetakchilar ham shunga chaqirib kelmoqda.
2021 yilgi harbiy to‘ntarishga qadar ikki yarim yildan ortiq vaqt davomida mamlakatni harbiylar va siyosatchilar birgalikda boshqarib kelishgandi. Bu o‘tish davri hukumati avtoritar prezident Umar Bashir ag‘darilganidan keyin hokimiyatga kelgandi.
Bashir mamlakatni 30 yilga yaqin vaqt davomida (vaqti-vaqti bilan lavozimining nomlanishi o‘zgargan holda) boshqargan.
2009 yilda u Haagadagi Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish uchun order berilgan ilk amaldagi davlat rahbari bo‘lgandi (yaqinda Vladimir Putin bu borada ikkinchisi bo‘ldi). Keyinroq Haaga sudi uni asirga olish uchun ikkinchi orderni ham beradi: 2009 yilda - harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etish ayblovi bo‘yicha, 2010 - yilda genotsid ayblovi bo‘yicha.
Bu ayblovlar Sudan g‘arbidagi Darfur viloyatida arab bo‘lmagan aholining qirg‘in qilinishiga taalluqli. Bunday harakatlar Bashir tomonidan tuzilgan «Janjavid» guruhi tomonidan sodir etilgan. 2013 yilda «Janjavid» jangchilari 100 ming kishilik Tezkor reaksiya kuchlarining o‘zagini tashkil etishgan.
Bashir ag‘darilganidan keyin hibsga olingan va yangi hukumat uni Xalqaro jinoiy sudga topshirishga tayyorligini bildirgan, ammo hozirga qadar bu ro‘y bermadi.
Mavzuga oid
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
14:30 / 04.11.2024
Sudanda vabo epidemiyasi 852 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
20:57 / 31.10.2024
Sudanda 130 ayol jinsiy zo‘ravonlikdan qutulish uchun o‘z joniga qasd qildi
22:43 / 21.10.2024