Jahon | 07:44 / 24.04.2023
5998
3 daqiqa o‘qiladi

SIPRI: Yevropada harbiy xarajatlarning keskin o‘sishi kuzatilmoqda

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Yevropada harbiy xarajatlarning 13 foizga oshishiga olib keldi – bu dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda ko‘proq. Dunyoda harbiy xarajatlarning umumiy miqdori rekord darajadagi 2,24 trillion dollarga yetdi.

Foto: AP

24 aprel, dushanba kuni e’lon qilingan Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, jami global harbiy xarajatlar ketma-ket sakkizinchi yil o‘sib, 2022 yilda 3,7 foizga oshib, rekord miqdorda 2,24 trillion dollarni tashkil qildi.

Shu bilan birga, eng keskin o‘sish Yevropa qit’asida sodir bo‘ldi, bu ko‘rsatkich yil davomida 13 foizga oshdi. Bu ko‘p jihatdan Rossiya va Ukrainaning urush uchun sarflagan xarajatlari, Yevropa davlatlarining Ukrainaga harbiy yordami va Rossiya tahdididan qo‘rqib, qit’aning ko‘plab davlatlari o‘z mudofaasiga sarflangan mablag‘lar ko‘payishi bilan bog‘liq, deydi ekspertlar.

O‘tgan yili G‘arbiy va Markaziy Yevropa davlatlarining harbiy xarajatlari 345 milliard dollarni tashkil qildi. Ular Sovuq urush oxiri - 1989 yilga hamda 2013 yilga nisbatan 30 foizga yuqori bo‘lgan. 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Yevropaning bir qancha davlatlari o‘z harbiy budjetlarini keskin oshirdi – Finlandiya (+36 foiz), Litva (+27 foiz), Shvetsiya (+12 foiz) va Polsha (+11 foiz). Qit’aning boshqa davlatlari, xususan Daniya, kelgusi o‘n yil ichida mudofaa xarajatlarini bosqichma-bosqich oshirish rejalarini e’lon qildi.

Rossiya agressiyasiga qarshi kurash Ukrainada harbiy xarajatlarning SIPRI tomonidan bir mamlakatda qayd etilgan eng yuqori yillik o‘sishiga olib keldi. 2022 yilda mamlakatda mudofaa sanoatini moliyalashtirish hajmi 44 milliard dollarga yetdi va 640 foizga o‘sdi. Buning va urushning mamlakat iqtisodiyotiga yetkazilgan zarari natijasida Ukrainaning harbiy yuki yalpi ichki mahsulotning 2021 yildagi 3,2 foizidan 34 foizigacha ko‘tarildi.

O‘tgan yili Rossiyaning harbiy xarajatlari, SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, 9,2 foizga o‘sib, qariyb 86,4 milliard dollarni va mamlakat yalpi ichki mahsulotining 4,1 foizini tashkil qildi (dunyoda AQSh va Xitoydan keyin uchinchi o‘rinda). Rossiya tomonidan 2022 yil oxirida e’lon qilingan raqamlar shuni ko‘rsatadiki, «milliy mudofaa xarajatlari» - davlat budjetining eng yirik harbiy xarajatlari moddasi nominal ko‘rinishda 2021 yilda tuzilgan budjet rejalaridan 34 foizga yuqori bo‘lgan. «Ukrainaga bostirib kirish Rossiyaga kutilganidan ancha qimmatga tushdi», dedi SIPRI harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish dasturi direktori Lyusi Bero-Sudro.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid