Nepalda Fly Dubai samolyoti havoga ko‘tarilganidan so‘ng yong‘in chiqdi
Keyinchalik vaziyat barqarorlashdi va samolyot parvozni davom ettirdi.
24 aprel kuni Fly Dubai (BAA) kompaniyasining samolyoti Nepal poytaxti Katmandu shahri aeroportidan havoga ko‘tarilgan paytida favqulodda holat yuz berdi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, samolyotda yong‘in chiqqan. Ko‘plab guvohlar tushirgan videotasvirlarda samolyot dvigatelidan olov chiqayotganini ko‘rish mumkin.
«Fly Dubai samolyoti Katmandu aeroportidan havoga ko‘tarilayotganda yonib ketdi va aeroportga favqulodda qo‘nmoqchi bo‘ldi. O‘t o‘chirish mashinalari aeroportda», deb yozdi Ani agentligi.
The Kathmandu Post nashri Fly Dubai samolyoti mahalliy vaqt bilan 21:19 da (Toshkent vaqti bilan 22:04) havoga ko‘tarilgani va Katmandudan Dubayga uchayotgani, dvigateldagi nosozliklar tufayli favqulodda holat e’lon qilgani haqida xabar berdi.
Katmandu xalqaro aeroporti menejyeri Pratap Babu Tivari bergan ma’lumotga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay favqulodda holat e’lon qilgan. Biroq keyinroq ekipaj dispetcherlarga barcha ko‘rsatkichlar me’yorida ekanini aytib, parvozni davom ettirishga qaror qilgan.
Favqulodda qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida aeroport qisqa muddatga yopilgan, ammo keyinroq normal ish faoliyatini davom ettirgan.
Aviakompaniya vakili so‘zlariga ko‘ra, Fly Dubai samolyoti dvigateliga qush kirib ketgan, u «standart protsedurani bajargandan keyin» parvozni davom ettirgan.
Mavzuga oid
13:05 / 24.07.2024
Nepalda samolyot qulab tushdi. Kamida 18 kishi halok bo‘lgan
16:11 / 12.07.2024
Nepalda ko‘chki ikki avtobusni daryoga olib ketdi
09:51 / 06.01.2024
Nepal o‘z fuqarolariga Rossiya va Ukrainada ishlashga ruxsat bermayapti
14:42 / 07.12.2023